Bu yil Samarqandda aholini ish bilan ta’minlash uchun 10,9 ming gektar yer ajratiladi

Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlariga asosan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali aholiga berish, bu orqali bandlikni ta’minlash va qo‘shimcha mahsulot yetishtirish belgilangan.
- Bugungi kunda fermer va qishloq xo‘jaligi klasterlari hisobidan 24 ming 491 gektar yer maydoni “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali 73,6 mingdan ortiq aholiga ajratib berilgan, - deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Asliddin Mamatmusayev. - Agar 2022-2023 yillarda 16 ming 159 gektar yer maydoni 55 ming 157 nafar fuqaroga ajratilgan bo‘lsa, 2024 yilda 8332 gektar yer maydoni 18,4 ming nafardan ortiq yoshlarga eksportbop ekinlar yetishtirish maqsadida ajratilgan.
Bu, eng avvalo, yoshlar bandligini ta’minlaydi, yer holatini saqlash, yangi texnologiya va ishlanmalarni jalb qilish, mahsulot turlarini ko‘paytirish imkonini beradi. Bu yoshlarning o‘ziga ishonchini orttirish, ularda mulk hissini kuchaytirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Yerga o‘z mulki sifatida yondashilgan maydonlarda ball-bonitetning ortishi kuzatilgan. Bu, tabiiyki, hosildorlikni ko‘payishi va daromadning yuqori bo‘lishiga xizmat qiladi.
2024 yilda viloyat bo‘yicha ajratilgan 24 ming 491 gektar yer maydonining 987 gektar kartoshka, 594 gektar poliz, 6650 gektar dukkakli, 691 gektar moyli ekin, 15569 gektar sabzavot ekinlari ekildi. Bu yil esa viloyatimizda 10 ming 944 gektar yer maydoni dehqon xo‘jaliklari uchun ajratish rejalashtirilgan. Ushbu yer maydoni paxta, g‘alla va boshqa ekinlar, shuningdek, samarasiz bog‘ va uzumzorlarni qisqartirish hisobiga ajratilishi rejalashtirilgan.