Bugunning gapi: “Suvga tupurish”, yo‘lga axlat tashlash, daraxtni sindirishning oqibatlarini anglayapmizmi?

Bugun bashariyat asosan uchta katta muammo bilan to‘qnash kelmoqda. Ulardan biri jahon aholisi sonining jadal ortib borayotgani va turli omillar sabab tabiiy resurslarning kamayishi bilan bog‘liq oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligidir. Ikkinchi muammo - bu xalqaro terrorizmning chegara bilmay, tomirlab borayotganligi barcha xalqlarni jiddiy tashvishga solayotir. Ekologiyaning tobora izdan chiqayotganligi esa eng katta, global muammo sifatida e’tirof etilmoqda.

Xorij mamlakatlarida ro‘y berayotgan to‘fonlar, o‘rmon yong‘inlari, dunyo okeanlarida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar, global isish, parnik effekti, fasllardagi noodatiy o‘zgarishlar, chuchuk suv yetishmovchiligi, Orolning qurishi hamda koronavirus kabi fanga noma’lum bo‘lgan kasalliklarning paydo bo‘lishi kabi muammolarda antropogen, ya’ni inson omili hissasi salmoqli.

Insoniyat haqiqatan ham bugun jiddiy, o‘ylaydigan masalaga yuzlanib turibdi. Ekologiyaga yetkazilayotgan zararlar tufayli dunyo bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ba’zi salbiy o‘zgarishlar olimlar bashorat qilganidan ertaroq namoyon bo‘layotir. Ayrimlari taxmin qilinganidan tezroq ro‘y berishi kutilmoqda. Bu allaqachon dunyo davlatlarini hushyor torttirgan.

Masalaga kengroq yondashsak, global iqlim o‘zgarishlari mintaqaviy va milliy xarakterga ega bo‘lib, har qanday mamlakatning barqaror ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishiga katta xavf soladi. Xususan, mintaqamiz mamlakatlari iqtisodiyotining rivojlanishi xom ashyo va resurslarni katta hajmda iste’mol qilishga yo‘naltirilganligi, shu paytgacha samarasiz boshqaruv tizimi va tabiat resurslaridan besamar foydalanish Markaziy Osiyo davlatlari hududida bir qancha ekologik muammolarning shakllanishiga sabab bo‘ldi. Mintaqada suv, yer, yoqilg‘i energetika zaxiralaridan rivojlanish istiqbolini hisobga olmasdan foydalanishning oqibatlari bugun yaqqol sezilmoqda.

Misol uchun, mamlakatimiz hayvonot dunyosi salkam 15.7 ming turdan iborat bo‘lib, bulardan 184 turi, mavjud 11 ming o‘simliklardan 324 turi, qo‘ziqorinning esa 3 turi Qizil kitobga kiritilgan. 2017 yilgi statistika ma’lumotida qayd etilishicha, bir yilda respublikamizda 114.7 million tonna sanoat va iste’mol chiqindilari, jumladan, qayta ishlash mumkin bo‘lmagan zaharli chiqindilar 41.6 million tonna, qayta ishlash mumkin bo‘lgan zaharli chiqindilar 42.8 million tonnani tashkil etgan. Respublikamiz atmosfera havosiga chiqarilgan jami ifloslantiruvchi moddalarning miqdori birgina 2018 yilning o‘zida 2.492 million tonnaga yetgan.

Yurtimizda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-sonli Farmoniga ilova sifatida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi qabul qilinishi ayni muddao bo‘ldi.

Konsepsiyada aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zarur sharti sifatida atrof-muhitda yashash uchun qulay holatni ta’minlash, salomatlikka salbiy ta’sirni pasaytiruvchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga barqaror iqtisodiy rivojlanish, biologik resurslarning qayta tiklanishini ta’minlash maqsad qilingan.

Fan-texnika taraqqiyoti ekologik tanazzulni yuzaga keltirmoqda. O‘tmishga nazar solsak, ajdodlarimiz sharqona odob-axloq tamoyillari asosida tabiatga nihoyatda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishgan. Bir paytlar yoshi ulug‘ kishilarning "suvga tupurma, yo‘lga axlat tashlama, daraxtni sindirma, niholni qayirma, yomon bo‘ladi”, singari pand-nasihatlarini o‘rta avlod vakillari yaxshi eslaydi. Yoshlarni birgina "yomon bo‘ladi", degan so‘z sergak torttirgan. Tabiatni avaylashga, e’zolashga undagan.

