BSK: Tadbirkorlik soyasidagi biznes(mi?)

“Yemagan somsaga pul to‘ladi”, degan maqol biz yashayotgan Baxtli hayot mahallasi aholisiga atab aytilgandek.

Zimmasidagi vazifasini bajarmayotgan boshqaruv servis kompaniyasi (BSK) chiqindini o‘z vaqtida olib ketish o‘rniga mahalla aholisini qarzdorlikda ayblab pul undirmoqda.

Qonunchiligimizga asosan BSKlar aholining 51 foizdan ortig‘ining roziligi bilan xizmat ko‘rsatishni boshlashi, dastlab bir yilga shartnoma tuzilishi, aholi BSKning xizmatidan qoniqsa shartnoma 2, ko‘pi bilan 3 yilga uzaytirilishi mumkinligi belgilangan. Lekin bu qoidalar chetda qolib “Nurli yo‘l 777” boshqaruv servis kompaniyasi qaysidir yo‘llar bilan mahallamizda xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi.

Aslida BSK aholiga 16 banddan iborat xizmat ko‘rsatishi belgilangan, lekin ular deyarli birortasini bajarmayapti: pod’yezdlarni ta’mirlash, ranglash, kanalizatsiya quvurlarini almashtirish, yo‘l va yo‘laklarni ta’mirlash, chiqindilarni vaqtida olib ketish, tungi chiroqlar sozligini ta’minlash, atrofni obodonlashtirish, bolalar maydonchasini soz holatda saqlash ham ularning vazifasiga kiradi. Lekin bu yumushlarning hammasini aholi o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Ko‘p qavatli uyning bitta pod’yezdida 25 ta xonadon bor, ular har oy pod’yezdlarni tozalagani uchun farroshga 30 ming so‘mdan pul to‘lashadi. Aslida ham BSKning vazifasiga kiradi.

Mahallamizda 950 ga yaqin xonadon, 23 ta ko‘p qavatli uy bor. Sifatli xizmat ko‘rsatmasdan, aholi bilan shartnoma tuzmasdan turib, odamlarni millionlab qarzdor qilib sud orqali undiryapti. Vaholanki, chiqindi uyga kirish yo‘laklari, lotoklar, yashil maydonlarda ham to‘planib qoladi, lekin BSK xodimi faqat “baklajka”ni olib ketadi. Chiqindi vaqtida olib ketilmaganidan, lotoklar tozalanmaganidan issiqda uy atrofida nafas olib bo‘lmay qolyapti. BSK uchun mahallada alohida xona ajratilgan bo‘lsa-da, rahbarlari bu yerda o‘tirmaydi, odamlar bilan uchrashmaydi, dardimizni tinglamaydi, xizmatni ham yaxshilamaydi, lekin qarzdorlikni oshiradi.

Mayli, sifatli xizmat ko‘rsatsin, to‘lovni o‘z vaqtida to‘laymiz yoki boshqa BSK xizmat ko‘rsatsin, ammo qilmagan ish uchun qarzdor bo‘lish, pul to‘lash, “Yemagan somsa”ga pul to‘lashdan boshqa narsa emas. Boshqacha aytganda, bu holat talonchilikning qonuniy yo‘li bo‘lyapti. Bunga barham beradigan tashkilot bormi?

Ahmadxon Siddiqov,
Elyor Jabborov,
Mehroj Qodirov,
Samarqand shahridagi Baxtli hayot mahallasi.