Boyzoqovning fidokorona xizmatlari nimada?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Payariq tumani kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Saydulla Boyzoqov o‘tgan yili Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi arafasida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Saydulla aka bilan ilk bor “Mahalla” jamg‘armasi Payariq tuman bo‘limi raisi vazifasida ishlab yurganida suhbatlashganman. Tumandagi mahallalar ishini takomillashtirish, mahallani shu hudud aholisining eng yaqin maslahatchisi, ko‘makchisiga aylantirish borasidagi ko‘p tashabbuslarini eshitganman, bunga guvoh ham bo‘lganman. Viloyat va tuman miqyosidagi tadbirlarda doim faol faxriylar qatorida bo‘lishi, ayniqsa, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarga jiddiy e’tibor qaratishi tufayli otaxonning bu boradagi fidokorona xizmatlari e’tirof etilibdi-da, deb o‘ylagan edim. Yaqinda u kishi bilan yana uchrashib, suhbatlashganimizdan keyin bu o‘yim biroz torroq bo‘lganini angladim.
Bolaligimiz “poshsholik” bo‘lmagan
– Bolaligimiz Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgani uchun hayotning ko‘p sinovlari, qiyinchiliklarini boshimizdan kechirganmiz, – dedi Saydulla Boyzoqov. – Ota-onamizga biz – besh farzandni yedirib-ichirish, kiyintirish oson bo‘lmagan. Buni bilganimiz uchun ham hozirgi bolalardek har xil hoyu-havasga berilmaganmiz, boriga qanoat, yo‘g‘iga sabr qilib yuraverganmiz. Qishlog‘imiz – Bo‘zqiyradagi boshlang‘ich maktabga qatnaganimizda aka-ukalarim bilan birga bitta kitob-daftar xaltasidan foydalanganmiz. Hatto oyoq kiyim ham bitta bo‘lgani uchun tushlikkacha akam, kunning ikkinchi yarmida men kiyganman. Hozirgi bolalarga bu haqda gapirsangiz ishonmaydi. Yoki akangning eski kiyimini kiyib tur desangiz, qovoq-tumshuq qilib oladi. Keyin qishlog‘imizdan besh-olti kilometr uzoq bo‘lgan tuman markazidagi maktabga kelib o‘qiganmiz. Yoz paytlarida yalangoyoq yurganmiz. 1956 yilda 10-sinfni bitirgach, akam Samarqandga olib bordi. Ishonasizmi, 17 yoshimda ilk bor Samarqandni ko‘rdim. Bo‘lmasa viloyat markazi Payariqdan juda olisda emas. O‘sha paytda sharoit shunaqa bo‘lgan-da. Bir sinfdosh do‘stim bilan Samarqand gidromelioratsiya texnikumiga hujjat topshirib, imtihonlardan o‘tdik va uch yil shu yerda o‘qidik.
Qorovullikdan boshlangan mehnat faoliyati
Texnikumni bitirgandan so‘ng Saydulla Boyzoqovga ishlash uchun Farg‘onaga yo‘llanma berishdi. G‘ayrati jo‘sh urib turgan yigit darrov yo‘l tadorigini ko‘ra boshladi. Payariqqa borib, ota-onasining duosini oldi. Ammo akasi “balki shu yerda ham ish topilar, tuman suv xo‘jaligi bo‘limiga bir borib ko‘rchi” deganidan so‘ng, shu idora eshigini qoqdi.
