BUGUNNING RAHBARLARI

Ko‘z tashlasang moziyning bepoyon dashtlariga,
Sarobdek jimirlagay zamonlar karvonlari.
Sahroyi qirlar kabi sahro otashlarida
Charchagan karvonlarning sertashvish sarbonlari.

Yarador sherdek vahshiy to‘fonlar changalida,
Ojiz kapalak misol titranganda kemalar;
Darg‘alar bo‘lmasaydi ummonlar janglarida,
Kemani bir pashshadek yutardi vahimalar.

Panipatda bir hovuch sheryurak lashkar bilan
Boburshoh quchmasaydi g‘olibona tal’atni;
Botirlarning poyiga to‘shalmasdi pat gilam,
Zamin aslo ko‘rmasdi muhtasham saltanatni.

Ha, tarix charxpalagi aylanmoqda bemalol,
Asrlarni don kabi yanchar tegirmontoshi.
Sergak turmasang ammo tog‘lar ham topgay zavol,
Illo, tegirmonga ham shartdir tegirmonboshi.

Yuz qo‘shchiga bir boshchi, deyilmish ota maqol,
Quyosh kabi mangudir, barhayotdir g‘azalday.
Har guzarga bir peshvo, mahallaga oqsoqol,
Har tumanga dorug‘a lozim erur azaldan.

Kun chiqib, botsa ham oy, bilmay orom, halovat,
Elboshilar, ellarga mulki chiroq bo‘lganlar.
Nuh to‘foni singari quturganda qabohat,
Biri Rustami doston, biri Shiroq bo‘lganlar.

Eslar bo‘lsak biylarning zabarjad dovlariga,
Adolatli ko‘zgudir o‘tmishning daftarlari.
Xo‘sh, siz-chi, siz tayyormi davron sinovlariga,
Taloto‘p asrimizning izzatli rahbarlari?

Deylikki, kemangizni girdob tortdi qa’riga,
Karvonga qaroqchidek hujum qildi quyunlar;
Siz dunyoni qoldirib taqdir kajraftoriga,
Arosat mahdudida qilmaysizmi o‘yinlar?..

Yoxud bahri baqodek ol-ol chamanzorlarga,
Samumday kirsa bosib chigirtkalar, qarg‘alar;
Palaxmon toshi bo‘lib g‘alamis, g‘addorlarga,
Bo‘stonlarni asrashga yaraysizmi, darg‘alar?..

Bugun bitta puflasang xasdek yonishga tayyor,
Bugun tandirday chatnab turibdi keksa Ochun.
Bugun bilmoq maholdir, kim birodar, kim ag‘yor,
Bugun bilmoq maholdir, kim quzg‘unu, kim lochin.

Shunday damda bo‘ronlar qutqu solib mastona,
Qutursa, kurashlarga yetadimi kuchingiz?
Vaholanki, ulusga qo‘rg‘on bo‘lib shohona,
Tog‘day mag‘rur turmoqlik sizning oliy burchingiz.

Hokimdirsiz, yo vazir – katta elda sarkorsiz,
Yelkangizda turibdi katta elning yumushi.
Katta elning koriga har qadamda darkorsiz,
Yengil emas, albatta, katta elning tashvishi.

Bilamiz, safingizda eranlar ko‘p, erlar ko‘p,
Yo‘qsa ar-ar chinordek qalqinmasdik falakka.
Oldda billonihoya pastu baland qirlar ko‘p,
O‘zbekyurt muhtoj bu kun sherpanja – sherbilakka.

Dunyo – ari inidek behalovat, bezovta,
Yer – mezon tolasidek qaltiraydi omonat;
Ona Vatan mardlarga intizor – ilhaq paytda,
Siz uzangi talashib qilmaysizmi malomat?

Shukrkim, bulutlarning damlarini qayirib,
Osmon o‘par cho‘qqidek turibdi Yurtboshimiz.
Siz ham oqu qorani bir-biridan ayirib,
Qavatida turmoqqa yetgaymi bardoshingiz?..

