Bugun gazetada qanday mavzularni yoritish kerak? Muharrirlar bu borada nima qilyapti?
Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan shahar va tuman gazetalari muharrirlari ishtirokidagi davra suhbatida shu va boshqa savollarga javob izlandi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda tajribali jurnalist F.Toshev gazeta sahifasida bugungi kunning eng dolzarb muammolarini hayotiy voqelik asosida, sodda tilda yozilgan maqolalar sonini oshirish kerakligini ta’kidladi. Bo‘lib o‘tgan tadbirlar axborotlarini gazetada emas, uning sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida yoritib borilishi bo‘yicha taklif bildirdi.
- Gazetada tanqidiy, tahliliy materiallarni berishda albatta aniq manbalarga tayanish kerak, - dedi F.Toshev. - Muhimi, muxbir insonlar dilidagi va tilidagi gaplarni gazetaga olib chiqsa uning mavqei, nufuzi oshib boraveradi.
Uchrashuv davomida materiallarning tayyorlanish jarayoni va uni e’lon qilish bilan bog‘liq holatlarda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetasi, Zarnews.uz sayti hamkorlikka tayyor ekanligi ta’kidlandi. Har bir shahar va tuman gazetalari muharrirlari imzosi bilan may oyida viloyat nashrlarida bir nechta mavzular bo‘yicha chiqish qilinishi taklif etildi.
Shuningdek, tadbirda Xorazm viloyatining “Ezgu so‘z” gazetasining bo‘lim muharriri Maxbira Karimova ham ishtirok etib, gazeta bilan bog‘liq savoligia javob oldi. Shundan so‘ng, xorazmlik jurnalist "Viloyat matbuot tarixi" muzeyida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan eksponatlar, gazetalarning yaratilish tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlar, “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Kelgusida bu tahririyatlar bilan birgalikda ijodiy hamkorlik qilishi bo‘yicha kelishib olindi.
Husan Eltoyev.