Bu hafta issiq va quruq keladi: havo harorati 44 darajagacha ko‘tariladi
“O‘zgidromet”dan ma’lum qilishlaricha, bu hafta issiq va quruq keladi. Sababi, bu paytga kelib, quyosh shimoliy yarim sharning eng yuqori nuqtasiga ko‘tarilib, zaminni beayov qizdiradi. Bu davrda O‘rta Osiyo hududi, shu jumladan O‘zbekiston past bosimli yaqqol namoyon bo‘lmaydigan frontsiz maydonlar ta’sirida bo‘ladi. Qizigan cho‘llar ustida yuqori haroratli va tarkibida nam juda kam bo‘lgan kontinental tropik havo oqimlari shakllanadi.
Bu yozning o‘rtasida havoning kam bulutli, quruq va jazirama issiq bo‘lishini belgilaydi. Shu bois bu haftada va keyingi haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonda yoz avji uchun xos bo‘lgan issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
Havo harorati 8-10 iyul kunlari kunduzi 37-40 daraja, janubda va cho‘l zonalarida 42 darajagacha issiq bo‘ladi.
Keyinchalik issiqning kuchayishi kutilmoqda. Kechasi harorat 24-27 daraja atrofida, kunduzi 39-42 daraja, yurtimizning janubi va cho‘l hududlarida kechasi 30-32 daraja, kunduzi 43-44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Bu yoz o‘rtasi uchun o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 5-7 daraja yuqori demakdir.