Samarqand madaniy hayotidagi unutilmas bir hafta

Yoxud spektaklga chipta olish uchun kasbimdan foydalanganim haqida
Mashhur dialog
“- Meni ko‘proq mana bu savol bezovta qiladi, magarki, Xudo mavjud bo‘lmasa, inson hayotini va umuman bu Borliqni kim boshqaradi?
- Iye, tabiiyki, insonning o‘zi boshqaradi!
- Aybdorman, aybdorman...
- Faqat qiziq, hatto ertangi kuniga kafolat bera olmagan odam qanday qilib hayotini boshqarishi mumkin? Deylik, bir inson erta-indin Kislovodskka otlansa-yu, ammo oyog‘i tramvay relslarida toyinib, boshidan judo bo‘lsa... Buni ham o‘zi boshqargan bo‘ladimi?
- Siz... meni... Kislovodskka otlanganimni qayerdan bildingiz?
- Bu hali hammasi emas... Masalan, bugun kechqurun nima ish qilishingizni bilasizmi?
- Har holda kechqurun nima bilan mashg‘ul bo‘lishim har qachongidan ko‘ra aniq va tiniq. Agar Bronskiyda biron g‘isht-pisht ko‘chib....
- G‘ishtni qo‘ya turing, u sizga xavf tug‘dirmaydi. Siz boshqacha o‘lim topasiz.
- Balki aytib berarsiz?
- Merkuriy ko‘chasida, tramvay yo‘lida boshingiz tanasidan judo bo‘ladi.
- Kim buni amalga oshiradi, dushmanlarimmi? Interventlarmi yoki?!
- Rus ayoli, komsomol qiz...
- Meni kechiringu, bu ehtimoli juda kam bo‘lgan variant. To‘g‘ri, o‘lim haq....
- O‘lim haq, ammo bu fojianing hammasi emas, yomoni shundaki, ba’zida u to‘satdan tashrif buyuradi. Mayli, keling, savolni sal boshqacharoq qo‘yamiz. Xo‘sh, bugun kechqurun aynan nima bilan mashg‘ul bo‘lmoqchisiz?
- O, bu juda aniq: kechki soat o‘nda MOSSOLITning kengashi bo‘lishi kerak va men unda ishtirok etaman.
- Afsuski, buning umuman iloji yo‘q.
- Nega endi?
- Chunki Annushka kungaboqar yog‘i sotib oldi va allaqachon yo‘lga chiqdi va hatto uni to‘kib yuborishga ham ulgurdi. Demakki, yig‘ilish o‘tkazilmaydi.
- Kungaboqar yog‘ining nima daxli bor? Annushkangiz kim o‘zi?
- Gap umuman boshqa joyda shekilli... – gapga qo‘shiladi Berlioz. – Aytingchi, o‘rtoq grajdanin, siz hech jinnixonada bo‘lganmisiz?
- Albatta bo‘lganman!
- Mana aytdimku! – ko‘nglidagilarni ovoz chiqarib aytib yuboradi Berlioz.
- Eh-he, shu paytgacha qayerlarda bo‘lmadim. Darvoqe, yaqinda siz ham u joyning nima ekanligini bilib olasiz....”.
Kishini bir o‘qishdayoq qiziqtirib qo‘yadigan ushbu dialog qaysi asarda kelganini zukko o‘quvchi allaqachon anglagandir.
Volandning Berlioz va shoir Bezdomniy bilan ushbu dialogidan so‘ng asar voqealari tizginsiz jonlanib ketadi. Voqealar rivoji tezlashib, jamiyatdagi bor chirkinliklar, ba’zida oddiy, kezi kelganda fantastik ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.
M.Bulgakovning mashhur “Usta va Margarita” asarining kino shaklida tomoshabinga taqdim etilganiga ko‘p bo‘ldi. Ateistlik majburlangan xudosizlik jamiyati qanday ahvolga kelganini shu davr va zamonda tasvirlash, uni asar holida chop ettirish uchun kamida qahramon bo‘lishi kerak yozuvchi. Samarqandlik tomoshabinlar esa yaqinda mana shu asarning teatrda sahnalashtirilgan ko‘rinishini tomosha qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Rossiyaning Primorsk o‘lkasi M.Gorkiy nomidagi akademik drama teatr jamoasi tomonidan namoyish etilgan spektakllar ichida “Usta va Margarita” ham bor edi.
“Chipta yo‘q!”
To‘g‘risi, spektakl uchun oldindan chipta olib qo‘yishni xayolimga keltirmadim, faqat bir necha kanallar orqali reklama qilingan spektakllar orasida o‘zim kutgan asar qo‘yiladigan sanani eslab qoldim, xolos (bu katta xatoim bo‘lgan ekan.) Belgilangan kuni yarim soat avval viloyat musiqali drama teatrining “Kassa” deb yozib qo‘yilgan darichasi tomon bordim. U yerdan “Bilet yo‘q ekan” deya hafsalasiz qaytayotgan odamlarga ham e’tibor bermadim. Go‘yo men uchun topilib qoladiganday. Ammo chipta yo‘q edi! Spektakl namoyishidan 3-4 kun avval sotib bo‘lingan ekan! To‘g‘risi, bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bergim yo‘q, ammo nima qilish mumkin?! Hech qachon o‘z manfaatim uchun kasbimdan foydalanmaganman, nahotki endi teatrga kirish uchun shu prinsipimga qarshi yo‘l tutsam... Shunday qilishga majbur bo‘ldim! Bir-ikki qo‘ng‘iroqlardan so‘ng, zalning eng oxirgi qatorlaridan biri yonidagi yo‘lakka o‘rindiq keltirib qo‘yishdi, shunga ham xursand edim.
