Bryusseldan Samarqandgacha

Lyayen va Koshta ekkan eman daraxti, sun’iy intellektda yaratilgan uch rahbarning osh ustidagi surati, mintaqalar bir-biridan nima kutyapti va “Yevropa jamoasi” Markaziy Osiyoga ajratgan sarmoya...
3-4 aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi”ning birinchi sammitida yuzlab jurnalist hamkasblarimiz qatorida ishtirok etdim. Kuzatuv va tassurotlarim bilan bo‘lishmoqchiman.
Bu, shubhasiz, tarixiy sammit. Chunki O‘zbekistonga, umuman Markaziy Osiyoga Bryusseldan bunday katta delegatsiya avval hech kelmagan. Bu sammit an’anaviy 5+1 emas, bu tushuntirib aytilganda, 5+27 davlat (Yevropa Ittifoqiga shuncha davlat a’zo) degani. Agar Yevropa Ittifoqi 6 ta siyosiy institut tomonidan boshqariladigan bo‘lsa, ularning eng asosiysi – Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi oliy delegatsiyasi sammitda ishtirok etdi. Yevrokengash bu mintaqaning siyosiy va strategik yo‘nalishlarini belgilaydigan, Yevropa rahbarlaridan tashkil topgan institut, Yevrokomissiya esa ijro hokimiyati, u yangi qonunlarni taklif etadi, umumiy manfaatlarni himoya qiladi. Shunday muhim anjumanda qatnashganimdan juda faxrlandim. Yevrokengash prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno Basso xonimdan intervyu olganimdan, Yevrokomissar Ursula fon der Lyayen brifingida ishtirok etganimdan xursand bo‘ldim.
Bu biz uchun ham katta tajriba bo‘ldi. Televideniye uchun reportaj qilish jarayonida “nima uchun Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga katta qiziqish bildirayapti” degan savolga turli tahlillar va manbalardan javob izlab ko‘rdim. Tvda efir vaqti chegaralangan va shuning uchun batafsilroq maqola orqali o‘ta shaxsiy fikrlarimni bayon qilmoqchiman.
Yevropa Ittifoqi ilk bor 2007 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun maxsus strategiya ishlab chiqqandi. Biroq bu o‘shanda u qadar ham kutilgan natijani bermadi. Bunga bir necha sabablar bor edi.
Birinchi sabab – umumiy yondashuv. 2007 yilgi Strategiya mintaqa davlatlarning o‘zaro farqlarini inobatga olmasdi. Tasavvur qiling, Qozog‘iston va Turkmaniston yoki o‘sha vaqtdagi O‘zbekistonning iqtisodiy modellari, tashqi siyosat yo‘nalishlari tubdan farq qilardi. Yevropa Ittifoqi bu davlatlarni bir xil yondashuvda ko‘rishga urindi.
Ikkinchidan, prioritetlar boshqa edi. Masalan, Yevropa Ittifoqi uchun inson huquqlari va demokratiya kabi masalalar ustuvor bo‘lsa, mintaqa davlatlari uchun xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik muhimroq edi. Shuning uchun ham yirik investitsiya loyihalarida yakdillikka erishish qiyin bo‘lardi.
Uchinchi sabab, Yevropa Ittifoqidan taklif kam edi. Qozog‘iston, O‘zbekiston va boshqa davlatlar uchun Rossiya, Xitoy va hatto AQSh ko‘proq investitsiya, infratuzilma va xavfsizlik loyihalarini taklif qilgan.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida Markaziy Osiyoga nisbatan yagona va qat’iy siyosiy yondashuv yo‘q edi, deylik G‘arbiy Yevropaning ayrim davlatlari, Germaniya, Fransiya kabilarda qiziqish bor, boshqalarda esa mintaqa strategik ustuvor bo‘lmagan.
Yana eng asosiysi, Markaziy Osiyoda 2016 yilgacha mintaqaviy birlik ruhi sezilmasdi, alohida mamlakatlarning o‘zaro chegara, suv, siyosiy rakurs bilan bog‘liq muammolari juda aniq ko‘zga tashlanardi. Yevropa Ittifoqi uchun alohida davlatning o‘zi bilan muloqot o‘rnatish, qulog‘iga nimanidir pichirlab ketish ko‘pam samara bermasdi.
2016 yildan boshlab mintaqa o‘zaro birlasha bordi, konstruktiv muloqot boshlandi, bordi-keldi kuchaydi. Bunda O‘zbekiston Prezidentining ta’siri, siyosiy irodasi katta bo‘lganini barcha e’tirof etadi va albatta Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchilari ham bu tashabbuslarni qo‘llagani tarixiy vaziyatni o‘zgartirdi.
2019 yilda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyani qabul qildi. 2023 yilda esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasi kelishib olindi. U siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, o‘zaro bog‘liqlik, energiya, iqlim hamda insonlar o‘rtasidagi aloqalarni o‘z ichiga oldi.
...Yevropa Ittifoqi bizdan nima kutyapti, bizga ular nima bera oladi?
