Chaplinga soat “sovg‘a” qilgan o‘g‘ri ushlanmadi
Bir kuni Charli Chaplin Nyu-York metrosidan chiqayotib, cho‘ntagi og‘irlashib qolganini sezdi. Qarasa, cho‘ntagida birovning tilla soati bor. Soat qanday qilib uning cho‘ntagida paydo bo‘lganini tushunmay, darhol politsiyaga olib borib topshirdi. Ertasi kuni u noma’lum kishidan xat oldi:
“Hurmatli janob Chaplin! Sizga professional kissavur yozmoqda. Kecha metroda bir janobdan oltin soatini yechib oldim. Biroq sizni ko‘rgach, uni sovg‘a sifatida sizga berishni ahd qilib, cho‘ntagingizga solib qo‘ydim”.
Oradan bir yil o‘tdi. O‘g‘ri ushlanmadi, soat egasi ham topilmadi. Shu sabab politsiya uni Chaplinga qaytarib yubordi. Ammo voqea shu bilan tugamadi.
Gazetalarda bu voqea to‘g‘risida yozilgan edi. Biroz vaqt o‘tgach, Chaplinga ikkinchi xat keldi: “Hurmatli janob Chaplin! Bir yil oldin metroda mening soatimni o‘g‘irlashdi. Gazetalardan qaysidir kissavur soatimni sizga berganini bilib oldim. Soatim sizda qolsin, janob Chaplin. Sizning ajoyib iste’dodingizni kissavurga qaraganda ko‘proq qadrlaganim sababli, soatim yoniga oltin zanjirni ham yuboryapman”.
Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.