Bugun qurilish sohasi xodimlari kuni: Qo‘yilgan har g‘ishtda ularning zahmati bor
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil 1 yanvar holatiga Samarqand viloyatida uy-joylar qurilishi 141 ta, xonadonlar esa 4570 tani tashkil etgan. Samarqand shahrining Qorasuv massivida qurilgan turar-joy massivi hisobiga 2022 yil yakuni bilan ushbu ko‘rsatkich 148 ta uy-joy, 4736 ta xonadonni tashkil etdi.
Olis va chekka hududlarda aholining munosib turmush kechirishi uchun Yangi O‘zbekiston massivlari qad rostlayapti. Urgut va Bulung‘ur tumanlaridagi shunday massivlarda qariyb 11 ming xonadonli 203 ta ko‘p qavatli uy bunyod etilmoqda. Ob’yektlarda qurilish ishlari bilan bir qatorda, xonadonlarni kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, qulay infratuzilma yaratish ishlari olib borilmoqda. Ushbu massivlarda maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ravon yo‘llar ham qurilyapti.
Bunyodkorlik ishlari haqida gap borar ekan, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi haqida to‘xtalmasak bo‘lmas. Azim shahar bag‘rida qad ko‘targan ulug‘vor majmua bugun tom ma’noda xalqimiz, mehmonlar hamda sayyohlar uchun sevimli go‘shalardan biriga aylandi. 212 gektar maydonda barpo etilgan va yiliga 2 million sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan ulkan majmua milliy me’morchilik an’analarimizga mos ravishda bunyod etildi. Hududda 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar qurildi.
Bundan tashqari, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun Shirin shaharchasi qurilishi boshlanmoqda. Bu yerda milliy an’analarimiz uyg‘unlashgan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar, dam olish maskanlari, sport-sog‘lomlashtirish majmualari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari bunyod etiladi.
Viloyat qurilish va kommunal xo‘jaligi boshqarmasi axborot xizmati.