Bugun Xalqaro donorlar kuni
Bu sana 2005 yildan buyon bayram sifatida nishonlanib kelinadi.
14 iyun sanasi avstriyalik qon guruhini aniqlagan vrach hamda olim Karl Lanshteynernining tug‘ilgan kuni munosabati bilan belgilangan. Shu kuni butun dunyoda odamlarning donorlikka bo‘lgan beg‘araz yordamini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.
Yurtimizda 2017 yildan hukumatimiz tomonidan “O‘zbekiston faxriy donori” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 2015 yildan buyon shu nishon donorlarga berib kelinadi. Har yili 26 nafar donor shu unvon bilan taqdirlanadi. Ularga 5 minimal maosh hisobida mablag‘ beriladi.
- Donorlik odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko‘rinishi, - deydi viloyat qon quyish markazi mas’ul kuratori Zarifa Qayumova. - Ushbu beg‘araz, ko‘ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko‘mak hisoblanadi. Chunki har kuni yuzlab kishilar, bemorlar donorlar qoniga ehtiyoj sezadi.
Viloyat qon quyish markazi shifokorlarining Urgut va Narpay tuman tibbiyot birlashmalaridagi qon quyish bo‘limlari xodimlari bilan hududda tashkil etgan tadbiri ana shu ezgu maqsadga qaratildi. Bu tumanlarda jami 61 kishi beg‘araz qon topshirdi. Shuningdek, tadbirlarda donorlik harakatida faollik ko‘rsatib kelayotgan 20 nafar faol donorlar munosib rag‘batlantirildi.
- Shu paytgacha beg‘araz donor sifatida 46 marta qon topshirganman, - deydi urgutlik donor Baxtiyor Karimov. – Men bu ishimdan, bemorlarga yangi hayot baxsh etayotganimdan faxrlanaman. Boshqalarni ham donorlar harakatiga qo‘shilishga chaqiraman.