Chet elliklarda “COVID-19” aniqlansa respublika hududiga kiritilmaydi
AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Botir Qurbonov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda “SOVID-19”ga qarshi kurash doirasida qilinayotgan ishlar, emlash jarayonidagi muhim vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Respublika hududiga koronavirus infeksiyasining chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida joriy yil 20 iyuldan boshlab O‘zbekiston chegarasidan avtoyo‘l chegara o‘tkazish punkti orqali kirib kelayotgan shaxslarni o‘z mablag‘lari hisobidan chegara o‘tkazish punklarida ekspress antigen test usulida tahlil topshirishlari va manfiy natija qayd etilgan holdagina respublika hududiga kiritilishiga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, avtoyo‘l chegaralarida ekspress antigen test tahlilida musbat natija qayd etiladigan bo‘lsa chet el fuqarolari yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar respublika hududiga kiritilmaydi. Bunda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan va O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mustasno sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yashashga ruxsat berilgan fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlanganda “COVID-19” bo‘yicha tashkil etilgan maxsus shifoxonalar yoki kasallik darajasiga ko‘ra uy sharoitida davolanishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, So‘x tumani, Shohimardon, Cho‘nqara, Toshtepa aholi punktlarida chegara hududlaridagi avtotransport chegarasi alohida hudud deb yuritilib, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tranzit tarzda borayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan koronavirus infeksiyasiga barcha turdagi test tahlillarini topshirish talab etilmaydi.
Mazkur tartib alohida hududlarga kirib-chiqayotgan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolariga tadbiq etiladi.
Har kuni ishga qatnayotgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlari o‘rtasida kunlik qatnab, faoliyat amalga oshirayotgan shaxslarga alohida imtiyoz berildi.