– Suv xo‘jaligi idorasiga borsam, rahbar yo‘q ekan, Davron Egamqulov degan bosh muhandis bilan ko‘rishdim, – deb gapida davom etadi Saydulla aka. – Taqdirni qarangki, endi mehnat faoliyatimni boshlayotganimda shu odamni menga ro‘baro‘ qildi. Keyinchalik ham bu inson mening hayotimda o‘ziga xos o‘rin tutib, ko‘p maslahatlar berdi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi. Hayotda ham, ishda ham ustozlik qildi. Maqsadimni aytganimdan so‘ng u kishi “sizday mutaxassislar kerak bizga, uka. Boshliqqa kiring, albatta ishga oladi” dedi. Keyin shu kuni kechgacha rahbarni kutib o‘tirdim. Uch-to‘rt soatlardan keyin boshliq – Yeletskiy degan kishi keldi. Oldiga kirib ish so‘rab kelganimni aytdim. “Bizda hozir katta mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni yo‘q-da. Gidropostda qorovul bo‘lib ishlaysanmi?” dedi. Ishlayman, dedim. Hayron bo‘lib, yana shu savolni berdi. Qat’iy javob berdim. Shu tarzda Poykanalining Omon gidropostiga buyruq chiqardi. Beklar degan dorg‘atda qorovul-nazoratchi sifatida ishlay boshladim. O‘sha paytlarda suv juda tanqis, ishni tartibli yo‘lga qo‘yish murakkab edi. Shuning uchun tunu kun ishlashga to‘g‘ri keldi. Zimmamga yuklatilgan vazifani bajarish uchun hamma qiyinchilikka chidadim.
Yeletskiy meni sinagan ekanmi yoki keyin ishonch paydo bo‘ldimi, bir yildan so‘ng, 1960 yilda meni tumandagi xo‘jaliklarning biriga gidrotexnik qilib ishga jo‘natdi. Bu kolxoz ham uyimizdan uzoq edi. Rais bitta velosiped olib berdi va bitta xona ham ajratdi. Shu yerda yotib, xo‘jalik yerlarini velosipedda aylanib kelaman. Ertalab soat beshdan tun yarmigacha dalama-dala yuraman. Xo‘jalikda odamlar bilan til topishish, suvchilaru brigadirlar bilan birga ishlashni o‘rgandim. Muhimi, rais doim qo‘llab-quvvatlab turdi, yordam berdi. Bu yerga ham endi moslashib, ishni yo‘lga qo‘yib olganimda meni tuman suv xo‘jaligi bo‘limiga qaytarishdi – Davron akaga yordamchi bo‘lib ishlay boshladim. Ana shu davrda Davron Egamqulov menga muhandislikni o‘rgatdi. Suv inshootlari qurilishi bilan shug‘ullandik. Soha ishini puxta o‘zlashtira boshladim.
Bu vaqtda yosh mutaxassisning harakatchan va tinib-tinchimasligi, o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi, halolligi tuman rahbarlari e’tiboriga tushgan, u haqda katta-kichik davralarda yaxshi fikrlar aytila boshlagan edi. Shuning uchun uni tumandagi xo‘jaliklararo qurilish korxonasiga bo‘lim boshlig‘i etib tayinlashdi. Oradan ikki yil o‘tib, shu korxona rahbari bo‘ldi.
29 yoshli rais
1968 yilda Saydulla Boyzoqovni tumandagi Oxunboboyev jamoa xo‘jaligi raisligiga qo‘yishdi. Yosh yigit bu katta vazifadan o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Rahbarlarning ishonchini oqlash, xalqning mehrini qozonish uchun tinim bilmay ishladi. O‘zini emas, elni o‘yladi. Mansabidan foydalanib, xo‘jalikdan nimadir olib uyiga tashimadi, o‘zi uchun uy-joy qurishga intilmadi. Halol-pok ishlashga harakat qildi.
– Suv xo‘jaligi, qurilish ishlaridan yaxshi xabardor bo‘lsam-da, dehqonchilik borasida yetarli tajribaga ega emasdim, – deb eslaydi o‘sha yillarni Saydulla aka. – Shuning uchun tajribali dehqonlar bilan maslahatlashib ishladim, ularning tajribasini o‘rgandim. Kolxoz idorasida deyarli o‘tirmasdim, doim dalada bo‘lardim. Shiyponda brigadir va agronomlar bilan kengashib, vazifalarni belgilab olardik. Kunimiz ham, tunimiz ham o‘sha yerlarda o‘tardi.
