Buyuk matematik, astronom,Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosini G‘arbga yoygan alloma

Ali Qushchi - Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy 1403 yil 17 aprelda Samarqand shahrida tug‘ilgan.

Mirzo Ulug‘bek Ali Qushchini “farzandi arjumand” deb atagan. Ali Qushchi nafaqat temuriylar davlati, balki butun dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan olimdir.

To‘liq ismi Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy bo‘lib, “Qushchi” uning taxallusi sanalgan. Ulug‘bek saroyida qarchig‘ay boqqanligi uchun unga “Qushchi” taxallusi berilgan.

Ali Qushchi Ulug‘bek vafotidan keyin Samarqandda uzoq qolmagan. Ko‘p o‘tmay haj safariga otlangan. Aynan uning Samarqandni tark etishi bu yerdagi aniq fanlarning rivoji susayishiga bir qadar ta’sirini o‘tkazgan.

Ali Qushchining haj safarini to‘liq ado qilganligi haqida ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. U Samarqand shahridan chiqib Ozarbayjonga boradi. Uni kutib olgan oqqo‘yunlilar hukmdori Uzun Hasan Ali Qushchidan shu yerda qolishini so‘ragan. O‘ziga bildirilgan munosabatdan ko‘ngli to‘lgan Ali Qushchi Tabrizda ma’lum vaqt yashagan. O‘z navbatida ilm-ma’rifat bilan birgalikda siyosatni ham yaxshi bilgan olim Mirzo Ulug‘bek davrida elchi sifatida o‘zini ko‘rsatgan edi. Oqqo‘yunlilar hukmdori Uzun Hasan iltimosi bilan Ali Qushchi Usmonlilar davlatiga elchi sifatida borgan.

Sulton Mehmet uni hurmat bilan kutib olgan. Istanbulda yig‘ilgan olimlar Ali Qushchi bilan suhbatlashishga shoshilgan. Bu yerda unga bildirilgan munosabatdan juda ham mamnun bo‘lgan. Sulton Mehmet undan shu yerda qolishini so‘ragan. Lekin siyosat bilan ilmni aralashtirmaslik maqsadida olim o‘ziga bildirilgan taklif uchun sultonga minnatdorchilik bildirib, shunday javob bergan: “Men hozir elchi sifatida huzuringizga keldim. Vazifamni ado qilgach, taklifingizga o‘z javobimni beraman”.

Ali Qushchining bergan javobi Sulton Mehmetni hayratga solgan. Elchilik vazifasini ado qilib, Tabrizga qaytib kelgandan keyin, u sulton taklifini qabul qilgan.

Yildirim Boyazid universiteti dekani professor Ahmet Kankal o‘z maqolasida Ali Qushchi Istanbulga kelishi bilan madrasalarda o‘tilishi lozim bo‘lgan fanlar bo‘yicha o‘quv dasturini Mulla Xusrev bilan birgalikda tuzganligini yozadi. Sulton Mehmet dastlab unga kunlik 100 tanga, keyinchalik 200 tanga miqdorida maosh belgilagan. Ali Qushchi Ayo Sofiya madrasasida astronomiya va matematika fanlaridan yosh olimlarga saboq bergan.

Ali Qushchining Istanbuldagi faoliyati haqida turk olimlaridan biri A.Adivar shunday degan: “Usmonli turklarning matematikasi va astronomiya nuqtai nazaridan yorqin davri Sulton Fotih davrida Turkistondan Istanbulga kelgan Alouddin Ali bin Muhammad Qushchi bilan boshlanadi”.

Ali Qushchi Ayo Sofiya masjidi gumbazida osmon jismlarini kuzatgan. U Istanbulda o‘zining mashhur ikki asarini yaratgan. Bu asarlardan biri “Fotihiy”, ikkinchisi “Muhammadiy” nomlari bilan atalgan.

Ali Qushchi saboqlaridan Yevropa davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib Germaniyadan kelgan yoshlar bahramand bo‘lgan. Natijada XV asr oxiridayoq Ulug‘bek va uning “Zij”i haqidagi ma’lumotlar butun Yevropa bo‘ylab tarqala boshlagan.

XV asrda boshlangan buyuk geografik kashfiyotlarning samarali chiqishida ham Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchining inkor qilib bo‘lmas xizmatlari bor. Chunki dengizchilar o‘zlari uchun notanish joylarda yulduzlarga qarab yo‘l topishda, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bekning “Zij”i katta ahamiyat kasb etgan.