Call-center orqali bojxonaga 80 ga yaqin murojaat kelib tushdi
Koronavirus pandemiyasi ta’sirida yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, tadbirkorlarni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda xorijdan kelayotgan va xorijga jo‘natilayotgan yuklar yo‘lda to‘xtab qolgan paytda amaliy yordam ko‘rsatish uchun Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan Call-center tashkil etilgan edi.
Ushbu Call-center’ga biriktirilgan mas’ul bojxona xodimlarining 24 soat davomida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining murojaatlarini qabul qilib olishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Agar murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, Call-center orqali tadbirkorlardan shu kunga qadar 80 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
Shundan, tashqi logistika masalalari bo‘yicha 77 ta murojat kelib tushib, unda viloyat hududidagi korxona va tashkilotlarning nomiga tovarlar yuklangan avtotransport vositalari qo‘shni Turkmaniston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya, Azarboyjon va Eron davlatlari hududida turib qolganligini ma’lum qilib, amaliy yordam so‘rab murojaat etgan.
Ushbu murojaatlarning 69 tasi ijobiy hal qilinib, avtotransport vositalari O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan.
Qo‘shni davlatlar hududida qolib ketib, mamlakatimizga kirolmayotgan avtotransport vositalari bilan bog‘liq masalalarni xalqaro aloqalar yo‘li bilan, ya’ni Tashqi ishlar vazirligi orqali hal qilish choralari ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, kelib tushgan murojaatlarning aksariyati mutaxassislar tomonidan qisqa fursatlarda bartaraf etilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlar va jismoniy shaxslarning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning muammolarini bartaraf etish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasida 24 soat davomida (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” uzluksiz ishlab turibdi. Bojxona sohasi bilan bog‘liq har qanday murojaatlar qabul qilinadi hamda murojaatlar o‘z yechimini topadi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.