Bugun tarixda kam uchraydigan universal palindrom kundir

​​2020 yil 2 fevral – o‘ziga xos kun. Bunday kun oxirgi marta 909 yil avval sodir bo‘lgan. Qanaqasiga?

Palindrom kun degan tushuncha bor. Bunda raqamlarda ifodalangan sananing yozilishi boshdan oxiriga qarab ham, oxiridan boshiga qarab ham bir xil o‘qiladi. Masalan, bugungi sana: 02.02.2020.

Bunday kunlar ko‘p-ku, nega 2020 yil 2 fevral maxsus ekan?

Ha, palindrom kunlar ko‘p. Masalan, 2021 yil 12 fevral ham palindrom kun: 12.02.2021. Lekin bir nozik jihati bor: dunyo davlatlarida sananing yozilishi farq qiladi.

Masalan, O‘zbekistonda birinchi kun, keyin oy va keyin yil yoziladi. Ya’ni, 2021 yil 12 fevral quyidagicha bo‘ladi: 12.02.2021.

AQShda esa teskari: birinchi oy, keyin kun va undan keyin yil yoziladi. Ya’ni, 2021 yil 12 fevral quyidagicha bo‘ladi: 02.12.2021.

Ko‘rib turganingizdek, ba’zi mamlakatlarda palindrom hisoblangan kun boshqa mamlakatda palindrom bo‘lmay qolyapti.

2020 yil 2 fevral esa yuqoridagi har ikkala usulda yozilganda ham, palindrom kun bo‘lib qolaveradi: 02.02.2020. Shu sababli, bugun tarixdagi kam uchraydigan kundir.

Bundan oldingi universal palindrom kun qachon bo‘lgan?

Bundan oldingisi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bundan 909 yil oldin – 1111 yil 11 noyabrda bo‘lgan: 11.11.1111.

Bundan keyingi universal palindrom kun qachon bo‘ladi?

Yana 101 yildan keyin – 2121 yil 12 dekabrda (12.12.2121) bo‘ladi.

Lekin undan keyingi universal palindrom kun yana 1010 yildan keyin – 3030 yilda keladi (03.03.3030).

​​Maqsud Salomov.