Buyuk Britaniya "Shimoliy oqim"ning yopilishi sababli tashvishda

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yevropadagi asosiy quvurlardan biri bo‘lgan “Shimoliy oqim” gaz quvurini to‘sib qo‘yish haqidagi qarori Buyuk Britaniyani tashvishga solib qo‘ydi. Bu haqda Energy UK assotsiatsiyasining sobiq ijrochi direktori Anjela Nayt ma’lum qildi, deb yozadi Bloomberg.

U ushbu «tashabbus»ni Rossiya rahbarining “iqtisodiy urush”ni boshlashga urinishi deb atadi.

Uning tushuntirishicha, Britaniya hukumati aholining ayrim toifalari va sanoat korxonalariga qishdan omon qolishlari uchun yordam ko‘rsatishi kerak. Nayt, shuningdek, hukumatning turli, ayrim «nodo‘stona» mamlakatlardan yoqilg‘i importiga qaramlik yaratishdagi xatosiga ishora qildi. "Bizda uzoq vaqt davomida noto‘g‘ri energiya siyosati mavjud edi", dedi u va vaziyatni "yoqimsiz zarba" deb atadi.

Buyuk Britaniya davomli energiya inqirozi kutmoqda

Avvalroq Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass mamlakatda energiya inqirozi uzoq davom etishini bashorat qilgan edi. Siyosatchi Buyuk Britaniya Shimoliy dengizdagi neft va gaz konlarini o‘zlashtirishni qayta boshlash, atom elektr stansiyalari qurilishni tezlashtirishi va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Birlashgan Qirollik mamlakatdagi o‘rtacha uy xo‘jaliklari uchun elektr energiyasi narxi 1 oktyabrdan boshlab 80 foizga oshishi haqida ogohlantirdi.

Hozirda Yevropada vaziyat yomonlashgan taqdirda o‘zini yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida yerosti omborlarida faol ravishda gaz to‘planmoqda. Avgust oyi oxirida Yevropa Ittifoqi belgilangan va muddatidan ikki oy oldin bajargan 80 foizlik ko‘rsatkichga yetdi.

Rossiya sanksiyalarga urg‘u bermoqda

O‘z navbatida, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaga qarshi sanksiyalar “Gazprom” uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar tufayli Yevropaga gazni to‘liq yetkazish imkonini bermasligini ta’kidladi. Inqirozli vaziyatni yuzaga keltirgan "Gazprom" kontragentlarini "sog‘lom fikrlashga chaqirish" kerak dedi Kreml vakili va ayni paytda quvurda bitta trubina ishlayotganini qo‘shimcha qildi.