Bugun tug‘ilgan kun: Abdusaid Ko‘chimov 70 yoshda
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli yozuvchi va shoir Abdusaid Ko‘chimov 1951 yil 15 may kuni Urgut tumanida tug‘ilgan.
1972 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini «O‘qituvchi» nashriyotidan boshlagan. Keyinchalik "Lenin uchquni" gazetasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi va boshqa qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Yigirmaga yaqin she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan.
2017 yildan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni hamda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Ustoz jurnalistni qutlug‘ yoshi bilan qutlaymiz.
***
TANTI O‘ZBEK
Saxovatli saxiy kuzdek
Saodatli eldir o‘zbek,
Buqabo‘yin – man-manlarga
Parvo qilmas janda-bo‘zdek.
Jahondagi biron millat,
El-ulusdan yo‘qdir kami.
Yulduzlardek boqiy qudrat –
Ajdodlarin qutlug‘ sha’ni.
Bobolarin qancha xalqlar
Bizniki, deb talashadi.
Bunday sharaf – shoyon taxtlar
O‘zbekka xo‘p yarashadi.
Azal-abad sochar yog‘du
“Avesto”dek bo‘stonlari.
Jasoratga jasur ko‘zgu
“Alpomish”bek dostonlari.
Do‘stlariga mehri quyosh,
Do‘stlariga qurbon joni.
Pashsha kabi ezar, bebosh
Allop-qallob, bevafoni.
Havas bilan boqar dunyo
Tog‘day ko‘rkam savlatiga.
Dur mahliyo, nur mahliyo
O‘zbekiston davlatiga.
Ne-ne fotih, ne-ne hoqon
Sinab achchiq omadini,
Ega olmay tutdi motam
O‘zbekning alp qomatini.
MIRZO ULUG‘BEK HAYKALI QOShIDA
Yulduzlarni sanash mumkindir balkim,
Hisoblash mumkindir sayyoralarni.
Sanab sanog‘iga yetolmas hech kim
O‘zbekzamindagi allomalarni.
Mana, ming yillarkim hayratda bashar
Beruniy, Navoiy, Kubrolarimga.
Yana ming asrlar ta’zimga shoshar
Mirzo Ulug‘bekdek daholarimga.
FIZIKLAR FALSAFASI
Bir-biriga muhabbat
Bo‘lmasa bu dunyoda,
Sayyorayu qit’alar
Aylanardi ro‘yoga.
Mehr nuri olamga
Mangulikni baxsh etdi.
Nyuton shu mehrdan
Buyuk qonun kashf etdi.