Bundan olti yarim asr avval Amir Temur bog‘ida limon o‘stirilgan

Movarounnahrda markaziy hokimiyatning kuchsizlanishi natijasida XIV asr o‘rtalarida iqtisodiyotning navbatdagi pasayishi kuzatildi. Hunarmandchilik ishlab chiqarishi kamaydi, ichki va tashqi savdo aloqalari qisqardi. Sug‘orish inshootlari feodallararo urushlar tufayli inqirozga yuz tutdi, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi darajasi sezilarli kamaydi. Quyida biz Amir Temur hukmronlik qilgan shu davrda Movarounnahrda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy hayot haqida fikr yuritamiz.

Hokimiyatga Amir Temurning kelishi va markazlashgan davlat barpo etilishi, avvalo, qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga imkoniyat yaratdi. Temur farmoyishiga muvofiq, ekinzorlar yaqiniga o‘tov o‘rnatish taqiqlandi.

Akademik V.Bartoldning tavsificha, “Temur tomonidan ajoyib bog‘-rog‘lari bilan muhtasham binolar qurildi, shahar va qishloqlar tiklandi, sug‘orish tizimlari barpo etildi va tuzatildi, ekin yetishtirish mumkin bo‘lgan yerlar bekor yotmadi”.

Dehqonchilikni tiklash va rivojlantirish tadbirlarini ko‘rarkan, Amir Temur O‘rta Osiyo aholisining kundalik hayoti sun’iy sug‘orish bilan yaqindan bog‘liqligini yaxshi bilgan. Natijada uning farmoyishiga ko‘ra, yerlarni sug‘orishga bog‘liq ishlar amalga oshirilgan, Murg‘ob vodiysida muhim ishlar bajarilgan. Eski Anhor kanalining tog‘ maydoni o‘yib qazilgan, Samarqand va Shahrisabz shaharlarini oqar suv bilan ta’minlash yaxshilangan, deyarli har bir hovlidan ariq o‘tgan. Daryolardan yiroqdagi joylarda sug‘orish korizlar yordamida amalga oshirilgan. Bog‘ va tomorqalarning bir qismi suvni qadimdagi kabi, masalan, Nasaf (Qarshi) shahridagidek quduqlardan olgan, shuningdek bu yerda havo namligidan ham oqilona foydalanishgan. Movarounnahrning serhosil vodiylaridagi dehqonchilikda asosan bug‘doy ekilgan: gandumi obi (sug‘orma bug‘doy), gandumi safidcha (oq bug‘doy), gandumi surxoki (qizil bug‘doy), gandumi surxoki bahori (bahorgi qizil bug‘doy), yirik donli ushtur dandon yoki tuya tishi. Tog‘li joylarda bug‘doyning sovuqqa chidamli navlari yetishtirilgan.

Movarounnahrning asosiy dehqonchilik hududi Zarafshon vodiysi bo‘lgan, undan keyin Qashqadaryo vodiysi turgan. Chag‘oniyon viloyatida non arzon bo‘lgani, Surxondaryoda Termiz donli ekinlar yetishtirilgani, bu joydan Amudaryo orqali Xorazmga bug‘doy yuborilgani tarixiy asarlarda qayd etiladi. Xorazmda jo‘xori va beda, barcha joylarda esa mosh va no‘xat ekilgan.

O‘rta Osiyoda eng ko‘p tarqalgan ekinlardan biri guruch bo‘lib, Samarqand tomonlarda benihoya ko‘p bo‘lgan. Temur va temuriylar davrida texnik ekinlardan paxta muhim o‘rin tutgan. U Samarqand yaqinidagi yerlarda, Balx atrofi, Shahrisabz yaqinidagi sug‘orilma yerlarda yetishtirilgan. Temur hukmronligi chog‘ida zig‘ir ekish paydo bo‘lgan.

Tut daraxti, asosan ipak qurtlarini ko‘paytirish va boqish uchun ekilgan. Samarqand va Buxoroda pilla sotadigan do‘konlar bo‘lgan. Bo‘yoq olinadigan o‘simliklar, jumladan, qizil va sariq ranglar olishda foydanilgan ro‘yan o‘simligi yetishtirilgan. Xina siyoh tayyorlashda, kosmetikada, dorivor sifatida, qog‘ozga rang berishda ishlatilgan. Manbalarning guvohlik berishicha, Buxoroda “Qirmiz nomli qimmatbaho bo‘yoq cho‘ldagi uncha katta bo‘lmagan daraxt qurtlaridan olingan”.

