Bugun “Ovozi Samarqand” gazetasi chop etila boshlaganiga 30 yil to‘ldi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi va viloyat hokimligining gazetasi sanalgan “Ovozi Samarqand”ning ilk soni 1990 yil 1 yanvarda chop etila boshlangan edi.

Shu yili gazeta jurnalist va yozuvchi Nor Ostonzoda tashabbusi bilan tashkil etildi va uning muharrirligi ostida tahririyatda adabiy muhit shakllandi, mazmunan boyidi. Ko‘p o‘tmay gazeta viloyatdagi matbuot nashrlari o‘rtasida o‘z o‘rni va mushtariylariga ega bo‘ldi. Bu ezgu ishda Nor Ostonzoda, G‘afurjon Mahmudov, Xursand Jumayev, Hazrat Sabohiy, Adash Istad, Shavkat Bahromov, Toshqul Azimov, Zohir Hasanzoda, Baxtiyor Jumayev, Gulchehra Halimova singari jurnalistlarning zahmatli mehnatlari singdi.

Gazeta sahifalarida taniqli olimlar, yozuvchilar, tajribali o‘qituvchilar va turli kasb egalarining chiqishlari, tahliliy, tanqidiy maqolalari chop etildi, bu an’ana bugungi kunda ham davom etmoqda.

1997 yilning oktyabr oyidan gazetaga filologiya fanlari nomzodi G‘afurjon Mahmudov bosh muharrir etib tayinlandi. Uning ijodkorlikdan tashqari, tadbirkorlik va ishbilarmonlik xislatlari gazetaning yanada jonlanishiga, mushtariylari sonining ko‘payishiga xizmat qildi. 2011 yil 1 martdan 2016 yil iyuliga qadar Ozodjon Xidirov (Hamidzoda), 2016 yil avgustdan 2017 yil oktyabrga qadar Baxtiyor Jumayev bosh muharrir sifatida faoliyat olib bordi. 2017 yildan buyon esa gazetaga falsafa fanlari bo‘yicha fan doktori Bahodir Rahmonov bosh muharrir vazifasida ishlab kelmoqda.

«Ovozi Samarqand» 2010 yilda A2 formatda sahifalanib, rangli, 2015 yildan haftada ikki marta chop etiladigan bo‘ldi.

Gazeta muxbirlari Toshqul Azimov, Baxtiyor Jumayev, Bahodir Rahmonov, Dilrabo Nasimova, Shuhrat Huseynov, Faridun Yuldoshevlar “Yilning eng faol va iqtidorli jurnalisti” diplom va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

2017 yildan buyon gazetaning internetdagi ovozisamarqand.uz sayti ishlab kelmoqda.

2017-2018 o‘quv yilida Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda “Yosh jurnalistlar mahorat maktabi” tashkil etildi va 12 nafar yoshlarga sohaga doir nazariy va amaliy bilimlar berildi.

2018 yilda “Ovozi Samarqand” jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XIII milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan xalqaro tanlovda qatnashib, matbuot yo‘nalishida uchinchi o‘rinni egalladi.

Gazetaning ma’naviy ko‘magida bir qator kitoblar chop etildi. Xususan, 2011 yilda “Armug‘oni Samarqand”, 2018 yilda “Saodati do‘stӣ”, 2019 yilda “Aynishinosӣ dar Samarqand - Samarqandda Ayniyshunoslik” hamda “30 guftor az 30 tor” kitoblari nashr etildi.

Yaqinda «Ovozi Samarqand» gazetasi xodimlari uchun ish va ijod sharoitlarini yaxshilash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan xizmat mashinasi berildi, tahririyat texnik bazasini mustahkamlash uchun 180 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Tahririyat gazetaning 30 yilligini munosib nishonlash maqsadida qator tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Jumladan, 2019 yilning sentyabr oyida sportning fudokan karate-do turi bo‘yicha respublika turniri tashkil etildi. Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda "Daraxt ek! - hayotingni yashnat!" shiori ostida ekologik yurish marofoni, “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Samarqand tuman bo‘limi bilan hamkorlikda esa "Hayotingni yashnat!" aksiyasi doirasida suvni tejash va tabiiy boyliklardan samarali foydalanishni targ‘ib etishga qatarilgan tadbirlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, matbuot va mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, aholi muammolarini o‘rganish va ularni ijobiy hal qilish maqsadida gazeta xodimlari ishtirokida Samarqand shahar va Samarqand tumanining 50 dan ortiq mahallalarida uchrashuvlar tashkil etildi.

Bugungi kunda tahririyatning ahil ijodiy jamoasi Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, targ‘ib etish, viloyatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni ommaga yetkazish, jamiyatdagi kamchilik va nuqsonlarni oshkoralik, xolislik asosida yoritish maqsadida maxsus loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, gazeta sahifalarida “Munosabat”, “Xalq qabulxonasi”, “Do‘stlik bayozi” ruknlari ostida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xalq tashabbus va takliflari barobarida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalariga asoslangan turkum materiallar chop etilmoqda.

Gazetada “Qabulxonai xalq”, “Shukrona”, “Omo‘zgor”, “Zango‘la”, “Madadi Sino”, “Husnoro”, “Gulbog‘i adab”, “Ҷavonӣ” “Hidoyat”, “Farog‘at” kabi maxsus sahifalar chop etib kelinmoqda.