Buyuk ipak yo‘lida ipak sotilmaganmi?

Sharq va G‘arb xalqlari o‘rtasida tarixiy-madaniy aloqalar va savdo munosabatlarni bog‘lab turishda qadimda Buyuk ipak yo‘li muhim o‘rin tutgan.

Bu yo‘l miloddan avvalgi II asrda vujudga kelib, XVI asrga qadar faoliyat yuritgan. Buyuk ipak yo‘li degan nomni esa 1877 yilda shu yo‘l orqali rivojlangan savdoda har xil matolar, buyumlar va mahsulotlar orasida ipak eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgani uchun nemis tarixchisi K.Rixthofen bergan.

Buyuk ipak yo‘li 12 ming chaqirimgacha uzunlikda bo‘lib, bu yo‘l orqali ko‘plab Sharq davlatlari bilan har tomonlama aloqalar o‘rnatilgan. Buyuk ipak yo‘li Sariq dengizi sohillaridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopatamiya orqali O‘rta Yer dengizi sohillarigacha borgan. Ikkinchi yo‘nalish O‘rta Osiyo orqali Hindistonga olib borgan. Bu yo‘lda juda ko‘p ko‘hna shaharlar joylashgan. Bular - Sian, Dunxuan, Yorkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Marv va boshqalar. Xitoyning Anosi shahriga kelib esa Buyuk ipak yo‘li bir necha tarmoqqa bo‘lingan. Birinchi tarmoq Anosi, Qashqar orqali Qo‘qonga, undan keyin esa Toshkentga o‘tgan. Bu yerdan Jizzax va  Samarqand orqali Buxoroga kelgan yo‘l Urganch orqali Gurevga, undan esa Oqsaroy orqali Qora dengiz bo‘ylariga chiqqan. Yana bir tarmoq esa Dunxian orqali Xo‘jandga, undan Lahorga o‘tib ketgan. Buxoroga kelib esa bu tarmoq ikkiga bo‘lingan. Janubiy yo‘nalish Buxoroga, Qarshi, Termiz orqali Nishopurga o‘tgan. Nishopurdagi tarmoqlarning biri Tehron, Bog‘dod yo‘nalishi bo‘ylab O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi Tir shahrigacha cho‘zilgan. Umuman olganda, Buyuk ipak yo‘lining janubiy tarmog‘i O‘zgan orqali O‘shga o‘tib, Quva, Marg‘ilon, Qo‘qon orqali Xo‘jand, Samarqand, Buxoroga o‘tgan.

Shimoliy yo‘nalishi Xazor hoqonligi va Bulg‘or davlati orqali Kiyev Rusi va Yevropa mamlakatlariga borib, bu tarmoq VI asrdan boshlab rivojlangan.

Buyuk ipak yo‘lining karvon yo‘llaridan tashqari ichki savdo yo‘llari ham mavjud bo‘lgan. Savdogarlar mol-mahsulotdan tashqari turli fan va madaniyat sohalari yangiliklarini ham keltirgan. Sug‘diyonadan Xitoyga jun-gazlama, gilam, qimmatbaho toshlar, bezaklar va ko‘p boshqa buyumlar olib borilgan. Baqtriyadan tuyalar olib borilgan bo‘lsa, Farg‘onadan zotdor otlaru Hindistondan ziravorlar, kumush va fil suyagidan ishlov berilgan buyumlar olib kelingan.

Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ko‘plab shaharlar, bozorlar, karvonsaroylar qurilgan. Savdogarlarning ko‘pi yo‘lni oxirigacha bormagan, chunki O‘rta Osiyo shaharlari ushbu yo‘lning markazida joylashgani bois savdogarlar Xorazm, Termiz, Samarqand va boshqa hududlarda narsalarini sotib, mahalliy mahsulotlarni xarid qilib ketishgan.

Buyuk ipak yo‘li davrida barpo etilgan me’morchilik yodgorliklarini o‘rganish vaqtida ko‘p tangalar, sopol, mis buyumlar topilgan. Xususan, Afrosiyobdan sopollar, Rim shamdonlari, Misr muhrlari, Termizdan Rim tangalari xazinasi va O‘rta Yer dengizi atrofida Kushon tangalari topilgan.

Temuriylar davrida Buyuk ipak yo‘liga katta ahamiyat berilgan. Ko‘plab karvonsaroylar, bozorlar, karvon bekatlari qurilib, eskilari ta’mirlangan. Karvonlarni mahalliy hokimliklar tomonidan qo‘riqchilar himoya qilib, bir manzildan ikkinchi manzilga kuzatishgan.

Buyuk ipak yo‘lida o‘z diplomatik missiyasini bajargan Rui Gonzales de Klavixo o‘ziga va Misr elchisiga ko‘rsatilgan e’tibor haqida alohida eslatib o‘tgan. Masalan, Misr elchisini 20 nafar harbiy qo‘riqlab borgani yozilgan. Sohibqiron karvon yo‘llarida kimda-kim zarar ko‘rsa, bunday huquqbuzarliklarga javobgarlikni shu hudud amaldorlariga yuklagan. Zararni amaldorlar hissasidan undirish qoidasining joriy etilishi xalqaro savdo yo‘lidagi huquqiy kafolatlardan biri bo‘lgan.

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan shaharlar orasida Samarqand Amir Temur davrida yuqori darajada ravnaq topgan. Chunki bu yerda do‘konu bozorlar, hunarmandchilik rastalari, ustaxonalar son-sanoqsiz bo‘lib mahalliy mahsulotlar chetga sotilgan.

Dilnoza G‘aniyeva,

Registon majmuasi gid-ekskursavodi.