Bugungi fermer faqat yerda ishlaydigan dehqon emas, u agrobiznes yetakchisi, tadbirkor, hosilot, sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishi kerak

Samarqand viloyati fermerlari Kengashi Rayosati fermerlarga murojaat qilmoqda.

Hurmatli fermerlar, mirishkor dehqonlar!

Prezidentimiz joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekinlarni yuqori agrotexnik darajada parvarishlash, fermer xo‘jaliklarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Suvni iqtisod qilish bo‘yicha Xorazm o‘z tajribasini yaratdi. Bunda fermer va dehqonlar tomonidan 93 ming gektar yer maydonini lazerli tekislash yo‘lga qo‘yilgani, 196 ming gektar yerga esa suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilganligi natijasida yiliga 1 milliard kub metr suv iqtisod qilingani ta’kidlandi. Kelgusida Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi bilan hamkorlikda 7,5 ming gektarda yomg‘irlab sug‘orishni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan ilm, texnologiya va tajribani asosiy ish quroliga aylantirgan zamonaviy fermerlarimiz mineral o‘g‘itlar o‘rniga biotexnologiyalardan oqilona foydalanishga intilib, ilmiy tavsiyalar asosida hasharotlar va kasalliklarga qarshi biologik usullarni keng joriy etmoqda. Zero, har bir yurtdoshimiz yaxshi biladi bugungi fermer faqat yerda ishlaydigan odam emas - u agrobiznes yetakchisi, tadbirkor va mutaxassisdir. Shu boisdan har bir hududda mahalliy sharoitga mos agrotexnik tadbirlar belgilanmoqda.

Hurmatli dehqon va fermerlar!

Ayni kunlarda g‘alladan yuqori hosil kutilmoqda. Hosilga hosil qo‘shib, yuqori marralarga erishish uchun quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb ishlarni amalga oshirishimiz zarur:

G‘alla hosili pishishi arafasida dala maydonlarini suv bostirmasdan peshma-pesh sharbat usulida sug‘orish ishlarini amalga oshirishimiz kerak. Hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda o‘rim kombaynlarini mavsumga tayyorgarligini yana bir bor ko‘rib chiqish zarur.

Viloyatimizda paxta ekish mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Dalalarda g‘o‘zadan to‘liq nihol undirib olindi. Eng muhimi  suvning oldingi yillarga nisbatan ko‘payishi bu yilgi hosilning mo‘l bo‘lishi garovidir. Yuqori xirmon yaratish uchun bugun zarur agrotexnik tadbirlarni kechirtirmasdan amalga oshirish lozim.

Tumanlarda har bir fermer kesimida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shu asosda ishlarni aniq tashkil qilish;

- g‘o‘za unib chiqqan maydonlarda gektariga 200 kilogramm karbamid va 100 kilogramm kaliyli mineral o‘g‘iti bilan kultivatsiya qilish;

- g‘o‘za maydonlaridagi mavjud begona o‘tlarni tez fursatda tozalab, begona o‘tdan tozalanmagan g‘o‘za maydonlariga mineral o‘g‘it bermaslik bo‘yicha fermer xo‘jalik rahbarlarini qat’iy ogohlantirish lozim;

-suvchilarga to‘liq sharoit yaratib bergan holda, g‘o‘zani sug‘orishda suvning isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymasdan, 1- va 2- sug‘orish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash chorasini ko‘rish zarur;

- rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘za maydonlarini qo‘shimcha oziqlantirib, shu qatori qo‘shimcha kultivatsiya, chuqur yumshatish, suspenziya sepish ishlarini hamda sug‘orishni faqat sharbat va fekal bilan o‘tkazish kerak;

- g‘o‘zaning turli kasalliklari, hasharotlarga qarshi kurashish uchun biolaboratoriyalarni to‘la quvvat bilan ishlatish lozim. Asosan, biomahsulotlarni dalaga ertalab va kechki paytda belgilangan tartibda  chiqarish kerak. Har bir gektar g‘o‘za maydoniga 2 tadan feromon tutqich va 10 ta suyuqlik solingan idishlarni o‘rnatish hamda har 3 kunda suyuqlik, kley va kapsulalarni yangilab turish shart (albatta mutaxassis tavsiyasi asosida).

Hurmatli fermerlar va klaster rahbarlari!

Sizlarning fidokorona mehnatingiz natijasida aholi tabiiy, sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda. Qishloqlarda hayot sifati yaxshilanib, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Eksport salohiyati ortib, yurtimiz brendini dunyo tanimoqda.

Ayni kunlarda g‘alla va paxta dalalaridagi barcha agrotexnik tadbirlarni tezkorlik bilan, aniq reja asosida amalga oshirish talab etiladi. Buning uchun suvni tejab, belgilangan muddatda sug‘orishni ta’minlash, mineral o‘g‘itlardan va yerdan oqilona foydalanish hamda o‘rim-yig‘imga sifatli tayyorgarlik ko‘rishga qat’iy bel bog‘lash, bu muddatlarni o‘tkazib yubormaslik zarur.

Ishonamizki, fermerlarimiz bilim, tajriba va mehnatsevarligi bilan bu yil ham yuksak natijalarga erishadi.