Buyuklar suhbatini eslab
Samarqand viloyat “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi chiqa boshlaganidan beri o‘tgan bir asrdan ziyod vaqt mobaynida bu yerda ko‘p buyuk insonlar qalam tebratgan. Ularning aziz nomlari esa Samarqand jurnalistikasi tarixida abadiy muhrlanib kolgan.
O‘tgan asrning 50-60 yillarida “Lenin yo‘li” bag‘rida el-yurtga tanilgan Said Nazar, Malikjon Navro‘zov, Mannop Najmiddinov, Otaxon Xo‘jayev, Amur Gaynov, G‘iyos Ashurov, Tesha Saydullayev, O‘zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev, Oqiljon Husanov, Naim G‘oyipov, Ahmadjon Muxtorov, Hakima Hasanova, Hojiqurbon Hamidzoda, Boboqul Imomov, Ochil To‘ychiyev, O‘ktam Javlonov, Abdukarim Soliyev, Sur’at Oripov, Samariddin Sirojiddinov, Mardi Nuriddinov, Erkin Ne’matov, Poyon Ravshanov, Toshpo‘lat Ahmad, Nusrat Rahmat, Isroil Mirzayev, Telman Rahmatov, Shodi Mardiyev, Abdusalom Muhammadaliyev kabi o‘nlab iste’dodli qalamkashlar faoliyat yuritdi.
Muallif tarkibi ham juda salmoqdor edi. Mashhur olimu fuzalo, akademiklar Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo‘jayev, Orifxon Ikromov, Nuriddin Shukurov, Saydulla Mirzayev, Hamdam Berdiyorov, Rahim Muqimov, Jo‘ra Hojimatov, Bozorboy O‘rinboyev, Rahmatulla Qo‘ng‘irov, Nazar Rajabov, Mardonqul Muhammadqulov, Jo‘ra Ahmadjon kabi ijodkorlar o‘zlarining she’ru hikoyalari, qissa-yu ilmiy maqolalari bilan gazeta sahifalarini uzluksiz bezab keldilar.
O‘zbekiston san’at arbobi, shoir va dramaturg Dushan Fayziyev O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati bo‘limi rahbari bo‘lib ishlab tursa-da, bir oyog‘i doimo qadrdon “Lenin yo‘li” tahririyatida edi. Nuroniy adib Bobomurod Daminov esa gazetaning maslahatgo‘y oqsoqoli sanalardi.
O‘sha davrda gazeta sahifalarida bosilgan she’ru g‘azallarimiz, hikoya va ocherklarimiz, lavha va qissalarimizdan namunalar 2020 yilda bosmadan chiqqan “Zarafshon zarvaraqlari” kitobiga kiritilib, hamon kishilarga zavq-shavq ulashib turibdi.
Samarqandlik deyildimi,
Ahdga vafo degani.
Samarqandlik deyildimi,
Ishlar bajo degani.
Samarqandlik deyildimi,
Toza vijdon degani.
Samarqandlik deyildimi,
Chin grajdan degani.
Ustoz Maqsud Shayxzodaning bu she’ri 1959 yilda samarqandlik paxtakorlar respublikada birinchi bo‘lib, yillik rejani bajargan quvonchli kunlarda yozilib, gazetada tabrik sifatida bosib chiqarilgan edi. O‘shanda shoir mashhur “Mirzo Ulug‘bek” tradegiyasini yozish uchun Temuriylar davri tarixini puxta o‘rganish maqsadida Samarqandga kelgan edi.
Urush y illari o‘zining mashhur «Sen yetim emassan» she’ri bilan butun dunyoga tanilgan akademik shoir G‘afur G‘ulom ham tez-tez Samarqandga kelib, albatta “Lenin yo‘li” tahririyatiga qadam ranjida qilardi. U 1964 yilda “Lenin yo‘li”ning 10 minginchi soni chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zga chiqib, bu dargohni “ijodkorlarning katta maktabi”, deb atagan edi.
Men sizni tinchitmayman,
Lekinda injitmayman.
deya bir umr kamtarona kuylab o‘tgan lirik shoir Mirtemirning qo‘shiqqa aylangan she’rlari Samarqanddagi uchrashuvlarda yangragan.
U rafiqasi bilan Samarqandga kelganida shoir Dushan Fayziy va gazeta muxbiri sifatida men uchrashuvlarda hamrohlik qilgan edik. O‘shanda qalin qor yog‘ib, navbatdagi uchrashuv uchun belgilangan Bulung‘urga borishning iloji bo‘lmadi. Shunda Mirtemir bizlarga qarata “Bo‘talarim, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining vatanini ko‘rish nasib etmadi-da” deya afsuslanib Toshkentga jo‘nab ketgan edi.
1964 yilda G‘alabaning 20 yilligi oldidan Samarqand shahri va viloyat bo‘ylab urush davrida 16 nafar yetim bolalarning boshini silab, har birini oq yuvib, oq taragan bolajon va mehribon xalqimizning timsoliga aylangan Shoahmad Shomahmudov bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo‘lgan edi.
Gazetaning o‘sha paytdagi bosh muharriri Lutfulla Hamroyev, tahririyatdagi frontorti faxriylari Ahad Tursunov, Tohir Karimov, Toji Odilov, Sharif Muhammadiyev, “Leninskiy put” (hozirgi “Samarkandskiy vestnik”) gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Vasiliy Pushkarev, Samarqand shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Muso Hayitov ishtirokidagi uchrashuvda Shoahmad aka o‘tmishi, farzandlarining kamolga yetib, o‘z o‘rnini topayotganini maroq bilan so‘zlab bergan edi.
Shoahmad Shomahmudov va u kishining yostiqdoshi Bahri opa Akramovaning ikkinchi jahon urushi davridagi qahramonligi tillarda doston bo‘ldi. O‘sha uchrashuvda bu ikki jannati insonning xayrli ishini davom ettirgan kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samadov ham qatnashgan edi. Shundan buyon oradan qancha vaqt o‘tmasin Shoahmad Shomahmudov, Hamid Samadovlarning qahramonliklari bugun ham odamlar yodida. Ularning vatanparvarlik fazilatlari haqida hikoya qiluvchi badiiy asar, kinofilmlar yaratildi.
Obloqul Usmonqulov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi.