Buvilarimiz kiygan jelak va paranji-chachvonlar namoyish etildi

Samarqandda shahrida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Buvijonim kiygan liboslar» tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovning shahar, tuman bosqichlarida g‘oliblikni egallagan qizlar momolari kiygan liboslarni namoyish etib, egnidagi kiyimlarni sharhlab berdi.

- Ushbu tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad buvijonlarimiz qadriyatlarini asrab qolish, yoshlarimizning urf-odatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi, kelgusi avlodga yetkazishini ta’minlashdan iborat, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova. - Tanlovning quyi bosqichlari ko‘tarinkilik bilan tashkil etildi. Ayollarning mazkur liboslarni sandiqlaridan chiqarib, namoyish qilishga intilishini kuzatdik.

Jomboy tumanidan kelgan ishtirokchilar buvilarimiz kiygan bosh kiyim - qasabalarni namoyish qilgan bo‘lsa, ishtixonliklar jelaklarni, payariqlik qizlar chachvonlarni ko‘z-ko‘z qilishdi.

G.MO‘MINOVA.