Buyuk Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qiladi

Mamlakatimizning London shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 10 yanvardan boshlab Buyuk Britaniya O‘zbekistonda berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarini rasman tan oladi.

Bunda agar hujjat egasi quyidagi vaksinalardan biri bilan mamlakatga kelishidan kamida 14 kun oldin emlashning to‘liq kursini tugatgan bo‘lsa, emlanganlik sertifikati haqiqiy deb tan olinadi: Covaxin, Moderna, Janssen (bitta doza), Novavax (Nuvaxovid i Covovax), Oxford/AstraZeneca, Pfizer/BioNTech, Sinopharm Beijing, Sinovac-CoronaVac.

Sertifikatning tan olinishi emlangan O‘zbekiston fuqarolariga Buyuk Britaniyaga koronavirusga PZR-testini taqdim etmasdan kirish imkonini beradi va ularni 10 kunlik karantindan o‘tish majburiyatidan ozod qiladi.

PZR-testi o‘rniga, kelgandan keyingi ikkinchi kuni faqat IFA testidan (lateral flow test) o‘tish lozim.