Bozorda “Men donorman” xayriya aksiyasi o‘tkazilyapti
Siyob dehqon bozori hududiga viloyat qon quyish markazining maxsus ko‘chma donorlik majmuasi o‘rnatilgan. Aksiya doirasida yurtdoshlarimiz beg‘araz donor sifatida qon topshirishmoqda.
- Hozirgi kunda viloyatimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi, - deydi markaz bosh shifokori o‘rinbosari Abdusalom Jalilov. - Sayyor donorlik sessiyalarini aholi uchun qulay joylarda, shu jumladan, dam olish va bayram kunlari, yirik savdo komplekslari, bozorlar va aholi gavjum bo‘lgan boshqa hududlarda tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu kabi aksiya viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazib kelinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, donorlikning organizmga hech qanday zarari bo‘lmaydi. Qon tomirlari tozalanadi. Olingan qon o‘rni 48 soat ichida yangilanadi. Qon bosimi me’yorlashadi.
Bundan tashqari, kerak bo‘lganda o‘z qoningizni topshirishingiz evaziga Sizga OITS, zahm va brutsellez, malyariya kasalliklari va gepatit “V”, “S” infeksiyalariga, bilirubin, ALT, AST kabi qimmat turuvchi tahlillari va qon guruhi hamda rezus omili tekshirilib natijalarini bepul olishingiz mumkin.
Qon topshirish bilan Siz inson hayotini saqlab qolishdek olijanob va sharafli vazifani ado etgan bo‘lasiz. Qon topshirish uchun fuqarolik pasporti bilan kelishingiz so‘raladi.
Bozorda “Men donorman” shiori ostida o‘tkazilayotgan xayriya aksiyasi ertaga ham davom etadi.