Tsex mudiriga nisbatan chora ko‘rildi

“Jomboydonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati korxonasiga qarashli “Real baza” urug‘lik donni qayta ishlash sexida o‘tkazilgan nazorat tadbirida urug‘lik g‘allaning “Bezostaya-100” birinchi avlodli urug‘lik don  taglik yog‘och paddonlarsiz saqlayotganligi aniqlandi.

Holat “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan, Adliya vazirligida 2005 yil 29 iyulda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Urug‘lik donni qabul qilish, tayyorlash, dorilash, tarqatish va sifatini nazorat  qilish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan monitoring-tahlil tadbirlarida aniqlandi.

Tadbir davomida urug‘lik donni saralash, tozalash, dorilash hamda qadoqlash bilan bog‘lik masalalarga jiddiy e’tibor qaratildi. Aslida urug‘lik donni saralash, tozalash, dorilash, saqlash va qadoqlash bo‘yicha qat’iy talablar mavjud. Shunday bo‘lsa-da yuqoridagi holat kuzatildi.

Mazkur holat yuzasidan sex mudiriga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, unga nisbatan chora belgilandi.

Boshqarmaning sohaviy inspektorlari tomonidan kelgusida mazkur urug‘lik sexi tomonidan tayyorlanadigan 3 ming 9 tonna urug‘lik donni belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar asosida ishlab chiqarilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi. 

Xushnud NURBEKOV,  

agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori.