Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida chuqurlashtirilgan sayyor tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasi bosh shifokori, professor N.Abdullayeva boshchiligida 20 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar Bulung‘ur tumani Mingtepa mahallasi “Do‘stlik” qishloq vrachlik punktida aholiga chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdi.
Unda laborator tahlillar, ultratovush tekshiruvi, EKG tahlili tekshiruvlari tashkil etildi. Tibbiy ko‘rikda surunkali kasalliklar aniqlangan 102 nafar bemorga shahar va viloyat ixtisoslashgan davolash muassasalariga yo‘llanma berildi.
Institutning yuqumli kasalliklar kafedrasi mudiri, dotsent N.Yarmuxammedova boshchiligida kafedra o‘qituvchilaridan tashkil topgan malakali mutaxassislar Jomboy tumani tibbiyot birlashmasiga borib, 60 nafarga yaqin dispanser nazoratida turgan bemorlarda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdi.
Bundan tashqari, kafedraning professor-o‘qituvchilari aholi orasida “Xavfsiz emlash qoidalari”, “Emlash nima uchun kerak?”, “Aholini sog‘lomlashtirish yo‘llari” mavzularida davra suhbati tashkil etdi.
Shuningdek, kafedra xodimlari Jomboy tumani aholisini “COVID-19”ga emlanish jarayonida ham faol qatnashdi. Aholiga emlash samaradorligi haqida tushuntirish ishlari olib borishdi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.