Buyuklar muhabbati: Makedoniyalik Iskandar Zulqaynar qalbini zabt etgan Samarqand go‘zali
Iskandarning nigohlari Sharqqa qaratilgan edi. U “Sharqiy zaminni” zabt etib, buyuk saltanatga asos solishni orzu qilardi. Sharqqa tomon boshlangan 10 yillik Ellin yurishiga boshchilik qilganida makedoniyalik shoh atigi 22 yoshda edi. O‘n yillik yurishning uch yili Markaziy Osiyo hududlari, Sug‘diyona (Samarqand) va Baqtriyani zabt etish uchun sarflandi. Bugungi kunda nafaqat mutaxassislar, balki Iskandar Zulqaynar hayotiga qiziquvchi barcha qadimiy zamin - Samarqandga kelishga oshiqadi. Bu zamin jahongir Iskandarning Samarqand go‘zali Ravshanakka (lotin tilida Roksana) nisbatan qalbida uyg‘ongan muhabbatiga guvoh bo‘lgan. Ammo bu muhabbat fojiali, yorqin va juda qisqa davom etdi.
Iskandar uchun Sug‘diyona va Baqtriyani zabt etish Sharqiy yurishning eng qiyin kechgan jarayoni bo‘ldi. Spitamen boshchiligidagi mahalliy aholi bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha qarshilik ko‘rsatishdi. Makedoniyalik shohning asosiy raqibi, unga nisbatan kuchli qarshilik ko‘rsatgan sug‘diyonalik zodagonlar edi.
Sug‘diyonani zabt etishda grek-makedon qo‘shini yo‘lidagi birinchi to‘siq “Sug‘diyona qoyasi” edi. Bu tog‘ ustida qurilgan qal’a bo‘lib, Iskandar uchun uni zabt etish harbiy yurishining taqdirini hal qilardi. Iskandar qo‘shiniga qal’adan turib otilayotgan kamon o‘qlari jiddiy ziyon yetkazardi. Qal’ani hujum bilan zabt etishning umuman iloji yo‘q edi. Iskandar qo‘shini “Sug‘diyona qoyasiga” yaqinlashishi bilan kamon o‘qlari yomg‘iri yog‘ilardi. Iskandarning taslim bo‘lish talabiga sug‘diyonaliklar shunday javob qilishdi: “Ellinlar (Yunonlar) va makedonlar shohi, agar senda qanotli jangchilar bo‘lsa, qal’ani zabt etishga harakat qilib ko‘r. Ammo senda unday jangchilar bo‘lmasa, yaxshisi ortinga qaytib ket. Sen hech qachon bu yergacha yetib kelolmaysan”.
Iskandar qoyaga chiqishda tajribasi bor eng kuchli jangchilarni saralab oldi va ularga yuksak mukofotlar va’da qilib, tepalikka chiqishni buyurdi. Tunda jasur jangchilar arqonlar yordamida qoyadan ko‘tarilishni boshladi. Ulardan 30 tasi qoyadan qulab halok bo‘lishdi, qolganlari tonggacha qal’adagilardan ham yuqoriroqqa ko‘tarilib olishdi va yuqoridan turib qal’aga hujum qilishdi. G‘aflatda qolgan qal’adagilar himoyalanishdi, ammo oxir-oqibat qal’a zabt etildi.
Qal’a ichida mahalliy zodagon Oksiart oilasi bilan Iskandar qo‘shiniga asirga tushdi. Iskandar qal’aga kirganida Oksiart xonadonidan chiqib kelayotgan qizga ko‘zi tushdi – bu Oksiartning qizi Ravshanak edi. Ravshanak sharqona husni va latofati bilan Iskandarning aqlini o‘g‘irladi. Yosh Iskandar uni bir ko‘rishda sevib qoldi...
Ravshanak asira bo‘lishiga qaramasdan, Iskandar unga uylanishga qaror qildi.
Iskandarning harbiy yurishi davomida yozuvchilar, tarixchilar, faylasuflar doimo u bilan birga bo‘lishgan. Ulardan biri, yunon yozuvchisi Arrian shunday yozadi: “Oksiartning qizlaridan birining ismi Roksana (Ravshanak) bo‘lib, u juda go‘zal qiz edi. Jangda ishtirok etganlar uni “biz ko‘rgan ayollar ichida eng go‘zali” deb takrorlashardi. Aleksandr Roksanani bir ko‘rishda sevib qoldi. Unga bo‘lgan muhabbati tufayli, shoh unga kuch bilan erishishdan bosh tortdi va unga uylanishga qaror qildi”.
Iskandar va Ravshanak qanday ajoyib juftlik bo‘lishganini tasavvur qiling: qudratli jangchi, shoh va sarkarda hamda sohibjamol Samarqand go‘zali. Yunon rassomi Rotari tomonidan chizilgan “Aleksandr va Roksana to‘yi” nomli asar bugun dunyoga mashhur. Mazkur asar Plutarx hikoyasi asosida chizilgan bo‘lib, rassom Iskandar va Ravshanakning uchrashuvi lahzasini tasvirlagan. Oh-nola qilayotgan xizmatkorlar atrofida yosh Ravshanak sharqona ibo, hayo bilan oshiqu beqaror sarkarda yonida turibdi. Biroq asarda rassom Sug‘diyona go‘zalini emas, balki yunon qizi go‘zalligini tasvirlagan. Sohibjamol Ravshanak “Sharqning asl atirguli” (Plutarx so‘zlari) bo‘lgan. Uning beqiyos go‘zalligi o‘z davrida tillarda doston bo‘lgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, Ravshanak Iskandarni sevganmi? Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, u Iskandarning qudratidan cho‘chigan. Shu bilan birga, uni xo‘rlanishdan saqlab qolgani uchun ham Iskandardan minnatdor bo‘lgan. Keyinchalik Ravshanak o‘z xatti-harakati bilan uni sevishini va qattiq rashk qilishini isbotlagan...
