Said Ahmad bilan uch uchrashuv

 Adib, jamoat arbobi tavalludining 100 yilligiga

Xotira va qadrlash bayrami o‘tayotgan tarovatli bahorning quyoshli  kunlaridan birida muazzam Toshkentning qoq markazida 8 gektarlik jannatmonand bog‘ yaratilib ishga tushirildi. U Adiblar xiyoboni, deb nomlandi. Ajoyib bog‘da millatning faxri bo‘lgan yigirmadan ziyod adabiyot namoyandalari haykalining ochilishi chinakam tarixiy voqeaga aylandi. Siz bu yerga qadam ranjida qilgudek bo‘lsangiz, O‘zbekiston madaniyati tarixining takrorlanmas oltin sahifalari kino lentasiday bir-bir yodingizga kelaveradi.

O‘zbek elining faxri-iftixoriga aylangan adib, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad hozir hayot bo‘lganida, ayni 10 iyun kuni qutlug‘ 100 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Albatta, bu kun o‘zbek zamonaviy adabiyoti uchun haqiqiy shodiyona. Quyida adibning bir muxlis shogirdi sifatida ustoz hayotining ayrim qirralarini uch uchrashuv misolida yoritishga harakat qilaman.

Ardoqli adibimiz Said Ahmad bilan birinchi uchrashuvim 1980 yillarning o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda adibning roman, qissa, hikoyalari allaqachon o‘quvchilarning mehrini qozongan, ustoz mashhurlik pillapoyasining yuqori zinasiga ko‘tarilgan paytlar edi. Biz, yosh shoir, tanqidchi va qalamkashlar el orasida tanilgan ijodkor shaxslarning atrofida girdikapalak bo‘lib yurardik. Xadraning Navoiy ko‘chasida joylashgan “Noshirlar uyi”da o‘zbek adabiyotining yalovbardorlari va o‘z ishining ustalari: Erkin Vohidov, Omon Matjon, Jamol Kamol, Mashrab Boboyev, Nizom Komilov, Xayriddin Sultonov, Nosir Fozilov, Erkin A’zam, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf va boshqalar mehnat qilishardi. Kamina ham G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotning “Nasr tarjimasi” tahririyatida muharrir bo‘lib ishlardim. She’riy, nasriy va tarjima kitoblarning nishona nusxasi va taqdimoti shundoqqina pastda, Mahmud mo‘ylovning choyxonasida (hozirgi “Go‘mma” oshxonasi) nishonlanar edi. Qazi qartasiz oddiy dasturxon - palov, kabob, somsa hamda lim to‘la “achchiq-chuchuk”dan iborat kamtarona davraning to‘rida ko‘pincha Said Ahmad, Rauf Parfi kabi idoramizda ishlamaydigan taniqli ijodkorlar o‘tirguvchi edi. Said Ahmad akaning “GAZ-24” oq volga mashinasini kunda-shunda choyxona oldida ko‘rar edik.

- Okovsi, o‘tir, hozir obro‘yingni ko‘tarib beraman, - hazillashardi Said Ahmad aka. – Ijodiy yutug‘ingni “yuvish”ga aytilganlar to‘planib bo‘ldimi?

Hamma gur etib ustozning atrofiga o‘z daraja va maqomimizga yarasha joylashib olardik. O‘n-o‘n besh kishilik davrada ko‘pincha tanqidchi Ibrohim G‘afurov, keyin Said Ahmad roman, qissaning ko‘z ilg‘amas, nozik qirralarini chertib-chertib ochib berishardiki, nazdimda bunday “dabdabali” ta’rifu tavsiflarni ularning ota-onasi ham hech qachon ayta olmagan bo‘lardi.

- Bolam, sani osmonga ko‘tarib qo‘ydim, buni aslo ziyofating sharofatidan demagil, o‘zing to‘g‘ri odamsan, - derdi Said Ahmad aka dilbarlik bilan. - Muhimi, rost so‘zlash va rost yozishdir. E-he, bizning boshimiz qancha yolg‘onchi-yu, tuhmatchilarni ko‘rmadi?! Gadoning dushmani gado bo‘lar ekan, ukajon. Bir narsaga xursandman: o‘ligim begona yurtlarda qolmadi. Do‘zax azobidan chiqib kelib ham yozdim, yozaverdim. Senga ham shuni maslahat beraman.

