Buxorolik alloma Shayx Sulaymon Buxoriy haqida o‘qiganmisiz?

Bu inson haqida ilk bor 1975 yillarda, talabalik davrimda “Toshkent oqshomi” gazetasida va “Fan va turmush” jurnalida chiqqan maqolalar orqali xabardor bo‘lgan edim. Shayx Sulaymon Buxoriyning men tug‘ilib o‘sgan Qorako‘l farzandi ekanligi bu inson shaxsiga bo‘lgan qiziqishimni yanada orttirdi.
Chunki bungacha biror manbada Qorako‘ldan chiqqan atoqli olim, shoir yoki adib, diplomat haqida o‘qimagan edim. Kasbim tarixchi bo‘lmasa-da ko‘p manbalarni ko‘rdim, ularni o‘qiganim sari o‘z kindik qonim to‘kilgan, kamida 15-16 ajdodim xoki yotgan kichik vatanimning tarixini o‘zim uchun kashf qila boshladim... Yillar davomida Qorako‘l vohasi toponimlarini aqlim yetgancha o‘rganib, tahlil qilib, vatandoshlarimiz fikri-hukmiga havola qildim.
O‘qib-o‘rganishlar asnosida O‘zbekiston madaniyati, ilm-fani va davlatchiligi tarixida munosib o‘rin egallashi mumkin bo‘lgan, taqdir izlari Qorako‘l zaminiga payvasta o‘nlab hurmatli nomlarga duch keldim: Abro‘y, An Lushan, shayx Buxoriy, Muhammad ibn Salom Poykandiy, Bars Poykandiy, Husomiy, G‘oyibiy, Shukuriy, Miriy... Uzoq davom ettirish mumkin bo‘lgan bu ro‘yxatdagi men uchun alohida qiziqish uyg‘otgan shaxs Shayx Sulaymon Buxoriy bo‘ldi. Chunki to‘liq ismi Hoji Shayx Sulaymon Afandi bin Qudratulloh Afandi O‘zbakiy al-Buxoriy (1821-1890) bo‘lgan bu inson XIX asrning o‘rtalarida o‘zbek va turk xalqlari orasidagi sermazmun madaniy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ruhoniy aloqalarni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shgan, o‘z davrida usmoniylarning yuksak hurmatiga sazovor bo‘lgan, bugungi turk ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida ham alohida qadrlanadigan, lekin faoliyatining ko‘p qirralari arxivlar mulki bo‘lib qolayotgan jumboqli shaxsdir. O‘z davrining taniqli tilshunosi, shoiri va diplomati bo‘lgan.
Bu zakovatli zot sobiq Buxoro amirligining Qorako‘l viloyatiga qarashli Qunduz qishlog‘ida ziyoli va aslzoda oilada hijriy 1236, melodiy 1821 yilda tavallud topgan. Turkiyalik olima Sevda Kaman Usmonlilar arxividagi Istanbul takyalari nufus vaqfiyati vasiqasida “Dargoh-i sharif postnishini Hoji Shayx Sulaymon Afandi bin Qudratulloh Afandi”ning aynan yuqoridagi sanada tavallud topganligi qayd qilinganligini o‘zining “Şeyh Süleyman Efendi ve “Lugat-i Çağatay ve Türkî-i Osmânî”ye tanık olarak katkıları” nomli tadqiqotida ko‘rsatib o‘tgan. Fransuz tadqiqotchisi T.Zarkone uning otasining ismi Qudratulloh al-Qunduziy ekanligini, onasi tarafidan Abdulloh (boshqa manbalarda Ubaydullo) eshon Qorako‘liy va Yahyo eshon Turkmoniy bilan qarindoshligi borligini ko‘rsatadi.
Shayx Sulaymonning Qorako‘l vohasida tug‘ilganligiga bilvosita dalil shuki, u o‘zining “Lugat-i Çağatay ve Türkî-i Osmânî” nomli lug‘atida vohadagi bir necha kichik toponimlarni, qorako‘l terisi bilan bog‘liq bir ma’lumotni alohida tilga olib o‘tadi.
Istanbuldagi Buxoro o‘zbeklar takyasida qo‘nim topgan Qo‘qon elchisining arxivlarda saqlanib qolgan quyidagi fikri ham uning aslzoda oiladan chiqqanligini tasdiqlaydi: “Sulton Ahmad atrofida Mehmet Poshoning quyisida joylashgan O‘zbekon xonaqohi sharifining postnishini bo‘lgan Shayx Sulaymon Afandi Buxoroning azaliy aslzodalari va Qo‘qon hukmdori oldida qadimiy xonadon vakili sifatida mashhur bir zot bo‘lsa-da uning bu yerda yashashi bejiz emas ...”.