Hozir nega unday emas? Gap nimada o‘zi? Xo‘sh, bu borada ajdodlarimizga xos an’ana zanjiri qachon va qay tarzda uzildi. Gap balki loqaydlik, beparvolik va noo‘rin xotirjamlikka berilganimizdadir.

Xaspo‘shlamasdan aytadigan bo‘lsak, avvalo ekologik tarbiyamiz izdan chiqdi. Agar unday emas desak, shaxsiy manfaat yo‘lida daraxt va butalarni tomiri bilan qo‘porishlar, noqonuniy ovchilik, turli ko‘rinishdagi atrof-muhitni ifloslantirishlar ko‘lami oshib borayotganini nima bilan izohlash mumkin?

Hozir bolalarni qo‘ya turaylik, katta yoshdagi kishilarning ham duch kelgan yerga maishiy chiqindilarni to‘kib ketishi, atrof-muhit sanitariya holatini buzishlar, barg-xazon yoqayotgani kabi holatlarga duch kelayapmiz. Aholi gavjum aksariyat bozorlarimizdagi manzaralar kiishi ta’bini xira torttiradi. Bunday joylarning turli yuqumli, surunkali va tuzatish qiyin kechadigani infeksion kasalliklar manbai bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. To‘g‘ri, bu kabi e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar ma’muriy javobgarlikka tortilayapti. Yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan qayta-qayta jarimalar qo‘llanilmoqda.

Gapning indallosini aytganda, o‘zimiz o‘tirgan shoxga o‘zimiz bolta uryapmiz. Fikrimizga birgina misol, joriy yilning 27 iyul sanasida Zarafshon qurilish boshqarmasi xodimi Mirali Sh. o‘zi boshqaruvidagi ekskovatorda lotok ariq tozalayotib, yo‘l chetida o‘sib turgan bir tup o‘rik daraxtining bir qismini sindirgan va daraxtning tabiiy o‘sishi hamda rivojlanish holatiga jiddiy shikast yetkazgan. Uning bu harakati O‘zbekiston Respublikasi MJT kodeksning tegishli moddalariga xilof deya topildi va u 2 million 230 ming so‘m jarimaga tortildi.

Mirali Sh. bu xunuk ishni ataylab qilmagan deydigan bo‘lsak, loqaydlikka, beparvolikka yo‘l qo‘ygan degan "tashxis" kelib chiqadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. “Atrof-muhit, tabiat muhofazasi uchun qayg‘urish faqat shu soha xodimlarining ishi. Menga nima, bu borada bosh qotirmasam ham bo‘laveradi”, qabilida fikr yuritsak, katta xato qilgan bo‘lamiz. Chunki barchamiz birdek borliq, olam kemasidamiz. Bu kemaga tushganning esa joni bir.

Ekologik barqarorlikni tiklash va ta’minlash yo‘lida barchaning, ayniqsa, keng jamoatchilikning bir tanu bir jon bo‘lib harakati qilishi shart ekanligi va bunga katta ehtiyoj borligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

O‘rni kelganda aytish kerak, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish xodimlari vakolatlari doirasidan kelib chiqib joylarda tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda. Vaholanki, samaradorlikka erishishda barcha tarmoq, soha xodimlarining ekologiyaga daxldorligini yanada chuqurroq his etishi muhim ahamiyatga ega.

Avvalo, har qanday tarbiyaning tamal toshi oiladan boshlanadi. Zero, ota-bobolarimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb bejiz aytishmagan. Oilada ota-ona tabiatga nisbatan qanday munosabatda bo‘lsa, xuddi shunday munosabatni vaqti kelib farzandlaridan kutadi.

Qanday dars turi bo‘lishidan qat’i nazar o‘qituvchilar ham darslarda ekologik tarbiyaga alohida to‘xtalishi lozim.

Salim QO‘ShBOQOV,

Qo‘shrabot tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi boshlig‘i.