Bulung‘urda hanuz Ucell kompaniyasi tomonidan 2G internet tezligiga moslashgan aloqa tarqatish moslamalari “ishlamoqda”

Internet tezligi mamlakatimizning turli hududlarida turlicha ekanligini eshitib qolamiz. Shuningdek, bu qaysi aloqa kompaniyasi mijozi ekaniga ham bog‘liq. “Bu yerda UMS yaxshi ishlamaydi yoki Ucellda internet yaxshi”, degan gap-so‘zlar qulog‘imizga chalinadi.

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi  ishonch telefoniga (10-91)  Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani hududida Ucell kompaniyasi abonentlari uchun internet va aloqa sifat darajasi talabga umuman javob bermasligidan norozilik bildirilgan ikkita bir xil mazmundagi murojaat qabul qilingan. Murojaat Samarqand viloyat hududiy birlashmasi va shahar jamiyati mutasaddilari tomonidan  “COSCOM”  MChJning texnik mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha,  tumanning Elobod mahallasi hududida Ucell kompaniyasi tomonidan 2G internet tezligiga moslashgan aloqa tarqatish moslamalari  o‘rnatilgan. 3G tezlikka o‘tish kompaniyaning 2019 yil rejasiga kiritilmagan.  Ushbu hududda Ucell kompaniyasi mijozlarining talablari oshib borishiga qarab,   “COSCOM”  MChJ rahbariyati tomonidan bu masala qayta ko‘rib chiqilishi  ma’lum qilindi.

Nima ham derdik, 4G internet tezligi hozircha bulung‘urliklar uchun orzuligicha qoladi, shekilli!

Gulchehra BERDIYoROVA.