Chekka qishloq yoshlari ham muddatidan oldin talaba bo‘lyapti

Bir paytlar shahar markazlarida yoshlarning o‘qishi uchun ozmi-ko‘pmi imkoniyat bor edi. Qishloq o‘g‘il-qizlari esa maktabni bitirib, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira olmasa, tayyorgarlik ko‘rish uchun shaharga talpinardi. Oilaviy sharoiti yaxshilarning farzandi bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin edi, qolganlarining esa orzusi armonga aylanardi.

Bugun holat o‘zgacha. Birgina misol Oqdaryo tumanining chekka hududida joylashgan 13-maktabda 580 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Ularga 50 nafar o‘qituvchi dars berib kelyapti.

- O‘tgan o‘quv yilida 42 nafar o‘quvchi maktabni tugatdi, - deydi maktab direktori Rasul Egamberdiyev . - Ularning 28 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topo‘irdi va 16 nafari talaba bo‘ldi. 6 bitiruvchi grant, 10 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Bu, avvalo, mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor, qolaversa, maktabda faoliyat olib borayotgan to‘garaklar samarasi deb o‘ylayman. Shuningdek, 10 ga yaqin o‘qituvchilarimiz o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega ekanligini ham e’tirof etishimiz kerak.

Nasiba Pardaboyeva shu maktabda 15 yildan beri ona-tili va adabiyot fanidan dars berib keladi. U yoshligidagi qiyinchiliklarni eslab, bugungi yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida shunday deydi:

- Oliy o‘quv yurtiga kirish biz uchun azob edi. Raqobatchi ko‘p edi. Bo‘lgandayam ularning aksariyati nohaq yo‘llar bilan raqiblik qilardi. Imtihonlarda "shpargalka"va telefondan foydalanish, birovning o‘rniga boshqa birov kirish kabi nohaqliklar bilimi bor bitiruvchilarning shashtini susaytirardi. Maktabda yaxshi o‘qigan ko‘pgina tengdoshlarim ana shunday nohaqliklar sabab bir urinishda talaba bo‘lolmagan va qizlar turmushga chiqib ketgan. Yigitlar esa pul topish uchun qora mehnat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan. O‘qituvchi bo‘lgan ota-onam menga yana bir bor imkon bergan, jon-jahdim bilan harakat qilib, ikkinchi urinishda bilimim bilan 130 ball to‘plab, to‘lov-shartnoma asosida talaba bo‘lganman. Hozir shogirdlarimga havas qilaman. Ular hali o‘qishga hujjat topshirmasdanoq, turli sertifikatlarga ega bo‘lib, talaba bo‘lish uchun yetarlicha balni to‘plab qo‘yayapti. Shu yil 4 nafar o‘quvchim ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, maktabni bitirmasdan o‘qishga kirish uchun yetarlicha balni qo‘lga kiritdi.

Ha, bugun chekka qishloq yoshlari uchun ham yetarlicha sharoit bor. Bunday imkoniyatlardan foydalangan o‘quvchilar muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lyapti. Bunda esa ularga ta’lim berish uchun o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan,  fidoyi ustozlarlarning o‘rni alohida.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (video).