Bog‘ va uzumzorlar katta yerlarni egallagan. Amir Temur buyrug‘i bilan tashkil etilgan bog‘da limon o‘stirilgan. Buxoroning Jo‘ybor degan joyida limon, xurmo va shamshod daraxti o‘sgan.

Samarqandcha va toshkentcha uzum navlari qatorida sohibi navi ham yetishtirilgan. Musallas tayyorlash rivoj topgan; darajasi turlicha bo‘lgan musallaslar tayyorlangan, buxorochasi ular ichida eng yaxshisi hisoblangan. Temur va Ulug‘bek tashkil etgan bazmi jamshid va tantanali qabullarda soqiy (may quyuvchi) barchaning e’tiborini qozongan. Temur va Ulug‘bek barpo etgan bog‘larda turli davlatlardan kelgan elchilar qabul qilinar, ular yurtiga qaytgach, Temur saltanatining go‘zalligi va qudrati haqida xabarlar tarqatardi.

Qishloq xo‘jaligida poliz ekinlari katta o‘rin tutgan, ular “butun dunyoda eng yaxshi va eng mo‘l-ko‘l”, deb hisoblangan. “Movarounnahrning hech bir yerida Buxorochalik ko‘p va a’lo qovun yetishtirilmagan”, deb yozgandi keyinchalik Bobur.

“Miri Temur” deb atalgan va Buxoronikidan shirinroq hisoblangan qovun navining yetishtirilishi, ehtimol Temur nomi bilan bog‘liqdir. “Farg‘ona Axsisida “Miri Temur” nomli Buxoronikidan totli va nafis qovun navi bor” deb yozadi Bobur. Xorazm qovunlari, ayniqsa ko‘k tarnay navi juda ajoyib bo‘lgan.

Movarounnahrda dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik, asosan qorako‘l va dumbali qo‘y nasllarini yetishtirish juda rivojlangan. Aholining yarim ko‘chmanchi qismi ko‘p sonli qo‘y podalariga egalik qilgan. O‘troq aholi ham qo‘y boqqan. Temuriyzoda Badiuzzamon Mirzoga Zunnun Arg‘un birvarakayiga 40 ming qo‘yni in’om etgan. Qo‘ylarning nasl tarkibi turlicha bo‘lgan. Hisori naslli qo‘ylarga yaqin bir xil qo‘ylar bir paytlar Volgabo‘yi, Bulg‘or, Oltin O‘rdada yetishtirilganligi aniqlangan. Bular dumbali qo‘ylar guruhiga kiritiladi.

Xo‘jalik hayotida yilqichilikka muhim o‘rin ajratilgan. Turli nasldagi otlar, jumladan “o‘zbek”, “turkman”, “arab” va boshqalar ko‘paytirilgan yo‘rg‘a otlar juda qadrlangan. “Bu yerlarda otlar chidamligi bilan mashhurdir”, - deb yozadi elchi va sayyoh Klavixo. Ko‘p sonli otliq Temur qo‘shinining asosiy turi bo‘lgan. Jang maydonidan yolg‘ondakam chekinib, Temurning otliq qo‘shini odatda dushmanga yashirib qo‘yilgan otliqlari bilan to‘satdan kuchli zarba bergan. Shoshilinch xabar yetkazish uchun tez chopishga moslangan otlardan foydalangan. Ot go‘shti va sutidan O‘rta Osiyo aholisi keng foydalangan. Biya sutidan qimiz tayyorlangan.

Yuk tashishda asosan tuyalardan foydalanilgan, ular harbiy yurishlarda ham asqotgan. Temur Hindistonga yurishida raqibining qudratli qo‘shinini yengishda jangovar fillarga qarshi ustiga yonayotgan shox-shabba bog‘langan tuyalarni qo‘yib yuborgan. Bundan tashqari, go‘sht, yog‘, sut, jun va teri bergan.

Shuningdek, Temur, Ulug‘bek va sulolaning boshqa vakillari ov bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Ular ov qushlari va itlari bilan bir qancha a’yonlari ovga chiqishgan. Maxsus kiyikchilar qush va hayvonlarni qo‘riqlagan. Afarikent suv qushi ovlash uchun eng yaxshisi hisoblangan.

O‘tan To‘xtamishev,

SamISI dotsenti.

Shovqiddin Abdurashitov,

SamISI o‘qituvchisi.

(Davomi bor)