Bu orada spektaklga odamlarning juda chiroyli ko‘rinishda, gullar bilan kelayotganini ham ko‘zdan qochirmadim. Zal to‘la edi, hatto yuqorida ayvonda ham joy yo‘q.
Asarni o‘qiganlar yaxshi biladi, undagi fantastik lavhalar asarga sirlilik va mubhamlik baxsh etishi barobarida, ba’zi bir ko‘rinishlar voqealarni yanada ochib berishga xizmat qiladi. Kinodaku ularni namoyish etish mumkin, ammo teatrda bu sahnalar qanday amalga oshirilar ekan, deya o‘ylay boshladim. Zamonaviy maxsus vositalar, sahna ko‘rinishlari, moslamalar, aktyorlarning kiyinishi – go‘yoki ular kitobdan chiqib kelganday edi. Ikki yarim soat davom etgan spektaklni tomoshabinlar qilt etmay tomosha qilishdi. Ko‘pchilik teatrda telefonda gaplashish, tanovullardan zorlanib gapiradi. Ushbu asar namoyishi davomida kuzatilmadi. Tomoshabin spektaklga shunchalik singib ketgandiki, go‘yo voqealar bunday holatlar ichida yashaganday his qildi o‘zini. Darvoqe, aktyorlarning goh zalning u yoki bu eshigidan chiqib rol o‘ynagani, ba’zi joylarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rindiqlar yonida dialoglarga kirishgani – ularning ham tomoshabinlar bilan hamnafas birga ekanligini namoyon etdi.
“Samarqandliklarday muxlis kam”
Spektakl so‘ngida tomoshabinlar naq 15 daqiqa tik turib aktyorlarni olqishladi. Rostdan ham ijro bunga arzir edi. Keyin bilsam, rossiyalik aktyorlarning Samarqanddagi bir haftalik gastroli davomida har bir spektakl namoyishida teatr tomoshabinlar bilan to‘lgan ekan.
Gastrol yakunida ikki teatr rahbariyati tomonidan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
- Samarqandda bizni qanday kutib olishgani bu juda chiroyli manzara, lekin samarqandlik muxlislarning teatrga e’tibori, san’atga oshuftaligi meni juda hayajonga soldi, - deydi Rossiya xalq artisti, “Oltin niqob” mukofoti laureati Yefim Zvenyaskiy. – Bunday qizg‘in muxlislik, madaniyatli tomoshabin bugun odamlar ijtimoiy tarmoqlaru oldi-qochdilarga mukkasidan ketgan bir paytda noyob hodisaga aylanib bormoqda. Bir hafta davomida to‘liq anshlag va tomoshabinlarning “gastrolni uzaytiring” degan iltimoslaridan boshimiz osmonga yetdi.
Darvoqe, rossiyalik yuzga yaqin san’atkor barcha jihozlaru, dekoratsiyalar bilan Samarqandga kelib, spektakllarni o‘z yurtlaridagi singari sharoitda namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi. Ijodkorlar shuningdek, “Jazda faqat qizlar”, “Muz bo‘ylab yalangoyoq”, “Silva ham, operetta ham emas” kabi spektakllarni namoyish etishdi va barchasi samarqandlik tomoshabinlar tomonidan zo‘r ishtiyoq bilan kutib olindi.
- Teatrimiz bu kabi xalqaro hamkorlikni yanada ko‘paytiradi, bunga yetarlicha sharoit bor, - dedi Samarqand viloyat musiqali drama teatri rahbari Botir Tugalov. –Jamoamiz yaqin oylarda bir necha davlatlarda bo‘lib, repertuarimizdagi spektakllarni namoyish etib qaytishdi. Rossiyalik ijodkorlarning asarlari bunchalik katta rezonans keltirib chiqarishini o‘zimiz ham kutmagandik. Turli tashkilotlar rahbarlari “Spektaklga chipta topib berolmaysizlarmi?” deb iltimos qilishdi, hatto. Bunaqasi yaqin yillarda kuzatilmagandi, to‘g‘risi. Chiptalar asosan onlayn sotildi, qolaversa, bu masala bilan mehmon ijodkorlarning o‘zlari shug‘ullanishdi.
Ayni kunlarda rossiyalik ijodkorlar Farg‘ona sahnalarida o‘z asarlarini namoyish etishmoqda. Ba’zi samarqandlik tomoshabinlar esa “Farg‘onaga borsakmikan?”, deb o‘ylagani mubolag‘a emas.
Ha, san’at millatlaro do‘stlikni, birdamlik, bag‘rikenglikni o‘zida mujassam etadi. Aynan san’at qaysi tilda bo‘lishidan qa’i nazar kishilarni birlashtiradi, ularni ruhlantiradi, bahramandlik orqali kishiga ma’naviy ozuqa beradi.
Gulruh MO‘MINOVA.
***
P/S. Maqola avvalida keltirilgan dialog “Usta va Margarita” asarining teatr sahnasidagi shaklidan olingan.