Chaplinning qizi Jeraldinaga yozgan xati: Odamlarni kuzat, beva va yetimlarga e’tibor ber!

“Kuniga kamida bir marta o‘zingga “Men ular bilan bir xilman, ulardan farqim yo‘q”, deb ayt. Ha qizaloq, sen ularning birisan! Bundan tashqari, san’at odamga u uchib ketishi uchun qanot bag‘ishlashidan oldin, odatda uning oyoqlarini sindirib qo‘yadi va agar bir kun kelib sen o‘zingni tomoshabindan yuqori his qila boshlasang, darhol sahnani tark et. Yo‘lingda chiqqan birinchi taksiga o‘tirib, Parijning chetidagi shaharlarning biriga borgin. Men u joylarni juda yaxshi bilaman. U yerda sen kabi go‘zal, nafis, shavqli va g‘ururli raqqosalarning ko‘pini uchratasan.

U yerda teatrning ko‘zni qamashtiradigan chiroqlaridan asar ham yo‘q. Oy –  ular uchun yagona chiroqdek yarqiraydi. Yaxshilab nazar sol! Balki, ular sendan yaxshiroq raqsga tushar? Tan olgin, qizim, axir sendan ham yaxshi raqsga tushadigan, sendan ham yaxshiroq o‘ynaydigan kishi, albatta topiladi! Yodingda tut: Charlining oilasida hech qachon izvoshchini koyiydigan yoki Sena daryosi bo‘yida o‘tirgan tilanchini masxara qiladigan qo‘pol odam bo‘lmagan.

Men o‘tganimdan so‘ng yaxshi yashab, hech qachon qashshoqlik nimaligini bilmasdan yashashingni istayman. Ushbu xat bilan senga xohlaganingcha pul sarflashing uchun chek daftarchasini ham qo‘shib yuboryapman. Ammo ikki frank sarflaganingda, uchinchi tanga seniki emasligini o‘zingga eslatib turishni unutma. U senga notanish, lekin unga muhtoj bo‘lgan odamga tegishi kerak. Bunaqangi odamni sen osongina topishingga ishonaman. Gap bu notanish kambag‘allarni ko‘rishni istashingda va ular bilan hamma joyda uchrasha olishingda.

Ularda iblis kuchi borligini bilib turib, men sen bilan pul to‘g‘risida gaplashyapman. Hayotimning ko‘p qismini sirkda o‘tkazdim va har doim dorbozchilar uchun xavotirda bo‘lardim. Senga shuni ham aytib o‘tishim kerakki, odamlar ishonchsiz arqondan pastga qarab qulagandan ko‘ra, tekis yerda yurib qo‘proq yiqilishadi. Ehtimol, mehmonlar uchun uyushtirilgan ziyofatlarning birida olmosning yarqirashi qo‘zingni qamashtirib yuborishi mumkin. O‘sha paytda u sen uchun xavfli arqonga aylanadi va qulashing muqarrar bo‘ladi. Ehtimol, bir kuni seni biron bir shahzodaning chiroyli yuzi o‘ziga jalb qiladi. Xuddi shu kuni sen tajribasiz dorbozchiga aylanasan, tajribasizlar esa har doim yiqiladi. Yuragingni oltin va zargarlik buyumlariga sotma. Bilginki, eng katta olmos - bu Quyosh. Yaxshiyamki, u hamma uchun bir xil porlaydi.

Charli endi qarib qoldi Jeraldina. Ertami-kechmi sahnadagi oq libosing o‘rniga, mening qabrimga kelish uchun motam ko‘ylagini kiyishinga to‘g‘ri keladi. Hozir sening ko‘nglingni g‘ash qilmoqchi emasman. Faqat vaqti-vaqti bilan oynaga qarab qo‘y, u senga mening xislatlarimni ko‘rsatadi. Sening tomirlaringda mening qonim oqadi. Tomirlarimdagi qon sovib qolganida ham otang Charli haqida unutmasligingni xohlayman. Men hech qachon farishta bo‘lmaganman, lekin har doim odam bo‘lishga intilganman. Sen ham shunday qilishga harakat qil!”.

Internet materiallari asosida Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.