Bugun mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Nega aynan 27 iyun kuni mazkur soha xodimlarining kasb bayrami nishonlanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 24 iyundagi farmoniga muvofiq, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida belgilangan. Mana 26 yildirki, mamlakatimizda matbuot, gazeta, jurnal, radio, televideniye va internet-jurnalistikaga daxldor kasb egalari bu kunni bayram sifatida nishonlaydilar.

Ushbu sana yurtimizda o‘zbek tilidagi dastlabki milliy matbuot nashri sifatida yuzaga kelgan “Taraqqiy” gazetasi sharafiga shunday belgilandi. Chunki, 1906 yilning 27 iyunida mazkur gazetaning ilk soni chop etilgan edi.

Gazeta faoliyatining asosini rivojlanib borayotgan ilg‘or mamlakatlar tajribalarini qo‘llab, tobora orqaga ketayotgan millatni bu yo‘ldan asrab qolish uchun kurashish g‘oyasi tashkil etardi. Uning ilk sonida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi haqida shunday yozilgandi: “Gazetamiz “Taraqqiy” nominda o‘lib, bora-bora jismi ham ismig‘a muvofiq o‘lub, millatimizni “keyin” bormog‘iga aslo rozi emasdurmiz. Baqadri imkon millati islomni oliy darajada o‘lmog‘iga va millati islomdagi tijorat, kasb va korning ortmog‘iga yo‘l izlab ijtihol qilur”.

“Taraqqiy” – taraqqiyparvar bir gazeta bo‘lgan. Gazeta mahalliy xalq manfaati yo‘lida chinakamiga faoliyat yuritgani uchun ham 20-soniga yetganda musodara qilinib, chop etish to‘xtatilgan.  Gazeta 20 avgustga qadar, ya’ni ikki oy, bir hafta nashr qilingan.