Buyuk alloma merosini chuqur tadqiq etishga imkoniyat yaratildi

O‘zbekiston – dunyo sivilizatsiyasi va islom ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti. Bunday ulug‘ allomalar qatorida Abu Mansur al-Moturidiyni ham keltirish mumkin.
Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan diniy arboblardan hisoblanadi. Abu Mansur al-Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik oqimlardan biri bo‘lmish Moturidiya oqimining asoschilaridan hisoblanadi.
Allomaning hayoti haqida ma’lumotlar juda oz hisoblanib, to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir.
Al-Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, Hanafiya mazhabi olimlaridan dars olib, o‘z bilimini oshiradi. Butun umri davomida shu sohaga oid asarlar yozib qoldirgan. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning (vafoti 1582 yil) "Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot va mashaoyix mazahab an-Nu’mon" ("Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob") nomli kitobida al-Moturidiy va uning asarlari haqida ayrim ma’lumotlar beriladi.
Abu Mansur al-Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham asosan xorijiy mamlakatlar kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.
Al-Moturidiy islom olamida juda nozik hisoblangan "Kitab Tavhid" — asari bizning davrimizga yetib kelgan va u 1970 yilda Fathulloh Xulif tomonidan Bayrutda nashr etilgan. U islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganib, fiqhga va kalomga oid asar yozadi.
Al-Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi. Bu yetuk allomani ulug‘lab “Imom al-Xuda” va “Imom al-mutakallimin” (Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan ham ataganlar.
Islom dinining rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan bu buyuk alloma, din peshvosi, vatandoshimiz 944–945 yilda Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi “Chokardiza” qabristoniga dafn etilgan.
Alloma hayotini hamda ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish maqsadida joriy yilning 11 avgust kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etildi. Shuningdek, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ham ta’sis etildi.
Aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish bu tadqiqot markazining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yilning mart oyi dastlabki kunlarida Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda Samarqandda o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiyada ham yurtimiz va xorijlik olimlar Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish va uning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish zarurligini alohida qayd etgan edi.
Davlatimiz rahbarining qarorida belgilangan ko‘plab vazifa va chora-tadbirlar esa aynan mana shu konferensiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarda ham o‘z aksini topgan edi.
Bir so‘z bilan aytganda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi sifatida ulug‘ alloma ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmi merosini chuqur tadqiq etish, yoshlarimizni ezgu umuminsoniy g‘oyalar, muqaddas dinimizning ilm-ma’rifat, halol-poklik, yuksak axloq va ezgulik ta’limoti asosida tarbiyalash imkonini beradi.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.