Butun dunyo sizga qarshi bo‘lib turganday tuyulsa, yodingizda bo‘lsin, samolyot shamolga qarshi parvoz qiladi

XIX asrning 90-yillari oxirida Detroytdagi elektr kompaniyasida yosh mexanik haftasiga 11 dollar maosh olib ishlardi.

U kuniga 10 soat ishlab, uyiga kelganda ko‘pincha hovlisidagi omborxonasida yangi turdagi dvigatel ixtiro qilishga urinib, yarim kechagacha shu yerda qolib ketardi.

Otasi yigit o‘z vaqtini behuda sarflayotganiga amin edi, qo‘shnilari uni aqldan ozgan derdi, faqat rafiqasidan boshqa hech kim bu ishlardan arziguli biror narsa chiqishiga ishonmasdi...
U tunda bir necha soat davomida kerosinli chiroqni Genri boshi ustida ushlab turib, ishlashiga yordam berardi. Qo‘llari ko‘karib ketar, tishlari taqillardi, sovuqlarda ko‘p vaqt turishi sabab tez-tez shamollab qolardi, lekin... U o‘z eriga juda ishonardi!

Yillar o‘tib, omborxonadan guvillagan shovqin eshitildi va qo‘shnilar yo‘lda g‘ildirakli aravada otsiz ketayotgan tentak va uning xotini ko‘rib qolishdi.
Tentaksimon yigitning ismi Genri Ford edi.
Keyinchalik bir jurnalist ixtirochi Genri Forddan boshqa hayotda kim bo‘lib tug‘ilishni istardingiz, deb so‘raganida Genri oddiygina javob berdi: “Kim bo‘lib tug‘ilsam ham... faqat rafiqam yonimda bo‘lishini xohlardim”.
Darvoqe, sarlavhadagi tafakkurona fikrni ham Genri Ford aytgan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.