Buyuklar haqida 100 ta dalil

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida shu nomda chop etilgan kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “O‘zbekiston tarixi” telekanali hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida 8 ta tilda tayyorlangan ushbu to‘plamda dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz haqida eng muhim ma’lumotlar jamlangan.

Tadbirda mazkur to‘plamning ahamiyati, kelgusida davomli chop etilishi haqida ma’lumotlar berildi.

- Ushbu kitob kelajak avlod bolalari uchun, qolaversa, farzandlarimiz uchun qimmatli va muhim manba bo‘lib xizmat qiladi, - dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. - Zero, har bir millatning ravnaqi, ma’naviy boyligi uning buyuk shaxslari bilan chambarchas bog‘liq. Ularning hayoti, faoliyati, fikrlari – avlodlar uchun o‘rnak, yo‘llanma. “Buyuklar haqida 100 ta dalil” jamlanmasi ham aynan shu jihatdan o‘rnak va saboq manbaidir.

Ushbu jamlanmada o‘quvchi nafaqat yurtdoshimiz sanalgan buyuk olim-u fuzalolarni, balki dunyo tan olgan shaxslarning hayoti, mehnati, qiyinchiliklarga qay tarzda bardosh bergani haqida o‘qiydi. Bu kitob insonda vatanparvarlik, insonparvarlik kabi fazilatlarni uyg‘otadi.

Kitob bizga shunchaki ma’lumot emas, hayotni, o‘zligimizni anglash imkonini beradi. Buyuk insonlar qanday fikrlagan? Qanday yashagan? Ular nima uchun ortlaridan iz qoldirgan? Ushbu savollarga javob shu kitob ichida yashiringan.

To‘plamdagi tasvirlar sun’iy intellekt yordamida yaratilib, tarixiy voqealar qiziqarli tarzda aks ettirilgan, shuningdek, unda QR-havola orqali ma’lumotlarni eshitish va ko‘rish imkoniyati mavjud.