Bizning ro‘paramizda o‘tirgan hurmatli adib, ya’ni SYa - 928 raqamli sobiq “siyosiy mahbus” besh yillik surgundan so‘ng, 1955 yilda yurtiga qaytib kelganini bilardik. Ammo bu haqida o‘zlari deyarli gapirmasdi. Bir gal sevimli ukaxoni, adibimiz O‘tkir Hoshimov atrofimizda kechayotgan “g‘aroyibona” voqealardan ta’sirlanib, kattaroq romanlar yozmaysizmi, deb so‘raydi, shunda ustoz: “yozish uchun hammasini yurakdan o‘tkazish, his qilish kerak. Yurak ko‘tarmaydi, yurak tamom bo‘lgan, ukam, asab chidamaydi”, deb javob beradi. Said Ahmad aka hozirjavob, to‘g‘riso‘z, oqibatli, gapga chechan kishi edi. Suhbat hazil-mutoyibaga boy, shirindan shakar bo‘lib, davra qurgan mahalda atrofi odamga to‘lib ketardi.

Nihoyat, “taqdimot”imiz jiddiyroq ko‘rinish olib, tandirdan uzilgan issiq nonlardek yangi kitoblar dasturxonga qo‘yilardi. So‘ng ziyofat boshlanar, adabiy gurungda adabiyot, turmush, davr qahramoni mavzularigina emas, yaxshilik va yomonlik ko‘chasida uchraguvchi ibratomuz voqealar tahlilu tadqiqdan o‘tardi...

Adabiyot muallimlarining bizga uqtirgan shunday saboqlari o‘zlari bitgan kitobdek ancha ko‘lamdor, ma’noli bo‘lib, buyuk maestro chalgan ohang-u o‘lmas qo‘shiqlar yanglig‘ qulog‘imiz ostida jaranglab turaverardi.

Ustoz bilan ikkinchi uchrashuvim yozgan asarlarini o‘qib-o‘rganish asnosida kechdi. Adibning uslubi shaxsiyatiga, xarakteriga juda o‘xshaydi, degan gapda jon bor. Misol uchun, Abdulla Qodiriy, Oybek, Tog‘ay Murodning ichki dunyosi, fikrlash tarzi, hatto so‘zlash uslubi ularning o‘lmas asarlariga ko‘chganligini zamondoshlari tasdiqlaydi (“Adib zamondoshlari xotirasida” nomli turkum kitoblarni o‘qisangiz, bunga guvoh bo‘lasiz). Chamamda u yoqda meni ikkita narsa qutqarib qoldi. Bittasi hazil-huzilga o‘chligim. Yumor hissining kuchliligi. Ikkinchisi shuki, juda kam uxlayman. Doim tetik bo‘lishga harakat qilaman”, deguvchi edi ustoz bir gal qamoqdagi yillarini xo‘rsinish bilan eslab.

“Said Ahmad ba’zan kitobxon kulavermasa, qitiqlab kuldiradi, yig‘layvermasa, ko‘ziga piyoz surtib yig‘latadi”, deydi nasr ustasi, adibimiz Abdulla Qahhor. Rostdan ham, Said Ahmad ijodida kulgining ko‘lami benihoya keng va rang-barang. U har gal tanlab olingan voqeaning oqimiga, qahramonlarning saviyasiga, o‘zining niyatiga mos ravishda kulgining shakllarini qo‘llaydi. “Cho‘l hikoyalari” turkumida, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasida, “Ufq” trilogiyasining ba’zi epizodlarida kulgi orqali o‘quvchining tuyg‘usiga ta’sir qiladi. “Ufq” trilogiyasi (1964-1974)da Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida Katta Farg‘ona kanali qurilishi misolida xalqimizning front orqasida ko‘rsatgan mehnat qahramonligi, mehnatkashligi, to‘g‘riso‘zligi, metin irodasini hamda urushdan oldingi va keyingi davrning muammolarini ustakorlarcha tasvirlaydi. “Jimjitlik” (1988) romanida sobiq ittifoqda ancha yillar hukm surgan turg‘unlik davri illatlarini fosh etishga harakat qiladi.

Ayniqsa, yumoristik mahorati «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1976), «Kuyov» (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Birinchi asari ming martadan ko‘proq namoyish etildi. Hatto o‘nlab davlatlarning sahnalarini gulga to‘ldirdi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida kattakon o‘zbek oilasida qaynona va kelinlar o‘rtasida mehr-oqibat, o‘zaro hurmat qadriyatlarining ustunligi (g‘arb oilasi uchun jumboqning jumbog‘i) mohirona ko‘rsatilib, hatto demokratiya rivoj topgan davrlarda ham o‘zbek urf-odatlarini arab-avaylash g‘oyasi yotadi. Uning asarlari ohangi, tarovati, yumori hech kimnikiga o‘xshamaydi. Qaniydi, har bir yosh adib jo‘shqin hayotning o‘zidan kulgini topib, asarlariga boplab ko‘chirsa va hammani qoyil qoldirsa, degim keladi.

Hayot – muallim, u ham o‘rgatadi, ham kuldiradi, ham yig‘latadi. Said Ahmad bir marta tili kuyganidan keyin, yirik polotnolar – romanlar yozish yo‘lidan bormadi, balki o‘zi ishlagan “Mushtum” jurnali “odob” ta’limiga suyanib, hayotdagi kamchiliklarni xalqning nazariga tushgan miniatyuralar teatri orqali hajv ostiga olaverdi. “Yo‘qotganlarim va topganlarim” (1998), “Qorako‘z majnun” (2001), “Kiprikda qolgan tong” (2003) kabi kitoblarida boshidan o‘tkazgan qora kunlarni xotirladi. Mazkur asarlar o‘zbek nasrining oltin xazinasidan o‘rin egalladi.

Xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni, 2020 yilda bir asrlik yoshi nishonlanadigan Said Ahmad bilan uchinchi uchrashuvim Adiblar xiyobonida sodir bo‘ldi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kuch-g‘ayrati va tashabbusi bilan Xalqlar do‘stligi ko‘chasida ochilgan ushbu maskanda Said Ahmad va Saida Zunnunova xotirasiga o‘rnatilgan haykal ham bor. Sevib-sevilib oila qurishga kirishgan, nikoh kuni (1949 yilning noyabri oxiri) Saidaxonnnig yolg‘iz ukasi vafot etib, bazm sal keyinga qoldirilgan, yanvar oyida esa tuhmat, aldov tufayli qo‘qqisdan mahkamaga tortilib, “troyka” (“osoboye soveshaniye”) qarori bilan xalq dushmani sifatida 10 yilga hukm qilingan, Qozog‘istonni Jesqozg‘oni qahraton sovug‘ida besh yil qamoq muddatini o‘tab, onasining Usmon Yusupovga shaxsan o‘zi topshirgan xati sabab, ozodlikka chiqib, yana shu odamning tavsiyasiga ko‘ra, “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga olinib, yelkasiga oftob tekkan. Shu zaylda hayoti bir maromga tushib ketib, sabr-bardoshini sinab, ajoyib roman, qissalarni yozishga kirishgan shaxsning matonati bugungi o‘zbek yoshlariga andaza bo‘lishga arzigulik. Bundan ham muhimi, yurt, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga qo‘shgan hissasini hisobga olib, davlatimiz “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (1990), “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni (1999)ga loyiq ko‘rdi. Agar O‘zbekistonimiz 1991 yilda mustaqillikka erishmaganida va ijod ahliga bunchalik hurmat-e’tibor berilmaganida, Said Ahmad va boshqa yozuvchi-yu shoirlar hozirgidek izzat-ikromga yetishmagan bo‘lardi.

