Bu haqda bir yil oldin aytilgan edi: Mutasaddilar avtomobilsiz yurishda qachon namuna ko‘rsatadi?

Aksariyat tumanlarda salomatlik yo‘lagi va veloyo‘laklar qachon bitishi noma’lumligicha qolmoqda.
Vaholanki, pandemiya sharoitida chiqarilgan xulosa asosida bu borada davlat rahbarining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan. Unga ko‘ra, mehnat jamoalarida ishlayotgan xodimga bu vazifa yuklanib, unga uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama qo‘shilishi kerak edi.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida ham farmon ijrosi tahliliy-tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, korxona va tashkilotlarda sport targ‘ibotchilari joriy etildi. Bugungi kunda 1709 ta tashkilot va korxonalarda sport targ‘ibotchisi joriy etilgan. Lekin 1031 tasida ular faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Aksariyat hollarda sport targ‘ibotchilariga farmonda belgilangan ustamalar to‘lanmayapti.

Bundan tashqari, farmon talablariga ko‘ra, har bir korxona, tashkilot va barcha turdagi muassasalarda xodimlarning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishiga shart-sharoitlar yaratish belgilangan. Biroq bu vazifa ham amalda to‘liq bajarilmayapti.

Jumladan, Past Darg‘om tumani 3-sektorda joylashgan 68-maktab, 4-sektorda joylashgan 12-, 39-maktab o‘rganilganda sport zallariga qulf ilinib, mahalliy aholi va yoshlarni sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat berilmagani aniqlangan.

Yoki Oqdaryo tumanida pensiya jamg‘armasi, tuman g‘aznachilik bo‘limi, agroinspeksiya tuman bo‘limi rahbariyati tomonidan xodimlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar va moddiy texnik baza yaratilmagan. Ya’ni, xodimlar sport bilan shug‘ullanishlari uchun hech qanday imkoniyat yo‘q.

Narpay tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabining kalendar rejasi ishlab chiqilmagan hamda birorta tadbir o‘tkazilmagan.

Aholini piyoda va velosipedda yurishga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida salomatlik va velosiped yo‘laklarini tashkil etish joriy yil 1 sentyabrga qadar yakunlash lozim edi.

Bulung‘ur ("Ulug‘bek" MFY 1-sektor, "Guliston" MFY 2-sektor), Jomboy ("Toshkent" MFY 3-sektor), Paxtachi, Past Darg‘om, Payariq, Samarqand hamda Qo‘shrabot tumanlarida salomatlik va veloyo‘laklarni qurish ishlari yakunlanmagan. Yo‘laklarni zamonaviy, energotejamkor yoritish tizimlari hamda yo‘laklarda alohida harakatlanish imkoniyatlarini yaratish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “to‘siqsiz muhit” tashkil etilmagan.

Narpay tumanida yo‘laklarni qurish ishlari sifatsiz davom etayotgan bo‘lsa, Toyloq tumanida veloyo‘laklarda ko‘rsatkich belgilari o‘rnatilmagan.

Yig‘ilishda aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida sport turlari (yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” — mahalla (ko‘cha) fitnesi)bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy infratuzilma yaratish ishlari ham talab darajasida emasligi qayd etildi.

2020 yil 1 dekabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari birinchi rahbarlar va o‘rinbosarlariga «Shaxsiy namuna» tamoyili asosida tanlangan kunlarda (haftada kamida bir marta) xizmat avtomobillaridan foydalanmagan holda velosipedda yoki piyoda ishga kelishi va ketishi belgilangan.

Hokimlik yig‘ilishida bu vazifaga ham ayrim mutasaddilar panja orqasidan qarayotgani keskin tanqid qilindi. Muhokamalar so‘ngida Prezident farmoni ijrosini ta’minlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish belgilandi.