Paxta uchun klasterlar mas’ul

Joriy yilda viloyatimizdagi 1 958 fermer xo‘jaligi 75 580 gektar maydonda paxta yetishtirmoqda va bu yilgi hosil uchun hududlardagi 8 ta paxta klaster korxonasi bilan shartnomalar tuzilgan. Vaqtida o‘tkazilgan agrotexnik tadbirlar natijasida har gektaridan o‘rtacha 27,1 sentner o‘rniga 33,7 sentnerdan hosil olish rejalashtirilgan.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirildi.

- Bu yil paxtani terib olish to‘liq ko‘ngilli terimchilar yordamida amalga oshiriladi, - deydi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Davron Achilov. – Buning uchun 7 ta paxtani qayta ishlash korxonasida tayyorgarlik ishlari yakunlanib, jami 2250 ta terim otryadlari shakllantirilmoqda. Ya’ni, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlardagi fermer xo‘jaligi ishchilari paxtakor tumanlaridagi terim ishlariga jalb etiladi. 

Bundan tashqari, mavsumga tayyorgarlik doirasida 10-19 sentyabr kunlari 65 ming 580 gektar maydondagi g‘o‘zani o‘z vaqti va sifatli defoliatsiya qilish yuzasidan muntazam monitoring o‘tkazilmoqda. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ham qabul qilingan. Buning uchun viloyat “Agrokimyohimoya” XAJ va paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan 273 tonna yaqin defoliant zaxirasi shakllantirildi.