Men bugun yana xiyobonga, haykalning yoniga kelgach, ozgina xayolga berildim. Ikki zahmatkash adib, vafo-sadoqat timsoli, murakkab taqdirli shaxslar (Saida opa 51 yoshda, Said Ahmad aka 87 yoshda, ya’ni rafiqasining vafotidan keyin 30 yil o‘tib vafot etgan)ning ilhaq-la bir-biriga yo‘llagan maktublari, rafiqasining kundaligi “Said bilan Saida” hujjatli filmi, “Sabr-u sadoqat” 5 qismli serialini yaratishga asos bo‘lib xizmat qilgandi (ssenariy muallifi - adibning qizi Nodira Husanxo‘jayeva). Sevgi, andisha, kechirimlilik, sadoqat tarannum etilgan maktublarni hayajonsiz o‘qib bo‘lmasdi. “Said Ahmad aka, to‘g‘ri, sochimda oq tolalar ko‘paygan. Tezroq kelmasangiz, butunlay oqarib ketadi. Unda nima qilamiz? Sochingizni bo‘yang, desangiz men epchilroq ham emasman. Yaxshisi, tezroq keling. Ba’zida oyim hazillashadi. “Agar shunday qilsa, men ham bir qiynayman, o‘g‘lingizning ham sochi oqaradi. Undan keyin teng bo‘lamiz”, deyman. Said Ahmad aka, iloji bo‘lsa xat yozib turing. Men o‘sha yerdamisiz-yo‘qmi, bilolmayapman. Juda ko‘pdan xat yo‘q...

Ko‘rpa-yostiq masalasi qalay? Ko‘rpangiz eskib ketgandir.U yerda qanaqa beradi, bilmayman. Kerak bo‘lsa yozing, bir iloj qilib yuborarman. Hurmat bilan, Saida. 1952 yil.

Oltin yaproqlarni to‘zg‘itgan kuzning

Oydinli tunida uchrashdik ikkov.

Bahor, maysalardan g‘uncha ochgan tong,

Judolik bag‘rimga tashladi olov.

Rasmingga qarayman, g‘amgin va mahzun.

Ko‘zingda yonadi istiqbol nuri

Bilaman, ko‘ksingda qaynaydi hamon

Mehru vafolarning ko‘rki, g‘ururi.

 Said Ahmad. Qamoqdan yuborilgan dilnoma. Jezqozg‘on 3.I.53”.

Shu lahzalarda bir shogird, kitobxon sifatida uchinchi uchrashuvdan o‘zim uchun topganlarim, anglab yetganlarim oldingilaridan o‘n chandon baland ekanini his etdim. Davlatimiz rahbarining bu ajoyib g‘oyani amalga oshirishida chuqur ma’noni anglaganday bo‘ldim. Adabiyot yashasa – millat yashaydi! Adabiyot – millatning ko‘ngli, u qahramonlari so‘zlari, daldalari yordamida qalblarga kirib boradi, insonni mayda-chuyda tashvishlardan qutulib, yuqori manzillarni ko‘zlashga undaydi. Adabiyot insonnning og‘riqlari, ilohiy og‘riqlari. U insonnning yorug‘ orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydigan, o‘quvchiga hayotbaxsh kuch ato etuvchi go‘zal hissiyotlar! Nasr (roman, qissa, hikoyalar) millat tafakkurini, she’riyat tuyg‘usini tarbiyalaydi (Xorxe Borxes). Demak, fuqaroning ma’naviy-ruhiy olami boyisa, o‘zini anglasa, fikrlay (fikrsizlikdan xudo asrasin) boshlasa, g‘ayrati birdan jo‘sh urib, tog‘larni zabt etishga chog‘lansa, o‘zbek oilasida pokiza muhit yaratiladi, ahillik paydo bo‘ladi. Demak, jamiyatga toza ruh kiradi, odamlarda poklanish, tozarish uchqunlari ko‘rinadi. Ovrupoga o‘xshab farovon turmush qurishga bel bog‘laydi, davlatning maqomi, nufuzi ham birdan ko‘tariladi. Millat yuksalish sari yuz buradi...

Hayot murakkab, tilsimli voqealarga juda boy. Said Ahmadga o‘xshagan sabrli va kuchlilarni yoqtiradi hayot. Umr yo‘llari boshida qiyin-qistovli kunlar boshlangani, so‘ng kecha-yu kunduz tinimsiz ijod og‘riqlari ko‘paygani bois, fikri ojizimcha, darveshu oshiqona suhbatlarga to‘ymagan bu ikki sadoqatli rafiqning abadiy suhbatlar qurishiga nihoyat imkon tug‘ilganidan xursand bo‘ldim.

Va, ularning suhbatiga xalal bermaslik uchun ohistagina xiyobondan uzoqlasha boshladim.

Baxtiyor OMON,

adib, siyosiy fanlar doktori (TATU).