Bir kuni, yakshanba edi, ertalab dalalarni aylangach, bir idoraga ham kiray deb ishxonaga o‘tgandim, tumanning birinchi rahbari Abdulla Meliyevich ham kelib qoldi. Ancha vaqt suhbatlashdik. U kishi xo‘jalik ishlari bilan qiziqdi, rejalarni so‘radi. Tushlik vaqti bo‘lib qolgan edi. “Abdulla aka, vaqtingiz bo‘lsa, birga choy ichsak” deb taklif qildim.
“Mayli, birga tushlik qilamiz, lekin qayerda?” deb so‘radi u kishi sinovchan tikilib menga. Kolxoz idorasi oldida kichikroq oshxona bor edi, o‘sha yerdan ovqat olib kelishni mo‘ljallagandim. Lekin yakshanba kuni ular ishlamas ekan. Keyin yigitlar qayerdandir besh-o‘nta tuxum olib kelishdi. “Abdulla aka, oshxona bugun ishlamayotgan ekan, tuxum pishirsam bo‘ladimi?” deb so‘radim. “Bo‘ladi, yaxshilab piyoz bilan qovuring qani” dedi tumanning birinchi rahbari. Shu tarzda ikkalamiz idorada tuxum pishirib yeb tushlik qilgandik.
Abdulla aka ketayotganida “xo‘jalikda ish qanday ketayotganidan yaxshi xabardorman, bundan ko‘nglim to‘q. Lekin men sizning qanday yashayotganingiz, nima yeb, nima ichayotganingizni bilish uchun kelgandim” dedi. Keyin u kishi yana ko‘p maslahatlar berib, doim odamlar orasida bo‘lish kerakligini aytdi.
Rahbarlik – yuksak ishonch, mas’uliyat, xalq mehriga munosib bo‘lish
Saydulla Boyzoqov mehnat faoliyati davomida tumandagi bir qator xo‘jaliklarga, tuman, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalariga rahbarlik qilgan yillarida ham avvalo bildirilgan ishonchni oqlashga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga intildi.
1989 yildan boshlab olti yil davomida Payariq tumanini boshqargan paytlarida esa shu paytgacha orttirgan tajribasi, rahbarlik salohiyatini ishga solib, tuman iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga harakat qildi. Bu davrda hududda ko‘plab ijtimoiy soha ob’yektlari bunyod etildi. Yangi qishloqlar tashkil etildi, yo‘l va boshqa kommunikatsiya tizimlari qurildi. Keyin Saydulla aka ko‘p yillar “Mahalla” jamg‘armasi Payariq tuman bo‘limini boshqardi.
– Mehnat faoliyatimning asosiy qismi rahbarlik vazifalarida o‘tib shunga amin bo‘ldimki, insonni ulug‘laydigan, el ichida obro‘-e’tiborini yuksaltiradigan xislat faqat halol mehnat, elga xizmat qilish ekan, – deydi Saydulla Boyzoqov. – Qolgan hammasi – mansab ham, mol-davlat ham o‘tkinchi. Qaysidir lavozimda o‘tirganingizda yoki umuman, hech qanday mansabsiz ham kimgadir yaxshilik qilgan, qayernidir obod etgan bo‘lsangiz sizdan qoladigani, siz haqingizda aytiladigani shu ekan. Sakson yoshimda davlatimiz rahbarining e’tibori, e’tirofi tufayli “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganim ham bir umrlik mehnatlarimning mevasi bo‘ldi, deb bilaman.
Odamdan qoladigan yana bir iz – yaxshi farzandlar, ibratli oila ekan. Yaratganga shukr, mening peshonamga halol-pok insonlarning farzandi bo‘lish, oqila umr yo‘ldosh bilan hayot kechirish, ota-ona hamda elning duosini olishni birinchi o‘ringa qo‘yadigan bolalarga ota bo‘lishni yozgan ekan. Turmush o‘rtog‘im bilan sakkiz farzandni o‘stirib, jamiyatga xizmat qiladigan insonlar etib kamolga yetkazdik. Bugun ularning baxti, huzurini ko‘rib, hayotda beiz yashamayotganimizga shukr qilaman.
G‘olib Hasanov.