Ularning unashtirish marosimi va to‘y sharqona urf-odatda o‘tdi. Bu holat yunon sarkardalari va amaldorlariga yoqmadi, albatta. Unashtirish marosimi soddagina qilib tashkil etildi - xanjar bilan bug‘doy uni ikkiga bo‘linib, kelin-kuyovga ulashildi. Bu odat hozirgi kungacha saqlanib kelinadi. Biroq nikoh to‘yi shohona o‘tkazildi. To‘y bo‘lgan vaqtda Ravshanakning yoshi 16 yoshlarda bo‘lgan. O‘sha kunning o‘zida Iskandar bilan uning 10 ming jangchisi mahalliy qizlarga uylanishdi. Ushbu to‘ydan so‘ng Iskandar tomonidan yunon-makedon qo‘shiniga jalb etilgan Sug‘diyona va Baqtriya jangchilari qo‘shin safida teng huquqli maqomini olishdi. Ravshanakning oila a’zolari, aka-ukalari va opa-singillariga yuqori darajalar berildi.
Yosh shohning hashamatli to‘y qilishida, Sug‘diyona va Baqtriya aholisiga yunonlar bilan teng huquq berilishida siyosiy maqsad ham bor edi. U kuch bilan bu halqni ushlab turishning iloji yo‘qligini Iskandar tushunib yetgandi. Shu sababli ham u murosa yo‘lini tanladi. Sug‘diyonaga kuyov bo‘lishni sharaf deb bildi va G‘arb va Sharq madaniyatlarini birlashtirishni xohladi.
Markaziy Osiyoga kelguniga qadar yunon madaniyatini eng ulug‘ madaniyat deb hisoblagan Iskandar (nafaqat Iskandar, balki barcha yunonlar) boshqa madaniyatlarni qoloq, deb hisoblardi. Ammo u Markaziy Osiyo madaniyati naqadar rivojlanganini, bu maskanda yunonlarnikidan qolishmaydigan yetuk faylsuflar, tarixchilar, san’atkorlar, hunarmandlar va jang maydonida jon berishni sharaf bilguvchi xalqni ko‘rib lol qoldi hamda bu ikki madaniyatni birlashtirishni xohladi. Shunday qilib, Ellada (Yunoniston) va Sharq o‘rtasidagi ittifoq Iskandar va Ravshanak o‘rtasidagi sevgi bilan mustahkamlandi.
Iskandar Ravshanak bilan umrining so‘nggi to‘rt yilini birga o‘tkazdi. Taqdir Iskandarning peshonasiga erta vafot etishni yozgan ekan. Butun olamni va ertaklardagi makonlarni zabt etishni orzu qilgan makedoniyalik Iskandar kuchga to‘la 33 yoshida vafot etdi. G‘arbga harbiy yurish qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan shoh, safardan oldin bazmu jamshid uyushtirishni buyurdi. Shoh bir necha kun tinmasdan do‘stlari bilan tunu kun bazm uyushtirdi. Barcha manbalar Iskandarning betob bo‘lishini ushbu bazmdagi mayxo‘rlik bilan bog‘laydi.
Iskandar kunu tun tinmasdan mayxo‘rlik qilgan. Mayxo‘rlik davom etayotgan bir vaqtda, katta idishdagi mayni bir ko‘tarishda ichib yuborgan shoh to‘satdan yiqildi va og‘riqdan baqirib yubordi. Yaqinlari uni ko‘tarib to‘shakka yotqizishdi. Xastalik kuchayib boraverdi, tabiblarning hech biri xasta shohga yordam bera olishmadi. Iskandar og‘riqlarga bardosh bera olmay, o‘zini o‘ldirish uchun dori o‘rniga qilich berishlarini talab qildi. Oradan o‘n kun o‘tib, Iskandar birinchi farzandiga homilador bo‘lgan yosh rafiqasining qo‘lida vafot etdi. Ravshanak uning ochiq qolgan ko‘zlarini qo‘llari bilan yumdi va unga so‘nggi marta bo‘sa hadya etdi...
Iskandarning vafotidan so‘ng shohning eng yaqin sarkardalari u barpo etgan saltanatni shafqatsizlarcha parchalab, bo‘lib olishdi. Siyosiy kurashlar va o‘yinlar avjiga chiqdi. Oqibatda Iskandar saltanatini qo‘lga kiritgan kuchlar Ravshanak va uning ulg‘ayib borayotgan o‘g‘li Aleksandr IV - Iskandarning haqiqiy merosxo‘ridan jiddiy xavfsiray boshlashdi.
Ular dastlab Ravshanak va nabirasi Aleksandr IV ni o‘z himoyasiga olgan Iskandarning onasi Olimpiadani qatl qildilar. Ravshanak va uning o‘g‘lini oshkora qatl etishdan cho‘chishdi. Chunki halq Iskandarning haqiqiy merosxo‘ri qatl etilishini kechirmasdi. Shu sababli ular Ravshanak va uning o‘g‘lini qadimiy yunon an’analariga ko‘ra, eng nomard va pastkash usul bilan - xufyona zaharlab o‘ldirishdi. Ularning jasadlarini barchadan yashirib dafn qilishdi. Shu tariqa Iskandar va Ravshanakning muhabbatiga yakun yasaldi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.