Bugun Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan kun: Ehtiyoji millat

Taniqli dramaturg, publitsist, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yil 19 yanvarda Samarqandda tug‘ilgan.

1919 yil bahorda Shahrisabzda Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinib, Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi.

Quyida M.Behbudiyning 1913 yil, 12 iyulda «Samarqand» gazetasida chop etilgan “Ehtiyoji millat” maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz.

***

Boshqa millatlarga qaralsa, ko‘rilurki muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanida bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur.

50 sana muqaddamgi zamonda biz, turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon o‘zgarib, boshqa millatlar ila maxlut bo‘lduk, shari’at va o‘z urfimiz ustiga qonun va Ovro‘po odatiga itoat qilmoqqa majburmiz.

Ammo qonun va Ovro‘po odatlarini bilmaganimiz uchun boyimiz bo‘lsun, qozi va milliy hukamomiz va aholimiz bo‘lsun, ko‘p tashvish va zarar ko‘rar. Zamoni sobiqda faqat shari’at bilmoq kifoya etardi. Endi qonun va zako‘nni bilmoq ham lozimdur. Shari’at ilmi madrasalarga, qonun ilmi Rusiya dorilfununlariga o‘qilur. Dorilfununga kirmoq uchun, avvalo, o‘n sana gimnaziyaga o‘qumoq kerak. So‘ngra to‘rt sana dorilfunun o‘qub, andan huquqshunos, yurist, ta’bir joiz bo‘lsa, zamona faqihi bo‘lib chiqar. Sud mahkamalarinda, davlat doiralarinda kirib, har huquqshunos o‘z muvakkili va o‘z millati va o‘z toyifasi va o‘z vatani va o‘z davlatining naf’iga so‘ylashur, mudofaa qilur.

Masalan, davlat dumasinda biz Turkiston musulmonlaridan shunday huquqshunos vakil bo‘lsa, bizni din va millatimiz naf’iga harakat qilur. Ammo shunday odam bizda yo‘q. Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurg‘on kishimiz yo‘q. Boshimiz og‘risa do‘qturga boramiz. Ammo dardimizni aytmoqga til yo‘q. O‘zimizdan do‘qtur yo‘q.

Ikkimiz bir-birimiz ila nizo qilamiz. Ketamiz zako‘nchiga, ammo so‘zlamoqqa til yo‘q. Oradagi odamlar yana bizga firib berar, pul berarmiz, yugurarmiz, yana ishlar barbod, oxiri yo‘q.

Imorat qilmoqchi bo‘lsak, plon-loyihasi lozimki, injenerga muhtoj bo‘larmiz. Ammo biz hanuz «muhandis» ismini bilmaymiz.

Kontur va rasmiy daftar tutib, kassa qurib tijorat etmoq lozim. Ilm tijorat bila turgan buxgalterik hisobi yuritadurg‘on boylarimizga kerak, ul ham o‘zimizdan bir nafar topilmaydur.

Hammollikdan bu ishlar yaxshi bo‘lsa kerak. Bir necha boyvachchani bilarmanki, eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nadur – ilmsizlik. Holbuki, alarni «to‘y»ga atosi 5 ming so‘m sarf etib edi.

Turkiston mevasi, donasi, toshi, tufrog‘i, eski nimarsalari Ovro‘po bozoriga ketar. Muni Ovro‘po dallollari kelib oz bahoga olib ketar, mehnatni biz qilurmiz, foydani ular ko‘rur. O‘z nimarsamizni Ovro‘po bozoriga eltib, yaxshi bahoga sotaturg‘on bizda bir odam yo‘q. Azbaski, Ovro‘po ila savdo qilaturg‘on kishi (o‘zi) avval o‘n sana ilmi o‘qumog‘i lozim.

Bizda shohi, adras, beqasam, alocha… bofliklar bor. Agarda bir nafar texnik va muhandisimiz bo‘lsa bu dargohlarni isloh etar, aholi obod bo‘lur. Valloh, yaqin vaqtda «doka» bofillarimizdek zoye’ bo‘lub ketar. Chunki Ovro‘po yangi asbob ila mundin yaxshi qilib chiqarur.

30 sana muqaddam Samarqandni Yomini mahallasinda 300 alochabof ishchi bor edi. Al-on 30 nafar yo‘q. 10 sana so‘ngra tamoman mahv bo‘lur.

Xulosa, maktabimiz, do‘konimiz, korxonamiz, madrasamiz va har nimarsamizni zamoncha islohi lozimdur. Valloh, har nimarsa qo‘ldan ketar, bizda muzdurlikdan boshqa hech ish qolmas. Bir uskuna, do‘kon va saroyni ishlatmoqga ham ilmi zamoniy va zamona shumligini bilaturg‘onlarga mulk va asbobimiz o‘tar va o‘tub turubdur.

Qisqa qilaylik, boshqa millatlarni boylari faqir va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni o‘qumog‘i uchun vaqf «istepindiya»lar ta’yin qilur. Boshqa millat millio‘nerlari maktabi ila istependiyasi-la, idora qilaturg‘on gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizin, barpo qilgan jam’iyati xayriyasi-la faxr qiladur.

Biznikilar juft oti-la, arobasi-la, to‘yi ila va…la faxr etar. Hatto, o‘z o‘g‘illarini o‘qutmaydurg‘on boylar bordur. Bu ketishning oxiri yamondur, o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamonaviy meros qolsun.

Butun Turkistondan o‘n boy yilinda ming so‘mdan bersa, 25 bola uchun Toshkanda «diniy va zamonaviy» bir «pansiun» layli va nahori 5 mukammal maktab bino bo‘lub, har yil hukumat maktabinda 50 bola tayyorlaydur. O‘n yilda bulardin… 200 muhandis, do‘qtur, huquqshunos, muallim, texnik, zamona tojiri, valloh… chiqar va bizni zamon odamlari qatorida qo‘yarlar va davlat ishiga kirarlar. Ruslar ila bizni hasan imtizojlarimizga xizmat qiladurlar.

Al-on millatimiz boylardan shuni ko‘z tutar, xaloyiqni barbod etadurg‘on to‘ylarni emas. Oh, bu so‘zlarni tushunaturg‘on boylar bizda yetishganmu?