Bugun - Xalqaro veterinariya kuni
Hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi soha
Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon global yechim talab qiladigan muammolarga muntazam to‘qnash kelaveradi. Ulardan eng asosiylaridan biri – millatlar va elatlar genofondiga bevosita va bilvosita halokatli ta’sir etadigan, insonlar va hayvonlar o‘zaro munosabatda yashab turgan muhitda vujudga kelayotgan turli yuqumli kasalliklarning tarqalishidir. Kasalliklar davlatlarga katta iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, odamlar hayotiga ham xavf solib kelgan va bu ayni kunda isbotini topmoqda.
Mamlakatimizda bu borada barcha huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar muntazam olib borilmoqda. Natijada chetdan insonlar va hayvonlar uchun xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi, keng darajada tarqalishining ma’lum ma’noda oldi olinib, barqaror epizootik vaziyat saqlanishiga harakat qilinmoqda. O‘z vaqtida Hukumat va mas’ul mutasaddi tashkilotlar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bugungidek murakkab sharoitda ham xalqimiz o‘z irodasi va matonatini namoyon etmoqda. Hayvonlardan tarqalganligi taxmin qilingan, aslida odamzod va hayvonot olami o‘rtasidagi tabiiy muvozanatning buzilishi oqibatida kelib chiqqan CoVID-19 pandemiyasi insoniyatga yaxshigina saboq berdi.
Insoniyat tarixida bunday muammolar ko‘p bora qayd etilgan. Vabo, o‘lat, pandemiyalar hamisha insonlarni birlashishga, jipslashishga, tabiat qonunlarini hurmat qilishga undagan. Faqat bu muammoning ko‘lami bugungidek keng, dunyo miqyosida bo‘lmagan. Vaziyat bugungidek murakkab darajaga yetmagan. Tez kunlarda bu muammoning yechimi topiladi, deb umid qilamiz.
Har yili aprel oyining oxirgi shanbasi butun dunyoda Xalqaro veterinariya kuni sifatida nishonlanadi. O‘zbekiston 1992 yildan buyon Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti a’zosi.
Xalqaro veterinariya kuni esa mamlakatimizda 2018 yildan buyon nishonlanmoqda. Yurtimizda veterinariya sohasiga qaratilgan e’tibor - bu infrastruktura mamlakat iqtisodiyoti va xalq xo‘jaligida salmoqli o‘rinlarni egallashi bilangina izohlanmaydi. Yurtimiz azaldan usta chorvadorlar makoni bo‘lgan. Qoramolchilikning barcha turlari, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik borasida katta maktab yaratilgan. Bu sohalarda jamlangan bilim va ko‘nikmalar ming yillar davomida halqimizning turmushi farovonligi mezoni sifatida e’tirof etilgan.
Mamlakatimizda veterinariya infrastrukturasining rivojlanishi hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, aholini xavfsiz va iste’molga yaroqli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilayotir.
Bugungi kunda veterinar kasbi dunyoda oziq–ovqat xavfsizligini ta’minlovchi soha sifatida tan olinadi. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarda bu kasb egalariga katta maosh to‘lanadi.
Veterinar mutaxassislar esa yurtimizda birgina Samarqand veterinariya meditsinasi institutida tayyorlanadi. Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan mazkur oliy ta’lim dargohi tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan. 2018 yilning 8 may kuni Shavkat Mirziyoyevning qarori asosida, sobiq Samarqand qishloq xo‘jalik instituti negizida tashkil etilgan bu oliygoh bugun veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yangi, zamonaviy bilimlarga ega oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni sohaga tatbiq etishni maqsad qilgan.
Bugun institutning 5 ta fakultetida 5000 nafardan ziyod talabalar tahsil olmoqda. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti dunyoning 80 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan. Bu hamkorlik natijasida institut talabalari va professor o‘qituvchilari xorijga o‘qishga va malaka oshirishga yuboriladi. Institutning Nukus va Toshkent filiallari va ta’lim dargohi qoshida texnikum hamda akademik litsey faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ayni kunda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti veterinariya sohasi mutaxassislari tayyorlaydigan Markaziy Osiyodagi yagona oliy ta’lim muassasasidir.
Kelajakdagi rejalar, istiqbolda amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar ko‘p. Bu loyihalar xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, oziq-ovqat havfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Fursatdan foydalanib, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti jamoasi nomidan mamlakatimizdagi soha vakillari, mutasaddilari va mutaxassislarini Xalqaro veterinariya kuni bilan tabriklayman!
Mas’uliyatli, sharafli kasbingizda omad yor bo‘lsin!
Xudaynazar YuNUSOV,
biologiya fanlari doktori, professor, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori.