“Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yo‘q”: Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchi va ota-onalarga murojaat qildi
O‘z murojaatida Baxtiyor Saidov barchani farzandlar ta’limiga e’tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirarkan o‘ziga og‘ir botgan holat, tizim xodimlari oldida turgan vazifa va shaxs taqdiriga alohida to‘xtalib o‘tgan. Murojaat so‘ngida vazir o‘qituvchi va ota-onalardan sohaga oid taklif va mulohalarni kutib qolishini bildirgan.
“Hurmatli o‘qituvchilar, aziz ota-onalar!
Xalq ta’limi vaziri lavozimiga kirishganimga ko‘p fursat o‘tmadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimiz kelajagini belgilab beruvchi o‘ta mas’uliyatli sohani menga topshirilishi, so‘zsiz juda katta javobgarlikni yukladi.
Ta’kidlash joizki, faoliyatimning ilk kunidanoq tizimda bugungacha amalga oshirilgan va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bilan ozmi-ko‘pmi tanishdim. Darhaqiqat, qilingan ishlar ko‘pligi kabi qilinadigan ishlar ham undan kam emas. Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yo‘q.
E’tiborli jihati, lavozimga kirishganimning ilk kunlari xizmat safari bilan Jizzaxga bordim. Joylardagi maktablarga kirdim, holat bilan tanishdim. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Sadriddinovaning aytgan bir gapi menga juda qattiq ta’sir qildi. Afsuski, bugun ayrim ota-onalar orasida farzandlariga:
“O‘qigin bolam, hech bo‘lmasa o‘qituvchi bo‘lasan”, deganlari ham uchrayotgan ekan. Bu gap menga juda og‘ir botdi. Bugun bizning oldimizda turgan birinchi galdagi vazifa mana shunday noto‘g‘ri qarashni yo‘q qilish!
Bir insonning mustaqil va yetuk shaxs sifatida kamol topishida maktabning roli juda katta. Aynan maktabda insonning “Men” degan tushunchasi shakllanadi. Shuning o‘zi mazkur sohada faoliyat yuritayotgan har bir insonning oldiga ulkan mas’uliyat, ya’ni bir shaxs taqdiri orqali millat, davlat va kelajagimizning taqdiriga javobgarlik yotganini anglatadi.
Buning uchun, avvalo, pedagoglarning, o‘qituvchilik kasbining mavqeini ko‘tarishimiz kerak. To‘g‘ri, tan olish kerak, o‘qituvchilarning ham barchasi birdek emas. Fidoyi o‘qituvchilar bor, afsuski bu kasbga adashib yoki ilojsizlikdan kirib qolgan o‘qituvchilar ham bor. Lekin o‘qituvchilik va fidoyilik tushunchalari doimo hamohang bo‘lgan. O‘qituvchi zimmasidagi mas’uliyatni ich-ichidan his qilishi kerak. Kelajagimiz taqdiri o‘qituvchilarimiz qo‘lida.
Inson borki, farzandim, deb yashaydi! Bas, shunday ekan, xalq ta’limi sohasiga hech birimizning befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q! Konimex, Qonliko‘l, Sherobod, Olot degan chekka hududlarimiz bor. U yerdagi ota-onalar hamda bolalarning kelajakka ishonchini uyg‘otish o‘z qo‘limizda. Ota-ona: “O‘qib dunyo olib berarmiding, chiq tomorqada ishla” deb emas, "O‘qi, bilim ol bolam, kelajakda buyuk inson bo‘lasan!", deb yashashi lozim. Muhandis bo‘laman, olim, vazir yoki shifokor bo‘laman, degan bolaning shahdi sinishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Oldimizda turgan asosiy vazifa bolaning ham, ota-onaning ham o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish!
Buyuk faylasuf Aristotel shunday degan: “Ta’limning ildizlari achchiq, lekin mevasi shirin”. Bugungi achchiq mehnatimiz, albatta, kelajakda o‘zining shirin mevasini beradi. Bugun biz xalq ta’limi tizimidagi 7 million aholi taqdiri orqali butun xalqimiz, vatanimiz kelajagiga ta’sir o‘tkazamiz. Buning javobgarligini har bir sohada faoliyat yuritayotgan inson his qilishi lozim. Har birimiz ta’lim rivoji uchun nima qila olaman, degan o‘y bilan yashasak, maqsadimizga erishamiz. Bugun jamoaning oldiga aynan mana shu vazifani qo‘ydim va bu yo‘lda ular men bilan kamarbasta bo‘lishlariga ishonaman. Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va yuksak ishonchni oqlashimiz zarur!
Bugun vazirlik tomonidan Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 5 yillik Milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Shu bois men har biringizdan yuqorida aytilgan yo‘nalishlarda, ya’ni o‘qituvchi nufuzi, o‘quvchilarning ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, umuman xalq ta’limi tizimini rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalaringizni izohlarda hamda ushbu havoladagi so‘rovnoma orqali kutib qolaman", deydi Baxtiyor Saidov o‘z murojaatida.