“Bu yil Sochida dam olaman”, deydi 96 yoshli Berdirasul bobo

1945 yil 9 may. Elba daryosidan bir kilometr o‘ng tomonda Gitlerning qarorgohi, chapda bir qavatli binoning markaziga 50-60 metr balandlikka g‘alaba bayrog‘i o‘rnatib, ortga qaytdik. Tinchlik naqadar ulug‘ baxt ekanligini odamlarning yuz-ko‘zidagi quvonchdan anglab yetdim. Urush qiyinchiliklari bo‘lsa-da, har bir stansiyada keksayu yosh, ayollar qo‘llarida non, shirinliklar bilan bizlarni kutib olardi".

Ishtixon tumani Sheyxlarkenti mahallasida istiqomat qiluvchi Berdirasul bobo Aminov urushning achchiq xotiralarini aytarkan, beixtiyor ko‘zlarida yosh qalqidi. Qariyb bir asrlik umri davomida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishga intilib yashagan boboning so‘zlarida olam-olam hikmat mujassam. 3 o‘g‘il, 3 qiz, 24 nevara, 40 evarani yurtga sodiq qilib voyaga yetkazgan, ularga o‘z hayot tajribasini o‘rgatgan bobo bugun ularning ardog‘ida keksalik gashtini surmoqda.

– Mustaqilligimizga ko‘z tegmasin, – deydi Berdirasul bobo Aminov. – Biz urushni ham, undan keyingi qiyinchilikni, ochlikni ham ko‘rdik. Yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, erishilayotgan yutuqlarning barchasi shunga munosib bo‘lib yashash kerakligini anglatadi. Ba’zan kuniga bir bo‘lak qotgan non yeb, kun kechirganimizni o‘ylasam, bugungi to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchiliklarni ko‘rib, qalbim larzaga keladi.

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklari asosida Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi hamda respublika hududlaridagi boshqa sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborishni tashkil etib, ularni zarur avia va temiryo‘l chiptalari bilan ta’minlash belgilandi. Berdirasul bobo ham bu imkoniyatdan foydalanib, o‘g‘li bilan bu yil Sochida dam olishni maqsad qilibdi. Quvonchini ichiga sig‘dira olmayotgan otaxon yurtimiz tinchligi bardavom bo‘lishini, xalqimiz farovonligini yomon ko‘zlardan asrashini tilab, duoga qo‘l ochadi. Yurtboshimizning yuksak e’tibori, ehtiromi Berdirasul boboga kuch-quvvat bergan go‘yo. Yuzidan nur yog‘ilib turgan boboga sog‘liq tilab,   "Yuz bilan yuzlashing, bugunimizning, tinchligimizning sababchisisiz", deya xayrlashdik.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.