Hademay iforlarga to‘ldirgay ma’volarni,
Bilga hoqon bobodan meros yurtning bog‘lari.
Ulug‘bek yulduzlari porlatib samolarni,
Quyoshdek yarqiratgay Er To‘nga chiroqlari.

Ulug‘ qo‘rg‘on poyiga qo‘yilmoqda oltin g‘isht
Va Buyuk Evrilishlar shonining poydevori.
Ichingizda To‘maris, kuchingizda Alpomish,
Yoningizda Boburshoh alplaridek Alp bormi?

Bu kunlarga yetguncha yonib, o‘chdi qancha sham,
Tuproq bo‘ldi necha bor saltanatlar, sultonlar.
Botir erlar tufayli ona zamin muhtasham,
Omon qoldi Turkiston, omon qoldi Turonlar.

Arqonlar boshi uzra salanglab turganida,
Millatim deb jon bergan jadidlarni ko‘rdingiz.
Bugun esa o‘zbekning bekaron karvonida,
Bitta jadid bo‘lmoqqa yetadimi qurbingiz?

Afsuski...
Kimdir besar.
Shayton raqsi qonida.
Pashshayu chumolilar burgut sanar o‘zini.
Bo‘ri kabi uvlagan dovullar to‘zonida,
Qodirmisiz oqlashga elning nonu tuzini?..

Axir, egarga minsa, bilmay bosar-tusarni,
Mita kabi rishvaga qul bo‘lgan kaslar yo‘qmi?
Goh xudoyu rasulu, goh nag‘mai usulni,
Qiblai panoh bilgan, nafsi choh dastlar yo‘qmi?

Bu so‘zlar dilingizga botar balki, misli o‘q,
Axir, haq so‘z dahshatdir hatto zahri chayondan.
Lekin, «yantoqning yog‘i, kattalarning sog‘i yo‘q»,
Deyilmish iddao ham tushmagan-da osmondan...

Rahbar – millat sharafi.
Rahbar – millat ko‘zgusi.
Oqil rahbar, chin rahbar, elning sarbadoridir.
Noshudlar bir kun so‘zsiz somon kabi to‘zg‘usi,
Botir erlar el-yurtning iftixori – oridir.

Shulbois ham jam bo‘ling, jam bo‘lsangiz yulduzlar,
Somon yo‘li misoli to‘shalgay poyimizga.
Pufak kabi yorilgay pastkashlaru hissizlar,
O‘zonlar havas qilgay o‘lan – xirgoyimizga.

Jam bo‘lsangiz, jilg‘alar aylangay daryolarga,
Rayhonu jambillarga makon bo‘lgay qasrimiz.
Nilufar tonglarimiz cho‘milgay ziyolarga,
Bahor tarovatiga ko‘milgay to‘rt faslimiz.

Jam bo‘lsangiz, to‘lgaydir mardona dostonlarga,
Yangi O‘zbekistonning shohona daftarlari.
O‘zbekning har qadami aylangay bo‘stonlarga,
Burgutlarga aylangay o‘zbekning kaptarlari.

Jam bo‘ling! Jam bo‘lsangiz, qorlar yongay o‘t bo‘lib,
Shamlar – shamsga aylangay o‘tyuraklar qo‘ridan.
Yomg‘ir duv-duv to‘kilgay ombor to‘la qut bo‘lib,
Raqiblar ham joy bergay minbarlarning to‘ridan.

Birlashsak – bitta xalqmiz.
Jam bo‘lsak – bitta Vatan.
Havas qilgay o‘zbekka jahonning javharlari.
Siz ham Yurtboshimizdek xalq bilan bo‘ling bir tan –
Yangi O‘zbekistonning bugungi rahbarlari!

Abdusaid KO‘ChIMOV.

23.10.2024 yil