Yevroittifoq dunyo siyosiy qutblaridan biri, u Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan Markaziy Osiyo mintaqasida Rossiya va Xitoyning ta’sirini muvozanatlashtirish maqsadida mintaqada aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. YeI ayrim yirik siyosiy o‘yinchilardan farqli ravishda bizning o‘zaro birlikdan manfaatdor. Buni sammitga tashrif buyurgan yevropaliklar ko‘p bor ta’kidlashdi. Ular uchun yagona do‘stlik tilida gaplashayotgan mintaqa bilan yirik loyihalar amalga oshirish imkoniyati ko‘payadi.
Markaziy Osiyo tabiiy gaz, neftga boy. Yevropa Ittifoqi uchun muqobil energiya manbailari juda ahamiyatli. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo dunyodagi marganets zaxiralarining 40 foiziga, shuningdek, litiy va grafitning katta zaxiralariga ega. To‘g‘risi, tabiiy resurslar haqida gap ketganda nafaqat siyosatchilar, balki oddiy odamlar ham jiddiy tortadi. Yevropa Ittifoqi boshqa narsani taklif etayotganini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen sammitda alohida ta’kidladi:
–Bu resurslar jahon o‘yinchilari uchun ham qiziqish uyg‘otadi, ularning aksariyati faqat qazib olish va eksport qilishdan manfaatdor. Yevropaning taklifi boshqacha. Biz mahalliy qayta ishlash sanoatini rivojlantirishda sizning hamkoringiz bo‘lishni istaymiz. Qo‘shilgan qiymat o‘z o‘rnida qolishi kerak, – dedi u.
Darvoqe, yetti farzandning onasi, “Yevropa onasi” degan ta’rif beriladigan va dunyo siyosatida katta karera qila olgan Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen xonim biz, jurnalistlarda samimiy, kamtar obrazda tasavvur qoldirdi. Uning bosib o‘tgan yo‘li oila va karera o‘rtasida ayol doim tanlov qilish kerak degan stereotipni sindiradi. U oliy ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodchi va shifokor. Siyosatda suyagi qotgan. Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel bilan yelkama-yelka ishlagan. Olti yil Germaniya mudofaa vaziri bo‘lgan. U yana Yevroittifoqning 2017-2027 yillar uchun Global Gateway investitsiya dasturi (300 milliard yevrolik) tashabbuskori ham. Diqqatli, samimiy ayolligi sezildi, Samarqand Kongress xoll bog‘iga eman daraxtini ekayotganida “Antonio (Yevrokengash prezidentiga qarata), keyingi kelganimizda daraxtdan xabar olamiz” dedi.
Yevrokomissar “Global darvoza” dasturi orqali Markaziy Osiyoda 4 ta soha bo‘yicha loyihalarga 12 milliard yevro ajratilishini ma’lum qildi. Transport – 3 milliard yevro, muhim minerallar – 2.5 milliard yevro, gidroenergetika va iqlim – 6.4 milliard yevro, sun’iy yo‘ldosh interneti – 100 million yevro.
Yana YeI uchun mintaqa Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo yo‘laklarining markazida joylashgan, o‘zaro yaxshi aloqalar ikkala mintaqaga ham transport va logistika imkoniyatlarini oshiradi. Yevropa Ittifoqi Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish uchun 10 milliard yevro beradigan bo‘ldi, bu Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi quruqlikdagi yo‘nalishni ikki barobarga, 15 kungacha qisqartiradi.
O‘ylashimcha, Yevroittifoq Markaziy Osiyoda sarmoya yotqizayotgan barcha loyihalar mintaqaviy xarakterga ega, masalan Qirg‘izistonda Qambarota GESi yoki Tojikistondagi Rog‘un GESida biz ham ishtirok etyapmiz va mintaqadagi energetik barqarorlik hammamizga kerak. Masalan, barchaga kerak bo‘lgan Transkaspiy transport yo‘lagi uchun Investitsiya forumi va Yevroittifoq va Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bu yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi, demak, Ursula xonim aytganidek, “eng yaxshilari hali oldinda.”
Sammit davomida odamlarning tarmoqlardagi reaksiyasini kuzatdim, geosiyosiy manzarada ko‘p qutbli, iqtisodiy diplomatiyaga asoslangan tashqi siyosat eng to‘g‘ri yo‘lligini jamoatchilik ham ko‘p aytyapti. O‘sha kuni bir foto tarqaldi: O‘zbekiston, Yevrokengash, Yevrokomissiya prezidentlari bir lagan osh atrofida o‘tirgan manzara. Aslida surat qaysidir azamat tomonidan sun’iy intellektda yaratilgan, lekin ko‘pchilik uni real foto deb ham o‘yladi, oshsiz biror tadbir o‘tmasligi aniqda chunki)) Odamlarimiz "osh diplomatiyasi" degan yangi atama ham o‘ylab topishdi.
Nima demoqchiman? Ko‘pning foydasini o‘ylab qilingan ish besamar ketmaydi. Faqat uni kimdir bo‘yniga olib boshlash kerak. Ikki kun Samarqandda yurib, O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyo integratsiyasini amalga oshirishda zimmasiga mas’uliyat olgani va uning hosili asta-sekin ko‘rina boshlaganini his qildim.
Aziza QURBONOVA,
O‘zA