Bulung‘ur tumanini jadal va kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n uchinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2024 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti tashqi audit va baholashdan o‘tkazilganligi yuzasidan palata mas’ul xodimi N.Ikromov ma’lumot berdi.
Hisobotda 2024 yildagi mahalliy byudjet ijrosi jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilangani aytildi. Viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlarga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lardan tejamkorlik asosida maqsadli va samarali foydalanish, byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarini barcha manbalar bo‘yicha to‘liq ta’minlash yuzasidan rahbarlarning mas’uliyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Masala bo‘yicha viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi, soliq va g‘aznachilik boshqarmalari mas’ullarining axborotlari eshitildi.
Kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yil 12 iyulda qabul qilingan “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Qayumovning hisoboti tinglandi.
Hisobotda keltirilishicha, viloyatda 2025 yilning 4 oyida umumiy sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 taga (235/269), o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 6 taga (77/83), tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 69 taga (173/242) oshgan.
– O‘lim bilan bog‘liq hodisalar Urgut tumanida 11 ta, Jomboy, Oqdaryo va Toyloq tumanlarida 8 tadan, Past Darg‘omda 6 ta qayd etildi, – dedi Z.Qayumov. – Yo‘l-transport hodisalarining 135 tasi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgani g‘oyat tashvishlanarlidir. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 82 tasi xalqaro, 47 tasi davlat, 99 tasi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida yuzaga kelgan. Haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikni oshirish, yo‘lning toifasi harakat jadalligiga mos emasligi va yoritish moslamalari tungi vaqtda ishlamasligi, piyodalar uchun yo‘laklar yo‘qligi yo‘l-transport hodisalari kelib chiqishiga asosiy sabablardan bo‘lgan.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini kelib chiqishiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga joriy yilning 4 oyi davomida 44 ta taqdimnoma kiritilgan.
Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yil boshidan buyon viloyat bo‘yicha 1159 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yaroqsizlari yangisiga almashtirilgan, 9 ta yangi svetofor ob’yektlarni qurish va mavjudlari rekonstruksiya qilish ishlari bajarilgan.
Mazkur masala muhokamasi jarayonida yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar idoralari bilan birga jamoatchilik ham faol ishtirok etishi, haydovchi va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi, mahalliy hokimlik va mutasaddi idoralar tomonidan yo‘l inftratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilishi lozimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng deputatlar hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflarining yangi miqdorini ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildilar.
Unga ko‘ra, viloyatda maishiy chiqindi uchun bir kishiga bir oylik to‘lov miqdori Samarqand shahri va Samarqand tumanida 9500 so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahri va boshqa tumanlarda 8000 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun ham to‘lov tarif miqdori yangilandi.
Sessiyada viloyatda 2026-2028 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi va loyihalar tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 1 apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, Bulung‘ur tumanini 2025–2026 yillarda jadal va kompleks rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Dasturda, jumladan, tumandagi Bulung‘ur shoh, Fozil Yo‘ldosh hamda Mustaqillik ko‘chasini tunu kun ishlaydigan ko‘chaga aylantirish, Bulung‘ur kanali bo‘yida 25,1 gektar yer maydonida aholi uchun zamonaviy dam olish maskanlari tashkil etish, M-39 avtomagistral yo‘lining tumandagi Samarqand, Ulug‘bek, Kattaqishloq, Yangiariq, Olmazor va G‘o‘bdin mahallalari hududidan o‘tuvchi qismi yo‘l bo‘yida 75 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ochish, tuman markazidagi Guliston va Bulung‘ur mahallalarida renovatsiya dasturi asosida 7 ta 2 qavatli, 1 ta 3 qavatli, 90 ta yakka tartibdagi turar hamda 17 ta noturarjoylar o‘rnida 1320 xonadonli 22 ta zamonaviy, energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar qurish ko‘zda tutilgan.
Sessiyada qishloq joylarni kompleks rivojlantirish (2-bosqich) loyihasi doirasida ishlab chiqilgan manzilli ro‘yxatini tasdiqlash, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.