“Bu domla bizda ishlamaydi” deyish bilan tizimni o‘zgartirib bo‘ladimi?
Keyingi vaqtlarda oliy o‘quv yurtlarining qaysidir xodimi yoki oliygohlar bilan bog‘liq qandaydir jinoiy, korrupsion xatti-harakatlar haqida axborot berilsa, “Bu domla bizda ishlamaydi”, “Qabul komissiyasiga aloqasi yo‘q” qabilida raddiya berish, munosabat bildirish an’anaga aylandi.
Bunday axborotni ommaga oshkor qilayotganimizdan xafa bo‘layotganlarga aytmoqchimizki:
- ta’limning qaysi bo‘g‘ini bo‘lishidan qat’i nazar, undagi muammolar, kamchiliklarni ro‘y-rost ochiqlamaganimiz, sohaga tanqidiy yondashmaganimiz uchun ham tizimni shu holatga olib keldik;
- millatning kelajagi, istiqbolini belgilovchi ilm-fan, fundamental bilimlarni avlodlarimiz ongiga singdirish harakatida bo‘lish o‘rniga, sohaning ichkuyarlarini, fidoyilarini ezg‘iladik, ezgu nafasini “ichiga yuttirdik”.
Yana aytmoq istasak, gap ko‘p. Ammo oliygoh mutasaddilariga “Jamoangizdan chiqmagan bo‘lsa, raddiya bering”, “Ishlamasa, bizdan ketgan edi deb munosabat bildiring”, deyish bilan hech narsa o‘zgarmaydi.
Yana bir narsaga tushunmayapmiz, huquqni muhofaza qilish idoralari ham cho‘ponni olib kelib, “Sen falon oliygohning dotsenti, o‘qituvchisisan, falonchidan shuncha dollarni olayotganiningda qo‘lga tushding”, deb bir jinoyatni uning bo‘yniga “ilmayotgandir”. Qaysidir sobiq domlaning bugun oliygohda ishlamasa-da, ayni faoliyatda bo‘lgan muassasadagi kim bilandir aloqasi bordirki, shunday jinoyatga qul urgan...
Qolaversa, ikki-uch yil avval oliygohdan ishdan ketib, shartnomasi bekor bo‘lgan dotsent, fan doktori yoki professorning ilmiy darajasi yoki unvoni o‘zida saqlanib qoladiku?! Ishdan haydalganning ilmiy daraja va unvonlaridan ham ayrilgani holatini hozircha eshitmadik. Vaholanki, maqtovga to‘la material, yubiley yoki xotira maqolasiga, garchi, ular ayni paytda o‘sha yerda ishlamasa-da, falon institut, universitetning professori, dotsenti imzosi bilan material berilsa, hech kim e’tiroz bildirganini ham ko‘rmadik.
Xullas, ta’lim tizimi rivojiga to‘siq bo‘layotgan jinoyatlar, korrupsiya holatlarini yoritayotganimiz – bu mamlakatimiz ta’lim sifatini yaxshilashga hissa qo‘shish istagidan, soha taraqqiyotiga dog‘ bo‘layotgan illatlardan qutulishga intilayotganimizdan.
Siz ham buni to‘g‘ri tushuning. Ta’limdagi korrupsiyaga qarshi kurashishda "bu odam bizga aloqador emas", "bizda ishlamaydi", "bizdan ishdan ketgan", degan gaplar ketmaydi. Shu jamiyatda, shu yurtda yashayotgan ekanmiz, bunday holatlar hammamizga tegishli. Bunga qaysidir ma’noda, har birimiz sababchimiz. Bunday ta’magirlar tegirmoniga suv quyayotgan ham o‘zimiz.
Bas, shunday ekan, bunday holatlarga qarshi kurashishda o‘zimizni chetga tortmaylik!