Mojoristonga qilingan safarda Shayx Sulaymon Afandi boshchiligidagi hay’atga hamrohlik qilgan va u kishini yaqindan tanish imkoniga ega bo‘lgan “Basiret” gazetasining taniqli muxbiri Çaylak Mehmet Tevfik o‘zbek shayxining notiqlik san’atini, she’r o‘qish mahoratini puxta egallagan, qadimgi forsiy va turkiy adabiyotni yaxshi biladigan donishmand inson ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Fransuz tarixchisi T.Zarkone yozganidek, so‘fiy oilada ulg‘aygan Shayx Sulaymon Afandining nomi Buxoroda paydo bo‘lgan va ravnaq topgan Naqshbandiya tariqati bilan ham bog‘liqdir, u Naqshbandiya-Mujaddidiya silsilasining vakilidir. U Shayx Sulaymon Afandining 1844 yilda Haj maqsadida Bag‘dodga kelganini, undan Hijozga o‘tganini yozadi. Hijozga safar uch yilga cho‘zilib ketadi, shu yerda bo‘lg‘usi shayx, tabiiyki, arab tili va madaniyatini, Qur’oni karimni yanada puxta egallaydi. So‘ngra 1847 yilda Buxoro amirining elchixonasi kotibi sifatida Istanbulga keladi va tez orada elchilik lavozimini egallaydi. Keyinroq Istanbulda buxorolik Naqshbandiya tariqati shayxlari asos solgan Buxoro o‘zbek takyasining shayxi etib tayinlangach, tez orada takyani madaniy va ilmiy markazga aylantiradi. Shayx Sulaymon Afandi Buxoro o‘zbek takyasining hajga otlangan turkistonlik musofirlar uchun qo‘nalg‘a va diniy markazgina emas, balki XIX asrning ikkinchi yarmida Usmoniylar imperiyasining siyosiy va madaniy tarixida muhim mavqega ega bo‘lgan tuzilmaga aylanishi yo‘lida katta xizmatlar qiladi.
Sharq va G‘arb sayohatchilari va ulamolari tez-tez uchrashib turadigan hamda qadirg‘a, o‘zbeklar dargohi, o‘zbeklar xonaqohi, Buxoro o‘zbek takyasi nomlari bilan tanilgan bu takya Istanbuldagi boshqa o‘zbek takyalari ichida alohida nufuzga ega edi. Takya Usmoniylarning Buxoro amirligi, Xiva, Qo‘qon va Qashg‘ar xonliklari bilan aloqalarida muhim o‘ringa ega bo‘lgandi. Aslida ushbu takya Istanbul daftardori Ismoil Afandi tomonidan hijriy 1104, melodiy 1692-1693 yilda barpo etilgan edi. 1878 yilda ushbu takya Shayx Sulaymon Afandining sa’y-harakatlari va Usmoniylarning o‘sha davrdagi sultoni Abdulhamidxon Soniyning amri bilan ta’mirlangan. Bu haqida Shayx Sulaymon Afandining Naqshiy taxallusi bilan yozgan quyidagi satrlarida aks etgan (Bu she’r keyinchalik imorat kitobasiga yozib qo‘yilgan):
“Hazrati Abdulhamid Xoni adolatpeshaning,
Umr ila iqbolini qilsin fuzun rabb-i majid.
Mulkparvar bir o‘yla sulton-i xayr andishkim,
Soyasinda kun ba kun vayronalar bo‘ldi jadid.
Jumladan ta’mira pok muhtoj edi bu xonaqoh,
Etdi insho himmatiyla o‘ldi itmoma rasid.
Bu imoratdir ajab Naqshiy dedim tarixini,
Shoh-i Naqshband joyini qildi bino Sulton Hamid”.
(Hijriy 1305 yil).
Shahobiddin Marjoniy va Ignats Kunosh kabi Sharq va G‘arb olimlarining kitoblarida o‘z davrida yaxshi obro‘ga ega bo‘lgan, Turkiston missiyasini muvaffaqiyatli bajargan shayxning o‘lim sanasi haqida hech qanday yozuv yo‘q.
Taniqli turk shoirasi Nigor Xonimning kundaliklarida 1888-1889 yillar mobaynida shoiraning Shayx Sulaymon Afandi va shayxning xotini Najiya Xonim bilan uchrashganligi haqidagi ma’lumotga duch kelish mumkin.
Shayx Sulaymon Afandi 1890 yil sentyabr oyiga qadar o‘z vazifasida ishlashda davom etdi, undan so‘ng uning o‘rniga buxorolik Mirza Olim Afandi tayin etilgan. Bu ma’lumotlarga asoslanib, Shayx 1890 yilda vafot etgan deb taxmin qilinadi. Turk olimasi S.Kaman Silsilayi Usmoniyda shayxning hijriy 1308 yil Muharram oyida (1890 yil avgust-sentyabr) vafot etgani haqida ma’lumot berilganini yozgan.
Sa’dulla G‘aybullayev.
(Davomi bor)