Matbuot kotibining "bozori chaqqon" bo‘lib ketdi. Nega?

Bugun jurnalistlarning “bozori chaqqon” bo‘lib ketdi! Hayron bo‘lmang, bu haqiqat! Viloyat hokimligida yaqinda bo‘lib o‘tgan ijro apparati yig‘ilishidan so‘ng, juda ko‘p tashkilotlar o‘zlariga matbuot kotiblari izlab yurishganmish...

Bugun deyarli har bir “o‘zini hurmat qilgan” tashkilotda matbuot kotibi degan lavozim joriy etilgan. Hozir jurnalistlar axborot olishda unchalik qiynalishmaydi. Kotibni topib, maqsadini aytsa, kifoya! Rahbarning qabulini kutib, “sarg‘ayib” o‘tirishga hojat yo‘q! Qanday ma’lumotni istashingiz esa, masalaning ikkinchi jihati. O‘z-o‘zidan ma’lumki, negativ ma’lumotni olish uchun biroz “ter to‘kishingizga” to‘g‘ri keladi. Axir kim ham aybini elga oshkor etadigan ma’lumotni qo‘shqo‘llab “jarchiga” tutqazib qo‘yardi... Agar OAV xodimi  professional, o‘z kasbining ustasi bo‘lsa, qo‘lga kiritgan kichik faktlardan ham unumli foydalana oladi. Matbuotchilardan axborot yashiradigan yo so‘ralgan ma’lumotni bermaydigan tashkilot va muassasalar esa ko‘pincha tanqidlarga nishon bo‘laveradi.

Axborot asrida yashayapmiz axir! Jurnalistlardan biror narsani yashirib ko‘ring-chi! (Yashirin narsa hamisha qiziq tuyulaveradi!) Ammo biroz xafa  qiladigan jihati ham yo‘q emas. Ma’lumot va faktlardan foydalaniladiyu, manbani aytishni unutib qo‘yishadi, shovvozlar!

Shunday qarashlar ham bor – matbuotda yoki internetda tashkilot haqida biror tanqidiy ma’lumot berilsa, uning matbuot xizmati bunga qarshi yoki e’lon qilingan faktlarni asoslab (albatta ijobiy tomondan) munosabat bildirishi  kerak. Matbuot kotiblarining bor-yo‘q xizmati shundangina iboratmi?

Bunday qarashlarning paydo bo‘lishiga ham aslida ularning o‘zlari aybdor. Boshqa payt ularning mavjudligi deyarli sezilmaydi-da!

Tashkilotlarga bu xizmat nega kerak? Faoliyatimiz nimadan iboratligi xususida  huquqiy tashkilotning matbuot xizmati misolida qisqa to‘xtalib o‘tsak.

Tashkilotimiz (Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi) huquqshunoslari, asosan, iste’molchilardan tushgan ariza va shikoyatlar bilan ishlaydi. Har bir ariza ortida bir inson taqdiri, uning o‘y-tashvishlari turishi barchaga ma’lum. Huquqiy targ‘ibot esa faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi. Hal etilgan ariza va shikoyatlar yoki olib borilgan o‘rganish monitoring xulosalari bo‘yicha internet saytlariga ma’lumotlar yo‘llaymiz, radioda  xabarlar o‘qiymiz, mini studiyamizda tayyorlangan lavha va syujetlarni feysbukdagi rasmiy sahifamizga hamda telegramdagi guruhlarimizga joylaymiz. Turli sohalar bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring xulosalari  asosida tayyorlangan tanqidiy-tahliliy hujjatli filmlar viloyat va tumanlar hokimliklari yig‘ilishlariga ham taqdim etib boriladi. Ish hajmi kichkina emas, shuningdek, zerikishga ham o‘rin yo‘q! Bu ish birgina Matbuot xizmati  zimmasiga og‘irlik qiladi,  shu bois tuman va shahar jamiyatlarida ham matbuot sektori mutaxassisi lavozimlari joriy etilgan.

Universitetda birga ta’lim olgan do‘stim televideniyedagi uzoq yillik faoliyatidan so‘ng,  matbuot kotibi bo‘lib ish boshlagan dastlabki paytlarda “Bu ish huddi arining uyasiga o‘xsharkan, chiday olarmikinmiz” deb antiqa ta’rif bergandi.

Darhaqiqat, bu ishda Ommaviy axborot vositalarining deyarli barcha yo‘nalishlari mujassam – internet jurnalistikasi, televideniye, radio, gazetalar va hokazo.

Bugun matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan matbot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish borasida e’lon qilingan qaror loyihasi ko‘pchilik hamkasblarimizni rostakamiga quvontirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir ustozimiz ayganidek, “Matbuot kotiblarining ham yelkasiga oftob tegadigan  bo‘libdi!”

Qaror loyihasida belgilanganidek, har bir tashkilotda matbuot xizmatining moddiy - texnik bazasi to‘liq shakllantirilib, vip-internet, videokamera va studiya bilan qurollantirilsa, matbuot kotibi boshliq o‘rinbosari lavozimiga tenglashtirilsa  va maoshlariga 50 foiz ustama qo‘shib berilsa, bu imkoniyatlardan quvonmay bo‘ladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan yana bir jihat -  kimlar matbuot kotibi bo‘lishi masalasi. Aytish lozimki, osonni ko‘zlab tashkilotda uzoq yillar  mehnat qilgan, tizimni yaxshi bilgan xodimni matbuot kotibi qilib tayinlab qo‘ya qolmasdan (yozishni asta-sekinlik bilan o‘rganib olaveradi, demasdan), shu sohaga qiziqqan va sohani muntazam yoritib boradigan professional jurnalistlarni ishga olish samaraliroq, nazarimizda. Negaki, ular tashkilotning “xos”  xodimiga aylanib qolishmaydi. Har qanday sharoitda kasbiga sodiq qolib, xolis va haqqoniy axborotni taqdim etadi, o‘zi jurnalist bo‘lgani uchun jurnalistlarni qanday ma’lumotlar qiziqtirishini juda yaxshi biladi.

Zamonaviy bilimlarni egallaganligi - kompyuter savodxonligi va internetda ishlay olishi (til bilsa-ku, nur ustiga nur!) ham muhim jihatlardan biri.

Haqiqatan, bu xizmat xodimlari tashkilot imijini yaratishda asosiy da’vogarlar. (Reklama desam, ensangiz qotishi mumkin, lekin qaysidir ma’noda, ular o‘z tashkilotlarining reklamasi bilan shug‘ullanadigan shaxslar-da!) Balki, shunday davrlar kelar, ularga qarab, tashkilotga  baho berishar!

Yuqoridagi savolga javob topilgandek...

Nima dedingiz?

Gulchehra Berdiyorova,

Iste’molchilar huquqlarini himoya

qilish jamiyatlari Samarqand  viloyat  

hududiy birlashmasi bo‘lim boshlig‘i.