Bugungi holat bilan ta’limda sifatni oshirib bo‘ladimi?

So‘nggi yillarda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida raqobatdosh kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va ta’lim olish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga katta e’tibor berilmoqda. Lekin ming afsuski, ta’lim sifati shu sharoitlarga munosib emas.

Misol uchun, o‘tgan yil reyting natijalariga ko‘ra, faqatgina SamDU kuchli o‘ntalikka (5-o‘rin) kirgan, oxirgi o‘ntalikda SamDAQI (53-o‘rin) o‘rin egallagan.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati ham yetarli emas. Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari o‘rganilganda ko‘plab muammolar hali o‘z yechimini topmaganligi, ta’lim muassasalari rahbarlari, ta’limni boshqarish organlari va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yangi o‘quv yiliga hamda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik masalalariga e’tiborsizlik bilan qaralayotganligi aniqlangan. Joylarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, bu faqatgina kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, sinf xonalarni tayyorlash degan noto‘g‘ri tushuncha shakllangan. O‘qituvchining tayyorgarlik holati, uning mutaxassislik fani bo‘yicha saviyasini oshirish va metodik jihatdan ta’minlanganligi e’tibordan chetda qolmoqda.

Xususan, joriy o‘quv yilida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 146 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj mavjud.

Viloyat umumta’lim maktablaridagi 233 ta (19 foiz) fizika fani, 498 ta (64,2 foiz) kimyo fani, 340 ta (38,6 foiz) biologiya fani xonalari laboratoriya jihozlari bilan, shuningdek, 186 ta o‘quv kompyuter sinflari kompyuter texnikalari bilan ta’minlanmagan.