Samarqandda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish ahvoli qanday?
2020 yilda viloyatimizda 19 ta korxona tomonidan 6,8 million dollarlik, 2021 yilda 28 ta korxona tomonidan 8,038 million dollarlik charm-poyabzal mahsulotlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilingan. Sohadagi o‘sish sur’ati esa 18,2 foizni tashkil qiladi.
Birgina "POYAFZAL SERVIS-URGUT" MChJ tomonidan 1 million 775 ming AQSh dollarlik poyabzal mahsulotlari qo‘shni davlatlarga sotilgan. Viloyatdagi soha korxonalari tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Moldaviya kabi davlatlar bilan eksport shartnomalari ustida ishlar olib borilmoqda.
Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi kotibiyati hamda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida charm-poyabzal sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirildi.
- Prezidentimizning 2018 yil 3 maydagi “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan soha korxonalariga 2023 yil 1 yanvargacha soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar berilgan, - deydi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alisher Shomirzayev. – Jumladan, foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilingan. Uyushma a’zolari - tashkilotlarning xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishdagi xarajatlarini qoplash, korxonalarda ISO:9001 sifat menejmenti tizimini va boshqa xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish kabi imtiyoz va preferensiyalar berilgan edi. Prezidentimizning 2022 yil 26 fevraldagi “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohada tadbirkorlarni rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yanada keng va yangi imkoniyatlar ochib berdi. Qaror bilan tarmoq korxonalari uchun soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.