Bu yilgi saylovda ko‘rishda nuqsoni bor fuqarolarga alohida sharoit yaratilmoqda
Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida aytib o‘tildi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxslarga saylov uchastkalarida yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida xisobot berildi. O‘zbekiston nogironlar jamiyati mas’ullari tomonidan yana qo‘shimcha brayl trafaritlar berilish taklifi bildirildi.
Shuningdek, ko‘rishda nuqsoni borlar uchun alohida sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi. Ovoz berish jarayonlarini ular yashayotgan xonadonlarda tashkil etilishi belgilandi. Yana bir muhim yangilik, endi nogironligi bo‘lgan shaxslarga saylov to‘g‘risidagi hamda ularning siyosiy huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan ma’lumotlar surdo tarjimasi orqali beriladigan bo‘ldi. Televideniyeda beriladigan axborotlar ham surdo tarjimasida ham titrda berilishi taklifi ilgari surildi.
Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala hamida boshqa masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.
Yig‘ilish davomida 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyevning viloyatda saylov jarayoniga ko‘rilayotgan hozirliklar hamda okrug bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha axboroti eshitildi.
Unga ko‘ra, okrug komissiyasi 21 kishidan iborat tarkib Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan kalendar reja va tegishli qarorlar asosida ish faoliyatini olib borayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, okrug hududida 1112 ta saylov uchastkasi saylov jarayonlariga tayyorlanayotgani ularda kuzatilayotgan kamchiliklar joyida bartaraf etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchastkalar uchun bino tanlashda ularda komissiyalar va ovoz beruvchilarga qulay shart-sharoit mavjudligiga alohida e’tibor qaratildi, - dedi X.Muhammadiyev. - Uchastkalar ro‘yxati va komissiyalar tarkibi tuman va shahar gazetalari va boshqa ommaviy axborot vositalarida, internet tarmog‘ida e’lon qilindi. Okrug komissiyasi huzurida to‘rt nafar tajribali xodimdan iborat matbuot markazi tashkil etildi va ular uchun zarur sharoit yaratildi.
Ma’lumot o‘rnida: Ayni kungacha siyosiy jarayonlarni yoritish uchun 108 nafar viloyat televideniyesi, bosma nashrlar hamda respublika OAVlarining viloyatdagi vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Okrug matbuot markazi.